Rossiyaning “Zvezda» telekanali “Novosti dnya” ko`rsatuvi boshlovchisi Denis Kochanov ko`rsatuv yakunida, jonli efir vaqtida o`zining sevgan yoriga turmushga chiqish taklifini bildirib, uning qo`lini so`radi, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.
Jurnalist ijobiy yangiliklar etishmayotganini aytib, bunday xabarni o`zi “qo`shishga” qaror qilgan. U shuningdek teletomoshabinlar uni qo`llab-quvvatlashlariga umid bildirgan.
“Men bugun jonli efirda butun mamlakatga o`z sevgan yorimga taklif bildirmoqchiman, ishonamanki, u meni ko`rmoqda. Stepanova Margarita, menga turmushga chiqasanmi?”, deb so`ragan Denis tizzasiga o`tirib, uzuk solingan qutichani ochgan.
“Javobingni kutaman. Umid qilamanki, “Ha” deb javob berasan!”, deb qo`shimcha qilgan boshlovchi.
Denisning yori uni uzoq kuttirib o`tirmadi va uning taklifiga roziligini Instagram ijtimoiy tarmog`i orqali bildirdi.