«Azizam», «Go`dak nolasi», «Birinchi muhabbat» nomli qo`shiqlari bilan muxlislar e`tiboriga tushgan san`atkor Masrur USMONOVni ko`pchilik o`ta takabbur inson deb o`ylaydi. Tashqi ko`rinishidagi jiddiylik ham buni isbotlayotgandek go`yo. Biroq bugungi suhbat u haqidagi ayrim fikrlarni chipakka chiqardi. Loyiha an`anasiga ko`ra ikkinchi ishtirokchi, yosh xonanda Rasul USMONOV akasi to`g`risida ayrim sirlar bilan ham o`rtoqlashdi. Xullas, “Sug`diyona” gazetasi ijodkori tomonidan «Duet» tarixida ilk bor soat 08:00 da boshlangan qiziqarli va hayajonli suhbati kutilmagan voqealarga boy bo`ldi.
— Masrur aka, sizni iqtisodiyot sohasida tahsil olgan, deb eshitgandim. San`at olamiga qanday kelib qoldingiz?
Masrur Usmonov: — Bolalagim Toshkentning Birlik mahallasida o`tgan. Ertalablari issiq non va qaymoq olib kelish uchun otam bilan Ko`kcha bozoriga borardik. O`sha paytlari xonanda Doniyor Toshmuhamedovning ashaddiy muxlisi edim. Buni qarangki, sevimli san`atkorim ham aynan biz qaymoq oladigan joyga borardi. Har safar u kishini uchratib qolganimda, qattiq hayajonga tushardim. Bir safar azonlab qaymoqqa deb chiqib ketganman-da, Doniyor akani uchratib qolib, izidan qolmay yuraverganman. Shu tariqa soat kechki etti bo`lib qolganini ham sezmaganman. Uyga kelganimda esa yaxshilab qulog`imdan cho`zib qo`yishgan. Bu san`atkor konsert bersa 51-52-o`rindiqlar hamisha men va do`stimniki bo`lardi. Hozir shularni eslasam, san`atga qiziqishim bolaligimdan paydo bo`lganini ko`raman. Maktab tadbirlarida har doim faol qatnashardim. Ulg`ayib Sharqshunoslik instituti talabasiga aylanganimdan keyin ijodga bo`lgan ishtiyoqim yanada oshdi. Men kabi san`atsevar yigit-qizlardan iborat guruhimiz bo`lardi. Institutda biror tadbir bo`ladimi yoki badiiy kechami, albatta, ishtirok etardik. Sahna ko`rinishlari, kuy-qo`shiqlar tayyorlardik. Quvnoqlar va zukkolar tanlovida «Qaysarlar» nomli jamoamiz bilan qatnashardik.
— Xo`sh, o`qishni tamomlagach, nahot mutaxassisligingiz bo`yicha faoliyat yuritish haqida o`ylamadingiz? Bilishimcha, magistraturada ham tahsil olgansiz?..
Masrur: — Ha, magistratura bosqichini ham tamomladim, ma`lum muddat nufuzli tashkilotlardan birida ham ishladim. Ammo yurak qurmag`ur ijod zavqida yondirib tinchlik bermasdi. Ertalab soat 08:00 dan kechki soat 18:00 gacha bir xonada o`tirib ishlash meniki emasligini tushundim. Ishdan bo`shash haqida ariza bilan raxbarimning oldiga kirganimda, sababini so`ragan, «Kuylamoqchiman» deganimda esa avvaliga hayron bo`lgan, so`ng «Omadingni bersin!» deya tilak bildirgandi.
— Qaroringizdan afsuslanmadingizmi keyin?
Masrur: – Bilasizmi, rahbarim ham shunday degandi. «Bu kunni eslab qol...» deya. Ishim haqiqatan ham yaxshi edi, hatto ko`pchilik orzu qiladigan soha desam ham bo`ladi. Lekin meniki emasdi-da bu, qandoq qilay?! Bir marta yashaydigan hayotda sevgan kasbing bilan shug`ullanmasang, boshqa bunday imkoniyating bo`lmaydi-ku?!
— Demak, tavakkal qilgansiz?
Masrur: — Balkim... Lekin tavakkal qilayotganimni o`zim anglab etmaganman. Falonchiga o`xshagan qo`shiqchi bo`lsam, sarmoya topsam, degan xayollar umuman bo`lmagan, faqat kuylagim kelardi. Ana shu ishtiyoq bilan yonardim. Bilmadim, buni so`z bilan qanday ifodalash mumkin. «Go`dak nolasi» nomli qo`shig`im havola etilganidan so`ng bo`lib o`tgan voqealar tanlagan yo`lim xatomasligiga ishonchimni oshirdi.
— Aynan qaysi voqealarni nazarda tutayapsiz?
Masrur: — Qo`shiqqa ishlangan klip muxlislar e`tiboriga havola etilgach, «Mehribonlik uyi» tarbiyalanuvchisi bo`lgan bolalardan biri qo`ng`iroq qilib «Oyim meni olib ketayapti, amaki», degan. Bir oila tomonidan farzandlikka olingan qizcha ham sim qoqqan, yangi oilasi haqida so`zlab bergandi... (ko`zlari yoshlandi). O`sha qizaloqning so`zlari hamon qulog`imda ostida jaranglab turadi.
— Sizlar haqingizda surishtirganimda «Aka-ukalarning ahilligiga havasingiz keladi», deyishdi. Adashmasam, oilada besh o`g`il va bir qiz farzandsizlar?..
Masrur: — Ha! Aka-ukalar o`zaro ahil-inoqligimiz ota-onamizning tarbiyasi mahsuli. Men oilada ikkinchi o`g`ilman. Agar dunyoda ikkita yaxshi aka bo`lsa, shulardan bittasi mening akam! Har qanday vaziyatda u kishiga suyanib kelganman. Mehri, e`tiborini sira ayamaydi. Kichikligimizdan «Akaga qattiq gapirilmaydi, hurmat qilish kerak, uka xato qilsa, kechirish, yo`lga solish lozim», deb uqtirishgan.
— Rasul oilada nechanchi farzand?
Masrur: — Rasul, to`rtinchi farzand. Undan keyin singlim va kenjatoy ukamiz bor. Aslida xonandalik faoliyatini mendan avval ukam boshlagan. O`zing ayt, Rasul.
Rasul Usmonov: — To`rt yasharligimdan to`ylarda ashula aytardim. Qarindoshlar, qo`ni-qo`shnilarnikida to`y-xasham bo`lsa, olib chiqib ketishardi-da, stulning ustiga chiqarib qo`yib mikrafonni tutqazishardi. O`rta maktabni tugatganimdan so`ng musiqa kollejining maqom yo`nalishida o`qidim. Qariyib ikki yildan buyon ijod qilib kelayapman.
Masrur: — Ilk bor 2014 yil bo`lib o`tgan yakkaxon konsert dasturimda birgalikda duet kuylaganmiz va ukam ustoz san`atkorlarning qo`shiqlaridan tuzilgan terma taronani ijro qilgandi. Nasib qilsa, kelasi yil Rasul uchun ijodiy parvozlarga boy bo`lishini niyat qilayapmiz.
— Akangizga qanday ta`rif berasiz, Rasul?
Rasul: — Rostini aytsam, uch akam ichida ko`proq Masrur akamdan hayiqib turaman. Ko`z qarashlarining o`zidanoq vahimaga tushib qolaman. Bordiyu biror ishim bilan ranjitib qo`ysam, kechirmaydi. Shuni bilganim uchun ham qo`rqib turaman. Katta akam esa ko`ngilchan inson, xato qilsam ham, kechirishlarini bilaman.
Masrur: — Qo`rqaman deb, meni johil odamga chiqarib qo`ydingu (kulgu ko`tarildi).
Rasul: — Yaxshi bo`lgin deb tergaysiz, aka, bilaman.
Masrur: — Ha, yasha! Sohamizning past-balandliklari o`zingizga ayon. Kimdir ko`rinmas ip bilan boshqarib turmasa, bo`lmaydi. Ukamga yaxshi bo`lsin, xato qilmasin, qoqilmasin, to`g`ri yo`ldan adashmasin, deb tergab turaman. Kimningdir nazorati, diqqatida ekanligingizni bilsangiz, o`zingiz ham xato qilishdan tiyilasiz.
Rasul: — Akam hamisha «Qanday kasbda bo`lmasin, o`z ustingda ishlasang, izlansang, muhimi, maqsading aniq bo`lsa, moddiy tarafdan qiynalmaysan», deb aytadi.
Masrur: — Asosiysi, maqsad bo`lishi kerak. Oilamiz azaldan tadbirkorlik bilan shug`ullanib keladi. O`zim ham kichik tabdirkorlik faoliyatini yo`lga qo`yganman. Agar ishimni kengaytiraman desam, mutaxassisligimdan kelib chiqib, amalga oshiradigan loyihalarim bor. Ammo maqsadim bu emas-da, shunga ham sarmoya orttirishga mukkasidan ketmaganman.
— O`zingizdan qolar gap yo`q, shou-biznesning ayrim yozilmagan qonunlari, g`irromliklari bor. Ukangizni fikridan qaytarish niyati bo`lmadimi?
Masrur: — Qarshingizdan chiqadigan to`siqlardan qo`rqsangiz, manzilinngizga etolmaysiz, tubi ko`rinmasdek tuyulgan «dengiz»lardan cho`chisangiz, qirg`oqqa oyoq qo`yishingiz hamon g`arq bo`lasiz. Muammo faqat shou-biznesda bor, deysizmi? To`g`ri, bizni kasbda nisbatan ko`proqdir, lekin qiyinchilikdan xavfsiragan odam hech qachon niyatiga erishmaydi. G`irromlikka kelsak, hammaning o`ziga insof bersin. Ukamni fikridan qaytarmaganman, iste`dodi borligini bilganim uchun ishonch bildirganman. Gapiradigan odam uchun bahona topilaveradi. Shaxsan o`zimda bunday voqealar ko`p bo`ladi.
— Gapiruvchilarga javob berasizmi yoki?
Masrur: — Albatta, imkon qadar fikrimni to`g`ri etkazishga harakat qilaman. Shunchaki o`tib ketmayman. Bir safar «Nega kliplaringizda faqat ukangiz chiqadi?» deyishdi. Rasul san`at sohasida o`qigan, buning ustiga, qiyofasi kadrga mos, aktyorlik mahorati bor, shunday ekan nega uni taklif qilmasligim kerak? «Yodingdami» qo`shig`i uchun klipni suratga olish uchun tayyorgarlik ko`rayotganimizda naq uch kun aktyor izlaganmiz. Ssenariyga mos keladigani chiqmayotganidan xomush tortib, telefonimni titkilab o`tirganimda Durdona To`laganova Rasulning rasmini ko`rib qolib, «Kim bu yigit?» degan. «Ukam» desam, «Shuni olamiz», deb aytgan. O`zining ukasini olib chiqmoqchi deyishlaridan cho`chib, iymanib turgandim o`shanda. Durdona opaning taklifi bilan Rasul rol ijro etgan.
— Bu Rasulning ilk debyut roli shundaymi?
Rasul: — Ha, ilk bor suratga tushishim edi. O`shanda endigina harbiy xizmatdan qaytgandim. Akam «Klipda suratga tushasan» deganida, avvaliga hayajon bosdi, «Bunday ko`rinish menga yarasharmikan», deb o`yladim, qolaversa, akamning qo`shig`i. Boshqa san`atkor bo`lganida-yu balkim cho`chimasdim, ammo Masrur akamning o`zi kuzatib turganigami, elkamdagi mas`uliyat katta edi.
— Keyingilarida hayajonni enga oldingizmi?
Rasul: — «Yodingdami» qo`shig`ining davomi sifatida «Birinchi muhabbatim» taronasiga klip ishlandi. Unda ham suratga tushdim. So`ng akamning yana bir nechta qo`shiqlariga ishlangan videoasarlarda rol o`ynadim. Ammo aktyor bo`lish fikridan yiroqman. Filmlarga taklif qilishgandi, rad etdim. Mendan professional aktyor chiqmaydi, chunki xonandalikni tanlaganman.
Masrur: — Bolaligida Rasul alla tinglashni yaxshi ko`rardi. Esingdami, onamdan «Yana aytib bering», deb so`rayverarding?
Rasul: — Ha, to`rt yoshlarimgacha alla tinglamasdan uxlay olmasdim.
— Masrur aka, «O`pasim galdi» qo`shig`ining yaratilishi haqida bir gapni eshitgandim. So`zlarni shevada talaffuz qilishni o`rganishingizga xorazmlik bir qiz yordam bergan ekan?..
Masrur: — Qaerdan bildingiz?
— Uzumini eng-u, bog`ini so`ramang deyisharmidi?..
Masrur: — Xorazm shevasida qo`shiq kuylash uchun xorazmliklarga xos iboralar, talaffuz bilan tanishmasam, bo`lmasdi. Shuning uchun xorazmlik bir singlimizdan shevada so`zlashishni o`rganganman. Ammo rostini aytaman, «O`pasim galdi» deb kuylashdan uyalgandim. Har xil qarash bo`ladi, odamlar nima deydi, deya hadiksiraganman, qo`rqqanman desam ham bo`ladi. Ammo xorazmliklar bilan gaplashganimda «Agar qo`shiqda biror bir qochirim bo`lmasa, xorazmcha ashula bo`lmaydi» deyishgach, kuylashga rozi bo`ldim. Bu so`zni ishlatish uchun bir yarim yil o`ylandim. Oxiri «Shu so`zni ishlatmasang, yaxshisi, xorazmcha kuylama» deyishgach, tavakkal qildim.
— Shu qo`shiqdan so`ng san`atkorlar orasida xorazmcha taronalar urf bo`ldi. Go`yo buni bila turib boshlab bergandeksiz?..
Masrur: — O`n yillik ijodim davomida «O`pasim galdi» yagona xorazmcha qo`shiq. Repertuarimda aynan shunday tarona yo`qligi uchun ham xorazmcha kuylashni maqsad qilgandim. Haqiqatan ham bu qo`shiqdan so`ng xorazmcha ashulalar ko`payib ketdi. Buni o`zimga ham aytishdi.
— Akangizning ijodini yaxshi bilasiz. Sizning-cha, yuragiga yaqin bo`lgan taronasi qaysi, Rasul?
Rasul: — «Azizam» va «Yodingdami» qo`shiqlari bo`lsa kerak. Akam repertuaridagi ashulalarning salkam to`qson foizini o`zi yozgan. Ko`cha-ko`yda yursak, qaysidir insonni ko`rib ta`sirlanadi-yu, shu zahoti xayoliga kelganini qog`ozga tushiradi. Masrur akamning ana shu odatiga tan beraman.
— Siz-chi, Masrur aka ijrosidagi qaysi qo`shiqqa ko`ngil bergansiz?
Rasul: — «Yodingdami» taronasi, garchi ashuladagi kabi voqealar hayotimda ro`y bermagan bo`lsa-da, qattiq ta`sirlantirgan.
— Bir necha oylar ilgari «Labzi halollar» nomli qo`shig`ingizni eshitib qoldim. Dolzarb mavzuni ko`taribsiz?..
Masrur: — Hech qaysi mavzu shunchaki qo`shiqqa aylanmaydi. Taronani yozishdan avval bir qancha voqealarni eshitdim, guvohi bo`ldim. Kimdir do`stining va`dasida turmaganidan, boshqasi moddiy tomondan ziyon etkazib qo`yganidan, aldanib qolgani-yu oqibat yo`qolib borayotganidan achchiqlanib, ozorlanib gapirdi. Men labzsiz degan nomdan juda qo`rqaman, chunki bilib-bilmay xo`lu quruq baravar yonib ketishi mumkin. Ko`rgan-bilganlarim, qolaversa, o`zimning boshimdan kechirganlarimdan kelib chiqib, «Labzi halollar» ashulasi yaratildi.
— Yaqinlaridan pand egan insonning kimgadir yana ishonch bildirishi qiyin ish...
Masrur: — To`g`ri, shu qo`shig`im chiqqanidan so`ng «Mening dardimni kuylabsiz», deganlar bo`ldi. Kimdir taronaning naqoratini «kesib» olib, falon do`stimning telefoniga o`tkazib berdim, eshit deb, dedi. Yana kimlardir telegramdan yubordim do`stimga, zora tushunsa ham deyishdi. So`zidan tonib yurganlarning ayrimlariga qo`shiq ta`sir qildi, balkim o`zi uchun xulosa chiqarib ham olgandir.
— «Labzi halollar» nomli film ham suratga olindi. Bir yil yil avval siz bilan uchrashganimizda «Men faqat prodyusserlik ishlariga bosh-qoshman, rol o`ynamayman», degandingiz.
Masrur: — Vaholanki, bosh rolni o`zingiz ijro etdingiz demoqchisiz-da?
— O`shanda fikringiz o`zgarar balkim deganimda, «Yo`q» deya javob bergandingiz, mana aytganimdek bo`libdi-ku?..
Masrur: — Film rejissyori Shuhrat Nuraliev bilan maslahatlashib, bir qancha aktyorlarni jalb qildik. Kartina syujeti uchun boshimdan kechirganlarim, qolaversa, guvohi bo`lgan voqealarni so`zlab berganimda rejissyorimiz «Bosh rolni o`zingiz o`ynaysiz, chunki butun borlig`ingiz bilan shu dardda yonayapsiz», dedi. «Odamlar gapirsa-chi, birkami endi rol o`ynashi qolgandi», deb cho`chidim avvaliga, lekin Shuhrat fikrimni o`zgartirdi «Gap-so`zlarni o`ylamang, mahoratingizni ko`rsating tamom», deya. Shundan so`ng rozi bo`ldim. Ham film prodyusseri, ham bosh rol ijrochisi sifatida ishladim.
— Tanangizni yondirgan, qalbingiz halovatini o`g`irlagan dardni chiqarib yuboroldingizmi rolingiz orqali?
Masrur: — (o`ylanib) Yo`q... Men gina-qudratni saqlamayman, ammo siz aytayotgan dard qo`yib yuborganicha yo`q. Bilasizmi, premera kuni chiroq o`chganidan so`ng sekin tomoshabinlar orasiga kirib o`tirdim. Yonimda o`tirganlardan kimdir yig`layotgandi. Qahramonimni do`stlari tashlab ketadi, qiyin vaziyatda ko`ngil qo`ygani yuz o`giradi, bular mening hayotim emas, ammo qaysidir lavhalari qisman men bilan bog`liq.
— Suhbat yakunida qalbingiz hech qachon ozor chekmasligini tilab qolaman. Ijodingizning rivojini bersin!
Masrur: Rahmat!
Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi
Fotomuxbir: G`ayrat UBAYDULLAEV