AsosiyShou-biznes

​JASUR UMIROV OSMONGA QARAB KUYLAShI, KO`P MA`MUR ALMAShTIRIShI VA KUZDA UYLANAYoTGANI HAQIDA(EKSKLYuZIV)

'​JASUR UMIROV OSMONGA QARAB KUYLAShI, KO`P MA`MUR ALMAShTIRIShI VA KUZDA UYLANAYoTGANI HAQIDA(EKSKLYuZIV)'ning rasmi

Jasur Umirovni biroz qo`rs va dimog`dor deyishadi. Ammo ko`nglini topa olsangiz, undan yaxshigina suhbatdosh chiqishi mumkin.O`z qarashlari, dunyosi va haqiqati bor xonanda "Darakchi" gazetasi uchun intervyu berdi.

Jasur, suhbatimizni siz haqingizdagi so`nggi gap-so`zlarga aniqlik kiritishdan boshlasak...

— Men haqimda yana qanday gap eshitdingizlar (kuladi)?

—Aytishlaricha, to`y yaqin ekan...

— To`g`risini ayting, qanday qilib hamma narsadan boxabar bo`lib yurasiz-a? Sizlardan hech narsani sir saqlab bo`lmaydi-ya (kuladi). Nima bo`lganda ham qoyil, bu xabarni hatto yaqinlarimizga ham aytmagandik. Faqat oilaviy kelishib, onam sovchilikka yurganlari rost.

— Demak, taxminlarimiz rost ekan-da...

— Ochig`ini aytsam, ikki-uch yildan buyon uylanish haqida jiddiy bosh qotirib yurgandim. Ammo, to`g`risi o`zimga ma`qul keladigan qiz topolmayapman. Lekin onam menga bergan muddat tugay deyapti, injiqlik qilmasdan tezroq qaror qabul qilishim kerak. Ya`ni shu yilning kuzida uylanaman.

— To`y oylari aniq ekan, demak, qiz ham topilgan, nega yashiryapsiz?

— Bu haqida to`liq gapirmayotganimga birgina sabab — o`zimiz ham aniq xulosaga kelganimiz yo`q. Sovchilikka bordik, qizni ko`rdik, hozir u tomonning javobini kutyapmiz.

Jasur Umirov urf-odatlarimizga xos, sovchilar orqali umr yo`ldosh tanlar ekan-da?

— Haqiqiy muhabbat to`ydan keyin bo`ladi, deb bejizga aytishmagan-ku. Biroq shunday bo`lsa ham birinchi o`rinda o`zimning ko`nglimga quloq tutaman. Onam menga ko`rsatgan qiz, albatta o`zimga ham yoqishi shart. Agar yuragim jiz etsa, bo`ldi. Masala hal! Men tanlagan qiz xoh chiroyli, xoh xunuk bo`lsin, birinchi o`rinda o`zimga yoqishi kerak. Hayotda, tashqi ko`rinish birinchi o`rinda emas, deb bilaman.

— Ijodingiz haqida ham gaplashsak. So`nggi ikki-uch yildan buyon taqdim etayotgan konsert dasturlaringiz tanqidlarga uchrayapti...

— Odamlarning fikrlari o`zimga ham etib keldi. Lekin men ham har bir ijodkor kabi doim yaxshi ishlashga harakat qilaman.

— Siz haqingizda “Konsertga tayyorgarliksiz chiqadi” degan gaplar ko`p bo`ldi. Shularni inobatga olsak, balki, o`zingizda mas`uliyat kamaygandir...

— Bir yil oldingi konsertimga, haqiqatdan ham kam repetisiya qilgandim. Sababi, o`shanda viloyatlardagi uchrashuv va xizmatlarga chalg`ib, tayyorgarlikka vaqtim etmagan. Va bundan o`zim ham juda afsuslanganman. Tomoshabinlar oldida uyalib qolgandim, o`shanda. Ammo bu yilgi dasturda barcha kamchiliklarni bartaraf etish harakatidaman. Rejamizga ko`ra, noyabr oyida konsert beraman.

— So`nggi vaqtlarda yordamchi va ma`murlarni ko`p o`zgartiryapsiz...

— Ming afsus, “administrator” deganlari sodiq bo`lmas ekan. Ishni boshida o`zini yaxshi ko`rsatib, qo`liga pul tushsa, boshqa odamga aylanib qolishadi. Yoki menga faqat shundaylari uchrayaptimi, bilmadim. Xullas, ijodimni boshlaganimdan beri beshta ma`mur almashtirdim, chog`i.

— Bugun ko`pgina hamkasblaringiz, akasi, ukasi bilan hamkorlik qiladi. Nega siz akangiz bilan ishlamaysiz?

Bu taklifni akamga juda ko`p marta aytganman. Ammo u men bilan ishlashni istamaydi. “Ko`cha-kuyda seni ortingdan turli gap-so`zlarni eshitsam, o`zimni tutib turolmayman. Sen bilan ishlasam, ularga yana bir qadam yaqin bo`lib qolaman. Keyin esa muammo ko`payadi” deydi doim.

— Qo`shiqlaringiz engil mavzularda bo`lsa ham yoshlar orasida tez ommalashadi. Buning siri nimada deb o`ylaysiz?

— Bilasizmi, qo`shiqlarimda murakkab mavzularni emas, ayni vaqtda xalq orasida yurgan gap-so`zlarni kuylashga harakat qilaman. Balki shuning uchun ham yoshlarga yoqayotgandir... Bundan tashqari zamonaviy musiqadan hadeb jiddiylik axtaraverish ham to`g`ri emas. Hayotda shundoq ham muammolar ko`p. Biz esa qo`shiqlarimiz bilan ularni chalg`itib, odamlarga yaxshi kayfiyat berishimiz kerak.

— Ijodingiz davomida umuman duet qo`shiq kuylamagansiz. Nega?

Birov bilan hamkorlikda ishlashni yoqtirmayman. Balki yillar o`tib meni “O`zbek shou-biznesida bir marta ham duet kuylamagan xonanda” deb tilga olishar. Chunki kelajakda ham hech kim bilan duet kuylash niyatim yo`q. (kuladi).

— Yillar o`tgandan keyin ham o`zingizni shu sohada ko`ra olyapsizmi?

— Albatta, hatto hozirgi yo`nalishda kuylashimni ham bilaman. Faqat qo`shiqlarim yoshimga mos, jiddiy, mavzularda bo`ladi.

— Bugun aksariyat hamkasblaringiz san`atdagi faoliyatidan tashqari qo`shimcha daromad manbaini ham yo`lga qo`ygan. Sizni ular qatoriga qo`shishimiz mumkinmi?

— Shu kungacha san`atdan boshqa biror sohada o`zimni tasavvur etib ko`rmaganman. Ammo kelajakda qo`shimcha ish ochish niyatim yo`q emas. Kelajakda kichikroq prodyuserlik markazi ochib, yosh xonandalarni qo`llab-quvvatlash niyatim bor.

— TV, radio yoki gazetalarga intervyuga chaqirishganda birinchi bo`lib xayolingizdan nimalar o`tadi?

— O`zim muxlis bo`lib san`atkorlarning intervyularini maroq bilan o`qigan paytlarimni eslayman. “10-15 yil avval, men ham uyda san`atkorlarning suhbatlarini o`qib, havas qilardim. Bugun esa o`zim ular kabi bo`ldim, orzularim ushaldi” degan o`ylar o`tadi. Shuning uchun ham imkoniyatim va vaqtim bo`lsa, albatta jurnalistlar bilan uchrashaman.

— O`sha paytda hamkasblaringizdan kimning intervyusi yodingizda qolgan?

— Jahongir Otajonovning gaplarini hali-haligacha eslayman. O`shanda “Konservatoriyada mendan yaxshi kuylaydigan talaba yo`q” deb maqtangan edi. O`ziga bo`lgan ishonchning kuchliligi meni qoyil qoldirgan.

— Har bir insonda biror-bir narsadan uyalish hissi bo`ladi. Ya`ni, kompleks. O`zingizda shu holatni kuzatganmisiz?

— To`y va xizmatlarga kirib kelishga juda uyalaman. Hammaning e`tibori menda ekanini sezsam, o`zimni qo`yishga joy topolmay qolaman. Shuning uchun to`y, konsert va tadbirlarda, ko`pincha osmonga qarab qo`shiq kuylayman (kuladi)

— Fikrlaringizni har doim ham to`liq bayon eta olmasligingizni sezganman...

— To`g`ri, bu odatim ham yo`q emas. Bunga aytayotgan gapimni hamma ham men istagandek tushunmasligini sezib turganim sabab bo`lsa kerak.

— O`ylaganlaringizni to`g`ri va boricha etkazib berish uchun so`z boyligi kerak, buning uchun esa ko`proq kitob o`qish lozim. Bu haqida hech o`ylab ko`rmaganmisiz?

— Tan olib aytaman kitob kam o`qiman. Va bu mening eng katta kamchiligim. Lekin sekin-sekin bu narsani bartaraf etishga harakat qilyapman.

— Ijtimoiy tarmoqda sizni e`tiboringizni tortgan voqealar haqida gaplashsak...

— So`nggi vaqtlarda bir narsa diqqatimni tortdi. Bugun odamlar internetga, qaysidir san`atkorning hayotini bilish uchun emas, siyosiy va ijtimoiy hayotimizdagi o`zgarish va yangiliklarni bilishga kiradigan bo`lishgan. Ko`pchilik yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlardan bexabar qolmaylik degan maqsadda kirishyapti. Shaxsan o`zimni 23 yashar yigitning vazir o`rinbosari etib tayinlangani e`tiborimni tortdi. Chunki Alisher Sa`dullaevning Xalq ta`limi vazirining o`rinbosari etib tayinlangani Prezidentimizning biz yoshlarga bo`lgan ishonchini bildirdi. Har birimiz ularning ishonchlarini oqlashimiz shart!

Bundan tashqari, bir necha oy oldin o`qituvchisining ustidan kalaka qilib kulayotgan talaba qizning videosini ko`rib juda jahlim chiqdi. Yoshgina qiz otasi tengi insonga gapirayotgan gaplari aqlga sig`maydi. O`qituvchi ko`z nurini, asablarini sarflab o`quvchilarga dars bersa-yu, uni videodagi kabi o`quvchilar hurmatsiz qilsa... Bu nima degan gap?! To`g`ri, o`zim ham yosh bo`lganman, vaqtida sho`xlik qilib o`qituvchilarning jahlini chiqarganman. Ammo hech qachon ularning ustidan kulgan emasman. “Ustoz otangdek ulug`” deb bekorga aytishmaydi-ku.

Ota-onalar ham bolalar nazoratini ko`zdan qochirmasligi kerak. O`smir yoshlar esa mehnatdan qochmasa, eng avvalo ota-onasini o`ziga do`st deb bilsa, nazarimda hech qachon to`g`ri yo`ldan adashmaydi...

YaNGILIK

— Yangi qo`shig`imiz tayyor. “Avaz” deb nomlangan qo`shiqni bir yo`la klipi bilan muxlislar e`tiboriga havola etmoqchiman. Klipmeyker Narimon Sultonxo`jaev bilan komediya janrda videorolik ishladik.

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar