O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma olti yilligi munosabati bilan bir qator soha xodimlari Prezident Shavkat Mirziyoev farmoniga ko`ra faxriy unvonlar va ordenlar bilan taqdirlandi. Bu haqda O`FF matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ular orasida O`zbekistonda 2016 yilning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan “Nasaf” futbol klubi bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdiev ham bor. 45 yoshli mutaxassis “O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Ma`lumot uchun, Ro`ziqul Berdiev 2008–2011 yillarda “Nasaf” murabbiylar shtabida assistent, 2012 yildan buyon esa bosh murabbiy lavozimida ishlab kelmoqda. Ro`ziqul Berdiev Qarshi klubi ishlab kelayotganidan buyon jamoa bir marta mamlakat vise-chempioni (2011), 6 karra bronza medali sohibi (2009, 2010, 2013, 2014, 2015, 2016), O`zbekiston Kubogi (2015) va Superkubogi (2016) g`olibi hamda OFK Kubogi (2011) sohibi bo`lgan.