21.11.2013 14:44
9 oyda yosh oilalarga 285,5 mlrd so`m kredit ajratildi
Bugungi kunda tijorat banklari kichik biznes sub`ektlarini, ayniqsa, ta`lim muassasalarini bitiruvchi yoshlarning biznes rejalarini imtiyozli shartlarda kreditlash, oilaviy tadbirkorlikni moliyaviy qo`llab-quvvatlash masalalariga katta e`tibor qaratmoqda.
Ayni damda yoshlar va yosh oilalarga ipoteka, iste`mol va ta`lim kreditlari, shuningdek yosh tadbirkor, hunarmand va fermerlarga moliyaviy ko`mak berishni tartibga soluvchi 15 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Bank tizimida yoshlarni qo`llab-quvvatlash bo`yicha amalga oshirilgan keng ko`lamli chora-tadbirlar natijasida 2008-2012 yillar davomida yosh oilalarga 643,9 mlrd. so`m miqdorida ipoteka kreditlari, 287,7 mlrd. so`m miqdorida iste`mol kreditlari, shuningdek 103,0 mlrd. so`m miqdorida ta`lim kreditlari hamda yosh tadbirkor, hunarmand va fermerlarga 1,6 trln. so`mdan ziyod kreditlar ajratildi.
Ta`kidlash joizki, 2008 yilga nisbatan taqqoslaganda 2012 yilda yosh oilalarga taqdim etilgan ipoteka kreditlari hajmi 3,1 barobar, iste`mol kreditlari hajmi 2,3 barobar, ta`lim kreditlari hajmi 11,3 barobar hamda yosh tadbirkor, hunarmand va fermerlarga ajratilgan kreditlar hajmi 2,9 barobar o`sgan.
Qayd etildiki, tijorat banklari tomonidan “Obod turmush yili” Davlat dasturi doirasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlashga o`tgan 10 oy davomida 6,2 trln. so`m miqdorida kreditlar ajratildi. Shundan 286,9 mlrd. so`m miqdoridagi mablag`lar yosh tadbirkorlar, hunarmandlar va fermerlarning loyihalarini moliyalashtirish uchun yo`naltirildi.
Shu bilan birga, 2013 yilning o`tgan davri mobaynida yosh oilalarga 150,4 mlrd. so`m miqdorida ipoteka, 87,8 mlrd. so`m miqdorida iste`mol, shuningdek 47,3 mlrd. so`m miqdorida ta`lim kreditlari ajratildi.
O`z navbatida, tijorat banklari tomonidan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish maqsadlariga joriy yilning o`n oyi davomida 2012 yilning shu davriga nisbatan 2,7 barobar ko`p yoki 116,2 mlrd. so`m miqdorida imtiyozli mikrokreditlar ajratildi.
Tijorat banklarining yoshlarni qo`llab-quvvatlash borasidagi faoliyati faqat kredit ajratish bilan cheklanmasdan, ularni tadbirkorlikka jalb etish borasida keng ko`lamda targ`ibot-tashviqot ishlari ham olib bormoqda.
Joriy yilning o`tgan davri mobaynida tijorat banklari tomonidan 1 215 ta kichik biznes sub`ektiga imtiyozli kredit olish huquqini beruvchi sertifikat taqdim etildi va ularga jami 92,5 mlrd so`m kreditlar ajratildi. Shundan 713 nafar yosh tadbirkor va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining 10 mlrd so`mlik, 293 nafar tadbirkor ayolning 9,7 mlrd so`mlik biznes rejalari imtiyozli shartlarda moliyalashtirildi.





