AsosiySalomatlik

«DOPLER TEKShIRUVI MAJBURIYMI?» GINEKOLOGGA 7 SAVOL

'«DOPLER TEKShIRUVI MAJBURIYMI?» GINEKOLOGGA 7 SAVOL'ning rasmi

Ish yuzasidan ayollar shifokori qabuliga yo`lim tushdi-yu, navbatda turganlarning gurungiga qo`shilib qoldim. «Kechasi bilan belim og`rib, qayd qilib chiqdim. Ertalabdan UTTga tushib kelayapman», deya so`zlayotgan kelinchakning gapini davom ettirib, ayollar rosa dardlashib olishdi. O`n besh daqiqalik ishqibozlikdan bilganlarim shu bo`ldiki, homiladorlik va farzand ko`rish borasida ayollarni qiziqtirgan savollar ko`p. Bugun aynan shunday muammo va murojaatlarga imkon qadar aniqlik kiritamiz. Bu borada bizga oliy toifali akusher-ginekolog Nilufar BO`STONOVA ko`mak beradi.

«Jigarrang ajralma xavflimi?»

— Homiladorlikning uchinchi oyidaman. Bir necha kun ilgari oz miqdorda to`q jigarrang ajralma kelgandi. Yana shu holat takrorlanayapti. Ammo tanamda hech qanday og`riq yo`q. Shuning uchun shifokorga uchrashishga ikkilanayapman.

Hilola, Toshkent shahri

— Qindan to`q jigarrang ajralma kelishi yo`ldosh ko`chishi bilan bog`liq bo`lishi mumkin. Stress, kamqonlik, keskin va qo`pol harakatlanish kabilar homila tushish xavfini keltirib chiqaradi. To`g`ri, ba`zan hech qanday og`riq yoki bezovtalik bo`lmaydi. Ammo ajralma rangi va miqdorining mavjudligi mutaxassis ko`rigi uchun etarli asosdir. Ayni dam davolovchi shifokoringiz nazoratida homila tushishidan himoyalovchi preparatlar qabul qilishingiz lozim. Muolaja vaqti jinsiy yaqinlik mumkin emas.


«Bir marta kesarcha bo`lsang, tamom…»

Tug`ruq vaqtida birinchi farzandim kindik o`qiga o`ralib qolgani bois kesarcha kesish amaliyoti qo`llangan. Ikkinchi bolamni ham shu yo`l bilan tug`amanmi, deb xavotirlanayapman.

Nozima, Angreni shahri

— Agar homila o`lchami, rivojlanishi, tug`ruq holati va ayolning umumiy ahvoli qoniqarli bo`lsa, kesarcha kesish amaliyoti qo`llanmasligi ham mumkin. Lekin oldindan aniq bir to`xtamga kelish mushkul.


«Dopler tekshiruvi majburiymi?»

Ayting-chi, hozirda anchayin ommalashgan dopler tekshiruvi barcha uchun majburiymi yoki ixtiyoriy? Men faqat skrining tekshiruvidan o`tdim, xolos.

Madina, Sirdaryo viloyati

— Dopler tekshiruvi uchun belgilangan ko`rsatmalar bo`lib, bu haqda shifokoringizdan ma`lumot olishingiz mumkin. Xususan, 18 yoshgacha va 35 yoshdan so`ng homilador bo`lgan ayollar uchun mazkur tekshiruv zaruriy tahlil hisoblanadi. Homiladorlikning 16-20-haftasigacha o`tkazilgan skrining tekshiruvi homila rivojlanishida biror-bir o`zgarishni ko`rsatgan bo`lsa, 30-haftadan so`ng doplerga yo`llanma berilishi mumkin. Agar shifokoringiz ko`rsatma bermasa, doplerdan o`tishingiz shart emas.


«Qog`onoq suvi ifloslansa…»

Besh oylik homiladorman. Ikki hafta ilgari shamollab qolgandim. Skriningga tushsam, qog`onoq suvi ifloslangan deyishdi. Hozir antibiotik ukol olayapman. Muolajadan so`ng qog`onoq suvi tozalanadimi? Buning keyinchalik bolaga ta`siri bo`lmaydimi?

Gulasal, Toshkent shahri

— Xavotiringiz o`rinsiz. Shifokoringiz tomonidan tanlangan muolaja ayni qog`onoq suvini tozalashga qaratilgan bo`lib, sog`ayganingizdan so`ng qayta UTT tekshiruvidan o`tib, bunga o`zingiz ishonch hosil qilishingiz mumkin. Muolaja samarali bo`lishi uchun gemoglobin miqdoriga ham ahamiyat bering.


«6 yil spiralda yurdim…»

Ikkinchi farzandimni dunyoga keltirganimdan so`ng, ya`ni olti yil avval spiral qo`ydirgandim. Endi homilador bo`lolmayapman. Ovulyasiya kunlarini hisoblaganim ham behuda o`tdi. O`ylanib qoldim, balki bu spiralda yurganimning ta`sirimasmikan?

Xonzoda, Guliston shahri

— Spiraldan foydalangan vaqtingiz jinsiy a`zolarda shamollash yuz berib, davolanmagan bo`lishingiz mumkin. O`ylab ko`ring, balki biror bezovtalik bo`lgandir? Qolaversa, spiral olib tashlangan bo`lsa, homiladorlikka hech qanday ta`siri bo`lmaydi. Shifokor ko`rigidan o`tib, TORCh infeksiyasi va qindan surtma topshirib, bakteriyalar bor-yo`qligini aniqlashtiring. Zarur bo`lsa, umr yo`ldoshingiz ham siz bilan birga tekshiruvdan o`tib, davolanishi lozim.


«Pushtirang ajralma, belgimi?»

Birinchi farzandimda tug`ruq boshlanishidan avval to`q pushtirang ajralma kelib, ikki kundan so`ng ko`zim yorigan. Aytishlaricha, bu tug`ruq belgisi ekan. Hozir etti oylik homiladorman. UTTda egizak deyishgandi. Kecha oz-moz pushtirang ajralma kelib, so`ng to`xtadi. Bu nimadan darak berishi mumkin?

Gulchehra, Navoiy viloyati

— Pushtirang ajralma ham yo`ldosh ko`chishi bilan izohlanishi mumkin. Ayni dam ahvolingiz qoniqarli bo`lsa ham, har ehtimolga qarshi davolovchi shifokoringizga uchrab, ko`rikdan o`ting. Garchi egizaklar muddatidan erta tug`iladi, deyishsa-da, etti oy me`yoriy tug`ruq uchun etarli bo`lmasligi mumkin.


«Tug`maysan, deydi-yu, o`zi davolanmaydi…»

— Homilador bo`lish uchun qilmagan muolajam qolmadi, hisob. Oxiri shifokorlar maslahati bilan erimni arang ko`ndirdim-u, birga tekshiruvdan o`tdik. Menda jiddiy o`zgarish chiqmadi, erimda esa maniy tarkibida urug`lanish foizi kamligi ma`lum bo`ldi. Davolanib, urug`lanish foizini oshirmasa, farzand ko`rolmas ekanmiz. Ammo erim men soppa-sog`man, deya muolajalarga unamayapti. Balki uyda biror tadbir qo`llasa bo`lar, masalan, bedana tuxumi kor qiladi, deyishadi-ku?!

Oynisa, Buxoro shahri

— Chindan ham eringizning tahlil xulosasi urug`lanish foizini kam ko`rsatgan bo`lsa, homilador bo`lolmaysiz. Imkon qadar turmush o`rtog`ingizga tushuntiring, malakali urolog-shifokor ko`rigidan o`tsin. Aks holda, bu muammo hal bo`lmaydi. Uy sharoitida esa faqat shifokor buyurgan dori vositalarinigina qo`llash mumkin. Siz aytgandek, bedana tuxumi yoki musicha go`shti kabilarning foydasi yo`q.


«Nega kislorod etishmaydi?»

Homilada kislorod etishmasligi bor, shunga ham qorningiz qattiqlashgan, deyishdi. Kun bo`yi jismoniy faolman, kam suyuqlik ichaman, foydali mahsulotlarni kanda qilmayman. Nega bunday bo`ladi, tushunolmayapman?

Zarina, Toshkent viloyati

— Homilada kislorod etishmasligi asosan qonda gemoglobin miqdorining kamligi bilan yuzaga keladi. Zero gemoglobin kislorod etkazib beruvchi asosiy vositadir. Kamqonlikka doir tekshiruvdan o`tib, gemoglobin miqdorini oshiruvchii preparatlar qabul qilishingiz lozim. Bundan tashqari, kislorodli ko`pik ham foydadan xoli bo`lmaydi.

Samira ULUG`BEKOVA tayyorladi.

    Boshqa yangiliklar