– Qizimni turmushga bergandim. Ammo saldan keyin kuyovning kasali borligi ma`lum bo`ldi. Tunda o`rnini ho`llab qo`yarkan... Bizdan andisha qilib, qizim erining xastaligini yashirib yuraveribdi. Bo`yida bo`lavermagach, gap buyoqda ekanini bilib qoldik. Qudalarga og`iz juftlasak, kichikligidan shunday edi, qilmagan ilmu amalimiz qolmagan, uylantirsak o`tib ketar degandik, deyishdi. Odamlardan nomus qilib, birovga tish yorolmayman. Bolam esa kundan–kun so`lib borayapti. Ikki oydan beri biznikida... O`g`lingizni davolatganingizdan keiyn qizim qaytib boradi deb shart qo`ydik. Ammo bundan biror naf bo`ladimi, yo`qmi bilmayman.
Ismi sir tutildi.
Afsuski, mushtariymizning murojaatidagi kabi voqealar hayotimizda yo`q emas. «Turmush qursa, o`tib ketar...» qabilida yondashish, tibbiy savodxonlikning pastligi emas, balki kaltabinlikdir. Axir davosi ko`rilmagan kasallik qanday qilib o`z-o`zidan bartaraf bo`lishi mumkin? Bugun tanlagan mavzumiz orqali kimningdir fikrini o`zgartira olsak ajab emas. Odamlar orasida «Bo`laveradi» kayfiyatiga ega ayrim kasalliklar va ularning chorasi haqida sirlashamiz.
Mutaxassis – androlog-seksopatolog Dilmurod ERGAShEV.
Bolalikdan qolgan dard
Enurez – uyqu vaqti ixtiyorsiz peshob ajratish kasalligi. Asli bu xastalik bolalarda kuzatilib, markaziy asab tizimining peshob ajratish jarayoni ustidan nazorati shakllanishining ortda qolishi, ruhiy omillar, infeksiyalar, oshqozon–ichak trakti faoliyatidagi o`zgarishlar sabab kelib chiqadi. Muammo o`z vaqtida hal etilmasa, enurez bolaning o`smirlik davrigacha ham davom etishi mumkin. Anglayotganingizdek, shu tariqa xastalikning echimi topilmay qolaveradi.
Kattalarda uchraydigan peshob tutolmaslikni enurez bilan adashtirmaslik lozim. Ikkisi ikki hil tushuncha. Tug`ruqdan so`ng qovug` mushaklarining sustlashishi, kuchli stress, xolesistit, urologik kasalliklar, surunkali tonzillit asoratida ixtiyorsiz peshob tutolmaslik kelib chiqadi.
Xastalik oila qurgandan so`ng o`tib ketmaydi (!) aksincha qanday bo`lsa shu holicha davom etaveradi. Ammo shunda ham muolaja qilish mumkin. Urolog-shifokor peshob tutolmaslikning kelib chiqish sabablarini aniqlagach, peshob yo`llarini mustahkamlaydigan, asablarni tinchlantiradigan preparatlar, vitaminlar, yallig`lanishga qarshi fiziomuolaja, parafin davo choralarini kompleks tarzda olib borishni buyuradi. Urolog, nevrolog va psixiatr mutaxassislarning birgalikdagi say`i-harakatlari natijasida kutilgan natijaga erishish mumkin. To`liq sog`ayish uchun uzoq vaqt talab etilishi rost, ammo qunt qilinsa oila qurgandan keyin yuz beradigan noxush vaziyatlarning oldini olish ehtimoli ortadi.
Tutqanoq xurujlari
Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lumotiga ko`ra, epilepsiya bilan dunyo aholisining 1 foizi xastalangan bo`lib, kasallik asosan tutqanoq xurujlari bilan kechadi. Epilepsiya bosh miya jarohatlari, nevrologik buzilishlar oqibatida kelib chiqib, bolalikdan namoyon bo`la boshlaydi. Bolada epileptik xarakterning paydo bo`lmasligi uchun o`z vaqtida muolaja olish, stress holatlaridan himoyalash va xurujlarga qarshi preparatlarning tartibli qabul qilinishi g`oyat muhimdir.
Nazoratda ushlangan epilepsiya oila qurishga monelik qilmaydi. Aksi bo`lganda esa, jinsiy yaqinlik, talvasa xurujlarining ortishi, nozik munosabatlarda sovuqqonliklikni keltirib chiqaradi. O`g`il yo qizingiz epilepsiya bilan og`rib, shifokor ro`yxatiga kiritilgan bo`lsa, turmush qurishidan avval bu haqda ma`lum qilishni unutmang. Bordi-yu, kasallik og`ir holatda kechib, yaqqol alomatlar bilan kuzatilsa, asoratlari mavjud bo`lsa, oila qurish masalasida shoshilmagan ma`qul.
Oila qurish mumkin, ammo farzand ko`rish...
So`zlashuvda «destkaya matka» nomi bilan yuritiladigan patologiya, tibbiyotda bachadon gipoplaziyasi deyilib, aniq belgilar bilan kuzatilmaydi. O`smir yoshidagi qizlarda hayz kelishining kuzatilmasligi yoki ushbu jarayonning mavjud bo`lib, pala-partish kechishi jinsiy a`zolarda o`zgarishlar borligidan darak berishi mumkin. Gohida ushbu patologiya tug`ma bo`lib, organizmning umumiy rivojlanishdan ortda qolishi bilan kechishi ham mumkin. Balog`at yoshiga etgandagi ko`rinishi esa immunitetning pastligi, vazn, bo`y o`lchamlarining yoshiga mos kelmasligi, surunkali va infeksion kasalliklar bilan xastalanish, gormonal buzilishlar, asab tizimidagi o`zgarishlar tufayli sodir bo`ladi.
Bachadon gipoplaziyasi turmush qurishga monelik qilmasa-da, jinsiy yaqinlik vaqti ayrim muammolarning kelib chiqishi va eng asosiysi homiladorlikning yuzaga kelishiga to`sqinlik qiladi. Zero, rivojlanmagan bachadon urug`lanish imkoniyatiga ega bo`lmaydi.
Tibbiy tekshiruvlar davomida jinsiy a`zoda rivojlanishning ortda qolishi tug`ma nuqsonli bo`lib, bachadon yoki qinning bo`lmasligi bilan ifodalansa, muolaja kutilgan natijani bermasligi mumkin. Bachadon gipoplaziyasi tashxisida esa muntazam olib borilgan davo choralari yordamida bachadon o`lchamini me`yoriy ko`rinishga keltirishga erishiladi.
Qiz o`stirayotgan onalar diqqatiga: farzandingiz balog`at yoshiga etdimi, bolalar ginekologiga olib boring. Hayzi kechikayaptimi, tekshiruvlardan qochmang. Zero, turmushga chiqqanidan so`ng attang qilib qolishingiz hech gap emas.
Yiringli husnbuzar
Ayrim yigit va qizlarda o`smirlik davri yiringli, katta husnbuzarlar toshishi kuzatiladi. Aslida, bu vaqtinchalik holat. Ammo kimdadir toshma uzoq «mehmon» bo`lib qolishi mumkin. Bunday vaqtda «Uylansa (yoki turmushga chiqsa) qurib tushadi» qabilida yondashishsa-da, oilaviy hayotdan so`ng organizmda ro`y beradigan gormonal o`zgarishlar yog` bezlari faoliyatini kuchaytirib, husnbuzar yanada ko`payadi yoki chuqurlashadi. Gohida buning aksi ham bo`lishi mumkin. Ammo avvaldan aniq xulosa qilib bo`lmaydi.
Aslida husnbuzar paydo bo`lishining endogen (ichki o`zgarishlar) hamda ekzogen (tashqi ta`sirlar) sabablari bor. Yog` bezlaridagi yallig`lanish surunkali davom etganida avval kelib chiqish omilini aniqlab, so`ng muolaja qilish darkor.
Vaginizm
Yaqinlikdan avval qin mushaklarining qisqarishi bilan ifodalanadigan mazkur holat o`ta jiddiy muammodir. Vaginizm nevroz, kuchli stress yoki o`ta sezgir (ta`sirchan) qin mushaklari patologiyasi sanaladi. Afsuski, muammoning borligini to`ygacha aniqlashning imkoni yo`q. Ko`pincha ilk jinsiy yaqinlik vaqti qattiq qo`rqish, asabiylashish natijasida patologiya yuzaga chiqadi va bir qancha tushunmovchiliklarni paydo qilishi mumkin.
Vaginizm tuzalmaydigan kasallik emas, ammo uning davosi ko`proq ruhiyatning sog`lomlashishiga bog`liq. Seksopatolog hamda psixonevrologlarning birgalikdagi muolajalaridan so`ng, vaginizmni engishga erishiladi. Yagona sharti, o`z vaqtida mutaxassisga murojaat etish va muammoni yashirmaslikdir.
Bo`yi etgan qizda vaginizm alomatlari borligini qaerdan bilish mumkin? Buning uchun farzandingizning jinsiy tarbiyasiga jiddiy yondashishingiz, oila qurgandan keyingi hayot to`g`risida suhbatlashish, bu borada uning fikrlari, qarashlari bilan qiziqishingiz darkor. Sinchkov bo`lsangiz, ruhiyatidagi o`zgarishlarni payqamay qolmaysiz.
Shizofreniya
Surunkali o`sib boruvchi ruhiy kasallik hisoblangan shizofreniyada bemorning fikrlashi va hissiy faoliyatining buzilishi kuzatiladi. Ko`pincha aqli zaiflik belgilari ham namoyon bo`lishi mumkin. Shizofreniyaning turlari bir qancha. Xastalik darajasi va kechishiga ko`ra muolaja davomiy olib boriladi.
Vasvasa xurujlari, gallyusinasiya hamda aqliy fikrlash qobiliyatining cheklanganligi oilaviy hayot masalasini istisno etadi. Shu bois ruhiy xasta bemorlarga turmush qurish hamisha ham tavsiya etilmaydi.
Samira ULUG`BEKOVA tayyorladi.






