O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 2 sentyabrdagi «Valyuta siyosatini erkinlashtirish bo`yicha dastlabki choralar to`g`risida»gi Farmonga imzo chekdi.Unga ko`ra, 2017 yil 5 sentyabrdan O`zbekiston Respublikasi rezidentlari — jismoniy shaxslardan valyuta almashtirish shaxobchalarida erkin ravishda valyuta sotib olish boshlanadi.
Shuningdek, jismoniy shaxslar amaldagi tartibga muvofiq tijorat banklarining konversion bo`limlarida xalqaro to`lov kartalariga hisoblash asosida xorjiy valyuta sotib olishi va xorijda bu mablag`dan hech qanday cheklovlarsiz foydalanishi mumkin.2017 yil 5 sentyabrdan boshlab O`zbekiston Respublikasi yuridik shaxslariga tijorat banklarida cheklovlarsiz joriy xalqaro operasiyalar bo`yicha (mahsulotlar, ishlar va xizmatlar importi, daromadlarni repatriasiya qilish, kreditlarni to`lash, ish bo`yicha safar xarajatlari va boshqa nosavdo xarakteridagi o`tkazmalar) xorijiy valyuta sotib olish huquqi beriladi.
Yuridik shaxsni tashkil qilmasdan oziq-ovqat importi bilan shug`ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga 5 sentyabrdan boshlab, jismoniy shaxslar uchun o`rnatilgan tartibda, bank hisob raqami orqali xorijiy valyuta sotib olishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, eksportchilarga, ularning mulk shaklidan qat`i nazar, xorijiy valyutada olingan daromadning ma`lum qismini majburiy sotish talabi bekor qilinadi.
Farmonga ko`ra, 5 sentyabrdan e`tiboran xorijiy valyutada daromadga ega bo`lgan va yuridik shaxsni tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchilar, shuningdek, fermer xo`jaliklari o`z bank hisob raqamlaridan xorijiy valyutani naqd ko`rinishda olishi mumkin.