Jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasini xarid qilish bilan bog`liq so`rovlar kelib tushayotgani munosabati bilan O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki quyidagilarni ma`lum qiladi.
Jismoniy shaxslarning chet el valyutasini xarid qilishi
Fuqarolar tijorat banklarining konversiya bo`limlaridan naqdsiz ko`rinishda xalqaro to`lov kartalariga (konversiya) tushirib berish orqali chet el valyutasi xarid qilishlari mumkin. Milliy valyutadagi to`lov ham naqd, ham naqdsiz shaklda – bank to`lov kartalari (plastik kartalar) orqali amalga oshiriladi.
Xalqaro (konversion) to`lov kartalarini ochish va ishlatish bilan bog`liq xarajatlar
Hozirgi paytda tijorat banklari tomonidan xalqaro (konversion) to`lov kartalarini ochish va ishlatish uchun quyidagi komissiya haqlari olinadi:
kartani ochish uchun - 75 mingdan 100 ming so`mgacha (bir martalik to`lov);
kartadan foydalanib to`lovlar amalga oshirilganda komissiya haqi - har bir tranzaksiya summasining 0,5 foizidan 1 foizigacha bo`lgan miqdorda;
chet eldagi bankomatlardan naqd xorijiy valyuta echib olish - operasiya summasining 1 foizi miqdorida;
Xalqaro to`lov tizimlari operatorlari (VISA, MasterCard va boshqalar) talablariga ko`ra, banklar tomonidan 35 dollardan 100 dollargacha kamaytirilmas qoldiq (sug`urta depoziti) o`rnatilgan bo`lib, undan mijoz foydalana olmaydi va to`lov kartasi yopilganidan so`ng u mijozga qaytariladi. Ushbu sug`urta depoziti mablag`lar ortiqcha sarflanganida bank tomonidan ishlatiladi. Mablag`larning ortiqcha ishlatilishi kurslarning o`zgarishi yoki xorijiy bank tomonidan to`lov kartasi bo`yicha operasiyalar amalga oshirishda o`rnatilgan komissiyadan hosil bo`lishi mumkin. (Ma`lumot ilova etilayotgan jadvalda banklar kesimida berilmoqda.
Xalqaro (konversion) to`lov kartalarining ishlatilishi
Hozirgi paytda xalqaro (konversion) to`lov kartalaridan faqat xorijiy davlatlarda foydalanish mumkin. Bankomatlardan hech qanday cheklovlarsiz naqd pul echib olish, do`kon va mehmonxonalarda, to`lov kartasi qabul qilinadigan barcha joylarda karta orqali to`lov qilish mumkin. To`lov kartalari barcha davlatlarda ishlatilishi mumkin, davlatlar bo`yicha cheklov yoki naqd xorijiy valyutani echib olish bo`yicha limit o`rnatilmagan. Shu o`rinda xorijiy banklar o`z bankomatlaridan naqd pullarni echib olish uchun ma`lum bir limit o`rnatish amaliyotidan ham foydalanishi mumkinligini e`tiborga olish zarur. Odatda bu limit bitta operasiyaga nisbatan joriy qilingan bo`lib, operasiyalar sonining o`zi cheklanmagan bo`ladi.
Shuningdek, kartadagi valyuta mablag`laridan xorijda o`qish yoki davolanish uchun talab etiladigan hujjatlar (invoyslar) taqdim etilganida bevosita O`zbekistondagi bankdan turib to`lovni amalga oshirishda foydalanish mumkin.
Respublika hududida xalqaro (konversion) to`lov kartasidagi mablag`larni joriy ayriboshlash kursi bo`yicha faqat milliy valyutada echib olish mumkin.
Xorijiy valyuta bilan to`ldiriluvchi xalqaro to`lov kartalari
Fuqarolar tomonidan xorijiy valyuta bilan to`ldiriluvchi xalqaro to`lov kartalari mamlakatimiz hududida cheklovlarsiz qabul qilinadi. Bunday kartalardagi mablag`lar bank yoki bankomatlardan (karta egasining ixtiyoriga ko`ra) xoh milliy valyutada, xoh xorijiy valyutada, naqd ko`rinishda echib olinishi mumkin.
Bunday kartalardan chet mamlakatlarda ham, O`zbekiston hududida ham do`konlar, mehmonxonalar va kartani to`lovga qabul qiluvchi terminal mavjud har qanday joyda hech qanday cheklovlarsiz foydalanish mumkin.
O`zbekiston Respublikasi banklari tomonidan xalqaro to`lov kartalarini ochish va undan foydalanish uchun olinadigan to`lovlar haqida MA`LUMOT
Bank | kartani ochish uchun olinadigan komissiya | kartadan amalga oshirilgan to`lov uchun olinadigan komissiya | xorijiy valyutani echib olish uchun olinadigan komissiya | kartadagi minimal qoldiq (sug`urta depoziti) |
TIF Milliy banki | 100 000 so`m | 1% | 1% | 100 dollar |
O`zsanoatqurilishbank | 100 000 so`m | 1% | 1% | 100 dollar |
Agrobank | 100 000 so`m | 0.5% | 1% | 100 dollar |
Mikrokreditbank | 100 000 so`m | 1% | 1% | 100 dollar |
Xalq banki | 100 000 so`m | 1% | 1% | 100 dollar |
Qishloq qurilish bank | 100 000 so`m | 1% | 1% | 100 dollar |
Turonbank | 100 000 so`m | 1% | 1% | 50 dollar |
Hamkorbank | 75 000 so`m | 0.7% | 1% | 100 dollar |
Asakabank | 100 000 so`m | 1% | 1% | 100 dollar |
Ipak Yo`li banki | 100 000 so`m | 0.7% | 1% | 100 dollar |
O`T-Bank | 100 000 so`m | 1% | 1% | 100 dollar |
Trastbank | 100 000 so`m | 1% | 1% | 100 dollar |
Aloqabank | 100 000 so`m | 0.5% | 1% | 100 dollar |
Ipoteka-bank | 100 000 so`m | 1% | 1% | 100 dollar |
KDB bank O`zbekistan | 100 000 so`m | 1% | 1% | 100 dollar |
Universalbank | 100 000 so`m | 1% | 1% | 50 dollar |
Kapitalbank | 80 000 so`m | 1% | 1% | 35 dollar |
Ravnaqbank | 100 000 so`m | 0.7% | 1% | 100 dollar |
Davrbank | 100 000 so`m | 0.5% | 1% | 100 dollar |
Invest finans bank | 100 000 so`m | 1% | 1% | 100 dollar |
Aziya Alyans bank | 100 000 so`m | 1% | 1% | 100 dollar |
Orient finans bank | 100 000 so`m | 1% | 1% | 100 dollar |
Xay-Tek bank | 100 000 so`m | 1% | 1% | 50 dollar |
Savdogarbank | 100 000 so`m | 1% | 1% | 50 dollar |