AsosiyJamiyat

​TOShKENT DAVLAT YuRIDIK UNIVERSITETIDA «SUPER» KONTRAKT SUMMASI 246 MILLION SO`MNI TAShKIL QILDI

'​TOShKENT DAVLAT YuRIDIK UNIVERSITETIDA «SUPER» KONTRAKT SUMMASI 246 MILLION SO`MNI TAShKIL QILDI'ning rasmi

Milliy matbuot markazida Toshkent davlat yuridik universiteti mas`ul xodimlari tomonidan o`tkazilgan matbuot anjumanida 2017/2018 o`quv yili uchun o`tkazilgan test sinovlari natijalari, o`quv-tarbiyaviy jarayon sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida ma`lumot berildi, jurnalistlar savollariga javob qaytarildi.

O`zbekiston Respublikasi adliya vaziri o`rinbosari, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori E.Kanyazov bu yil oliy ta`lim muassasasiga kirish imtihonlari zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalangan holda ochiq va barcha abiturientlarga teng imkoniyatlar yaratilgan holda bo`lib o`tganini ta`kidladi, deb yozadi O`zA.

Ma`lumki, mazkur oliy o`quv yurtiga kirish uchun test sinovlari bu yil “O`zekspomarkaz” pavilonlarida o`tkazilgan edi. Test jarayonlarining borishi onlayn rejimda abiturientlarning ota-onalari, yaqinlari uchun hozirlangan kutish maydonlaridagi monitorlarda hamda internet tarmog`i orqali keng jamoatchilik e`tiboriga havola etildi.

Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriat ta`lim yo`nalishiga 6 mingdan ziyod abiturientdan hujjatlar qabul qilindi. Ular orasida 518 harbiy imtiyozga ega yoshlar, 3 fan olimpiadasi g`olibi o`qishga kirish istagini bildirgan. 2017/2018 o`quv yilida bakalavriat ta`lim yo`nalishiga 20 davlat granti, 580 to`lov-kontrakt asosida 600 talaba o`rni ajratildi.

Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriat ta`lim yo`nalishiga chet el fuqarolarini o`qishga qabul qilish bo`yicha soddalashtirilgan tizim joriy etildi. Endilikda ular universitetga test sinovlarisiz, suhbat natijasiga ko`ra qabul qilinadi. Joriy o`quv yilida Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Qozog`iston va Turkmanistondan 11 abiturient mazkur universitet talabalari safiga qabul qilindi.

Universitetda 2017/2018 o`quv yili uchun magistratura ta`lim yo`nalishiga 120 o`rin ajratilgan bo`lib, 74 talaba qabul qilingan. Bu holatni universitet mas`ullari magistraturaga qabul jarayonida yangi tizim joriy etilgani va talablar yanada ortgani bilan izohlashdi. Yangi tizimga ko`ra, endilikda talabgorlar 2 bosqichda sinovdan o`tadi. Dastlabki bosqich test sinovi. Ikkinchi bosqichda esa yozma imtihon. Bundan tashqari chet tilini bilish darajasiga alohida e`tibor qaratiladi.

Matbuot anjumanida ma`lum qilinishicha, to`lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo`yicha qo`shimcha qabul summasi Toshkent davlat yuridik universitetida bir yillik to`lov-kontrakt pulining 25 barobarini tashkil qildi (bir yillik to`lov-kontrakt summasi 9 mln 850 ming) Bunda abiturientlar to`plagan ball ketma-ketligiga qat`iy tayaniladi.

Matbuot anjumanida yangi o`quv yilidan e`tiboran universitetda haftada 5 kunlik ta`lim tizimi joriy etilgani aytib o`tildi. Bunda har haftaning shanba kuni professor-o`qituvchilar ta`lim jarayonidagi yangiliklardan xabardor bo`lib boradi, ilmiy izlanishlar bilan shug`ullanadi. Talabalar mustaqil ta`lim jarayoniga jalb etiladi.

    Boshqa yangiliklar