9 sentyabr kuni Toshkent shahrining “Bunyodkor” stadionida tashkil etilgan penchak silat bo`yicha xalqaro sport turniriga taniqli Gollivud aktyori Stiven Sigal taklif qilingani va aktyor ushbu turnirda ishtirok etish uchun Toshkent shahriga kelgani haqida avval xabar bergandik.
Stiven Sigal 8 sentyabr kuni Toshkentga kelib, turli tadbirlarda ishtirok etdiyu, noma`lum sabablarga ko`ra 9 sentyabr kuni qatnashishi kerak bo`lgan tadbirga kelmadi.
Ana shunday holatga izoh berish maqsadida Sigal o`zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga post joyladi.
“Men Toshkentga tashrifim chog`ida san`at instituti talabalari bilan uchrashdim, muloqot qildim. “O`zbegim” Milliy qadriyatlar festivalida qatnashdim, Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan dunyodagi eng katta oshning tayyorlanishiga guvoh bo`lib, undan tatib ko`rishga ham muvaffaq bo`ldim. Men tayyor edim va chiqa olardim, biroq, afsuski, menga umuman aloqasi bo`lmagan holatlar va vaziyatlar sababli Asian Fight 2017 da qatnasha olmadim. Aminmanki, yaqin vaqtlar ichida O`zbekistonga qaytib, muxlislarim bilan uchrashaman va ushbu ajoyib mamlakat bilan yaqindan tanishaman”, — deb yozadi aktyor.






