Turkiyaning mashhur xonandasi Rafet el Roman yurtimizga uyushtirgan ilk tashrifi davomida, aniqrog`i 28 avgust sanasida ko`hna Samarqandda o`tgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining ochilish marosimida ishtirok etdi. Ertasi kuni esa “Istiqlol” san`at saroyida konsert dasturini taqdim etdi. "Darakchi" gazetasi mazkur konsertdan eksklyuziv reportaj va intervyuni sizga ham ilindi...

— Rafet bey, Toshkentga xush kelibsiz! Yurtimizga taklif qilishganida nimalarni his etdingiz?
— Katta rahmat! Ilk tashrifim bo`lgani bois hayajonim cheksiz edi, e`tibordan boshim ko`kka etdi. O`zbekistonga kelganimda meni juda ham ta`sirlantirgan holat bu — odamlaringizning samimiyati bo`ldi. Yurtingizning go`zalligi, ozodaligi, muhimi jadal suratlar bilan rivojlanayotgani meni hayratga soldi. Zero, mintaqada O`zbekistonning qanchalik katta ahamiyatga egaligini juda yaxshi bilamiz.
— Ko`hna va hamisha navqiron Samarqand shahrida ham bo`ldingiz, taassurotlaringiz bir olam ekani shubhasiz...
— Albatta! Poezdda keta turib, aynan juda katta-katta karvonlar o`tgan Buyuk ipak yo`lidan men ham o`tayotganimdan behad shod edim. Boisi, Buyuk ipak yo`li bu — savdogarlik, hunarmandchilik, Umar Xayyomlardek buyuk siymolarga ega she`riyat, madaniyat, ma`naviyat, ma`rifatning yo`li. Ochig`i, xursandchiligimni, nimalardan quvonganimni so`z bilan ta`riflab berolmayman.

— “Sharq taronalari” XI xalqaro musiqa festivalida ishtirok etdingiz. Butun dunyodan kelgan san`atkorlarni bitta — musiqa “til”ida so`zlashtirgan festival sizga nimasi bilan manzur keldi?
— Haqsiz, dunyo bo`ylab taralayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida ishtirok etish menga ham nasib etdi. Festivalga butun dunyodan kelgan juda mashhur san`atkorlar, faxriy mehmonlar tashrif buyurishdi. Musiqa festivali, ochilish marosimi juda go`zal bo`ldi, taassurotlarim olam-olam. Turkiyaga qaytganimda, O`zbekistonda ko`rgan bu kabi ko`plab mo``jizalar taassurotini hamma bilan bo`lishaman!

— O`zbek taomlarining ta`mi og`zingizda qolganiga ishonaman!
— Shubhasiz! Samarqandda o`zbek taomlari bilan mehmon qilishdi. Oldimga shunday ajoyib palov olib kelib qo`yishdiki, ta`mini ta`riflashga til ojiz. Rosti, eganing sari eging keladi, eb to`ymaysan kishi, mazasiga gap yo`q. O`zbekiston juda totli o`z oshxonasiga ega davlat. Har bir taomingiz o`ziga xos, kishiga huzur bag`ishlaydi.
— O`zbek san`atiga qiziqasizmi, qaysi o`zbek xonandalarini bilasiz?
— Albatta, qiziqaman. Ko`plab o`zbek qo`shiqchilari bilan muloqotda bo`ldik. Ular bilan, albatta, hamkorlikni yo`lga qo`yamiz. Nasib bo`lsa, o`zbek hamkasblarimni Turkiyaga taklif qilib, madaniy loyihalarni boshlaymiz. Hali yana O`zbekistonga gastrol uyushtiramiz, boisi musiqa san`atimiz hamkorlikda rivojlanishi kerak. Aslida san`atimiz ham bir-biriga yaqin. Qisqasi, ko`plab yutuqlarimiz hali oldinda.

— O`zbek va turklar orasidagi o`xshashlikni aynan nimalarda payqadingiz?
— Madaniyatingiz juda boy, zotan bizning turk madaniyati aynan O`zbekiston tuprog`i, madaniyatidan boshlangan. Tahsinga sazovor jihatingiz — haqiqiy turklikning go`zalligi, o`ziga xosligini saqlab qolgansiz. Biz qardosh xalqmiz. Bilasizmi, turklarda o`xshash, degan so`z yo`q. O`zbek va turk bitta tuproq, bitta millatdan yuzaga kelgan. To`g`ri, alohida-alohida davlatmiz, lekin aslida biz bitta xalqmiz! Shu bois o`xshash, degan ta`rifni ishlatish noto`g`ri bo`ladi. O`zbek va turk orasida farqni ham ko`rmadim. Ko`p jihatdan shu qadar bir xilmizki, ajratolmaysan kishi. Hatto bugungi konsertda ham mikrofonni zalga tutganimda baland ovozda jo`r bo`lib kuylashdi. Bu meni o`zbek xalqiga yana bir karra yaqinlashtirdi.
— Sahnada shu qadar erkinsiz, tomoshabin bilan juda chiroyli muloqot o`rnatar ekansiz. Zavq bilan tinimsiz raqs tushib, qo`shiq kuylashingiz ham tahsinga sazovor. Nimadan ilhom olasiz?
— Bugun O`zbekistonda ham muxlislarim etarlicha ekanidan ilhomlandim. Aslida muhabbat va hijron ilhom parim. Sevgan insoningga etisha olmasang, bu — muhabbat! Boisi, oradagi “devor” yuraging talpinayotgan insonga yanada ko`proq oshiq qiladi. Va buning natijasida qalbingda jarohat paydo bo`ladi. Go`yo Majnun singari eru ko`k, sahroga ham sig`may qolasan. Mana shular xonandaga ilhom beradi, ijod qilishga undaydi.

— “Kuylagan qo`shiqlarimning prototiplari bor”, demoqchimisiz?
— Yo`q, hamma qo`shiqlarim ham hayotimdan olinmagan. Atrofimdagi odamlar, muxlislarimning qismati, his qilgan kechinmalarini qo`shiq orqali ifoda etaman. Kishilar qalbidagi his-tuyg`uni ijroim orqali etkazib berolsam, o`zimni baxtiyor xonanda hisoblayman.

— “Istiqlol” san`at saroyiga kira turib, yo`lakda o`zi bilan o`zi ovora bo`lgan har bir kishi bilan to`xtab so`rashib, so`ng yo`lingizda davom etganingiz diqqatimni tortdi. Mashhurlik shohsupasining to`rida turgan bo`lishingizga qaramay, shu qadar kamtarsiz. Bu kamtarlik, samimiyatni saqlab qolishga qanday erishgansiz?
— E`tibor, sinchkovlik uchun tashakkur! “Seni Seviyorum” qo`shig`im muxlislarga havola qilinib, ommalashganida otam “O`g`lim, hamma sening qo`shiqlaringni eshitishi mumkin. Biroq bundan sarmast bo`lmagin. Qanchalik kamtar, samimiy bo`lsang, xalq seni undan ko`proq sevadi. Biroq takabburlikka berilib, burning ko`tarilib havolansang, hamma sendan yuz o`giradi. Hech qachon kibrga berilma! Hamma teng huquqqa ega, bir xil odam. Sening oddiy odamdan ortiq ering yo`q, shunchaki mashhurlikka erishding, xolos. Bu — omad, ortig`i emas! Sening o`rningda boshqasi ham bunday mashhurlikka erishishi mumkinligini unutma. Faqat yaxshilarga yondosh. Boisi, yomonlarning hech kimga foydasi yo`q”, deb o`git bergan. O`z vaqtida berilgan bu maslahatni o`zim uchun dasturulamal qilib qulog`imga quyib olganman. Atrofga bir nazar tashlang, Suriya, Isroil kabi qancha-qancha davlatlarda notinchlik, begunoh kishilar, go`daklar halok bo`lyapti. Bu holatlar kishi qalbini larzaga soladi. Odam etmish yil umr ko`rishi mumkin, bu vaqtni tinchlik, yaxshiliklar bilan, gullar, charaqlab turgan quyosh bag`rida o`tkazaylik. Hayotimizni kapalaklar, muhabbat bezasin, dilga yaqin insonlar bilan o`tkazaylik! Bizga berilgan qisqa umrni adovatga sarf qilishdan naf yo`q.

— Ko`plab davlatlarda bo`lgansiz. O`zbekistonga uyushtirgan tashrifingiz bir umr yodda qoladigan darajada bo`ldimi?
— To`g`ri aytdingiz, dunyoning ko`plab davlatlariga konsert dasturlarim bilan borganman. Takrorlashdan charchamayman, o`zbek xalqining samimiyati, mehmondo`stligi, madaniyati, san`atini boshqa o`lkalarda ko`rmaganman. Chin yurakdan aytyapman, bunday bag`rikeng xalqni hech qaerda ko`rganim yo`q! Konsertimga tashrif buyurgan muxlislarni bilmadimku-ya, lekin bu shirin diydor, samimiyatga to`la kecha bir umr yodimda qoladi! O`zbek xalqiga qancha tashakkur aytsam oz! O`zbekistonda ko`p odamlar bilan tanishdim, do`stlar orttirdim. Hammalaringiz sog` bo`linglar, men bu ziyoratni sira unutmayman!
Cadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi. Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV






