AsosiyShou-biznes

Abdusamad JO`RABOEV YoSh TOMOShABINLARNING BAFRIKENG AKTYoRI

'Abdusamad JO`RABOEV YoSh TOMOShABINLARNING BAFRIKENG AKTYoRI'ning rasmi

"Darakchi" gazetasining "Kecha va bugun" loyihasining qahramonining muxlislari asosan yosh tomoshabinlar. Sahnadagi voqealarni ham jiddiy qabul qiladigan jajji muxlislarni sehrli “olam”ga olib kiradigan aktyor, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Abdusamad JO`RABOEVning hayoti sahnadagi kabi quvonchlarga boymi? 7 dan 70 yoshgacha bo`lgan tomoshabin yuziga tabassum ulashuvchi aktyor ortga nazar tashlab, umr va hayot yo`lini yodga oldi...

"ASLIDA ªOVUN PIShIFIDA" TUFILGANMAN"

— 1952 yil 18 noyabrda Toshkent viloyati Chinoz tumanining Tillaobod qishlog`ida mirob oilasida dunyoga kelganman. Otam “Yo`q, sen qovun pishig`ida tug`ilgansan”, derdi, demak, avgustda tug`ilgan bo`laman-da (kuladi). Men otam Abdumannop Jo`raboevning birinchi turmushidan dunyoga kelgan farzandman. Onamning vafotidan so`ng otam yana oila qurgan. Ikkinchi oilasidan etti farzand: uch o`g`il, to`rt qiz tug`ilgan. Farzandlar juda ahil-inoq o`sganmiz. Baribir tug`ishgan aka-ukalarimning yo`qligi armonim. Bo`sh vaqtimda otamga yordam berardim, chimni ketmonda bir tekis qilib kesib, birma-bir qo`lida taxlab chiqardi. Kolxoz rahbari cho`pni erga tashlaganda yarmigacha erga kirib ketmasa, otamning tongdan tungacha qilgan mehnatini inobatga olmasdi, shu tariqa bir burda non topardi...

"USTOZIMNING "TEGIRMON"IDAN OMON ChIЄЄANMAN"

— 31-o`rta maktabning 1-sinfiga borganman. U vaqtda hozirgidek maktab formalari, portfel, ruchka bo`lmasdi. Onam qattiqroq materialdan tugmali sumka tikib bergandi. Hatto siyohdonni o`rashga sellofan bo`lmasdi. Kiyimimizga siyoh to`kilgudek bo`lsa, tamom, dog`i ketmasdi. Sira yodimdan chiqmaydi, qish: qalin qor yoqqan, 1-sinf o`quvchisiman. Uydan chiqib besh yuz metr yurganimdan keyin ne ko`z bilan ko`ray, qarshimda katta it turibdi. Tishlab olmasin, deya to`xtagan erimda to`rt soat qimirlamay turibman-da. Dars tugab, ustozimiz sinfdoshlarimni etaklab kelib qoldi. “Bu erda nima qilib turibsan, nega maktabga bormading?” deb qoldi, vaziyatni tushuntirdim. Ustozim itni haydab yubordi. Keyin bilsam, u kuchukning ko`zi ko`r ekan (miriqib kuladi). Shundan so`ng shamollab qolib, uch oy maktabga borolmaganman. Qiziquvchanligim sabab, maktabdagi drama to`garagiga a`zo bo`lib olganman. Ko`plab rollar o`ynaganman, lekin jussam kichkina bo`lgani uchun faqat komik rollar berishardi. Taqlid san`atiga ham ishtiyoqim baland edi. Portfelini qo`ltiqlab yuradigan gavdali geografiya ustozim bo`lardi, kimdir chaqirsa butun tanasi bilan o`girilardi. U kishini o`xshatsam, hamma miriqib kulardi. Bu haqda xabar topgan ustozim xonasiga chaqirtirdi. “Tamom, endi kaltak eyman”, deb o`yladim. U vaqtda maktabda asosan erkak o`qituvchilar ishlardi, ayollar barmoq bilan sanarli edi. Qisqasi, ustoz eshikni qulfladi-da, “xo`sh, qanday yurarkanman? Agar o`xshatolsang indamayman, aksincha bo`lsa ko`rasan mendan”, dedi. “Ustoz, portfelingizni berib turing”, dedim bo`sh kelmay. Orqamni o`girib olib, “qani, chaqiring-chi”, dedim (kuladi). Taqlidim o`xshadi shekilli, qulflangan eshikni ochdi-da, “o`xshadi, lekin ustozlarni masxara qilmagin! Bor, yo`qol”, deb haydab yuborgan (miriqib kuladi). San`atga bo`lgan qiziqishning ilk qadamlari shu bo`lsa, ajabmas. She`r, hikoya yozish, kitob o`qish jonu dilim edi. Yozgi ta`tilda sigirimizni dalaga olib ketayotganimda yarimta nonga qo`shib, kitobni ham belimga tugib olardim. Bir kuni o`qishga berilib ketibman, sigir yo`q-da, uyga yig`lab borganman. Bilsak, milisiya olib ketgan ekan. Otam jarima to`lab olib kelgan. O`shanda otam onamga “O`g`lingga non berma, yo`qsa kitobni ham qo`shib olib ketarkan”, deb tayinlagan. Keyin o`zi belimni ushlab, tekshirib ko`rib sigir bilan dalaga jo`natardi. Kitob o`qimasam bo`lmasdi, oyog`imga boylab oladigan bo`lganman, hech kim bilmasdi (kuladi).

"AMALIYoTNI­ MARDIKOR BOZORIDA O`TAGANMIZ"

— 8-sinfni tamomlab, qo`shni qishloqdagi 33-maktabda 9-10-sinflarni o`qiganman. Bundan maqsad institutga kirib, tahsil olish edi. 10-sinfni tamomlashim arafasida otam qaysi kasb egasi bo`lmoqchiligimni so`raganida “San`atkor bo`­la­man”, desam, “bizning av­lod­dan san`atkor chiqmagan. Armonimni amalga oshirib, o`qituvchi bo`l”, degan. Shunda “Toshkent teatr va rassomlik san`ati institutini tamomlab ham pedagog bo`lsa bo`lar ekan”, deganimdan so`ng oq fotiha bergan. Bir o`zim Toshkentga kelib, uch bos­qich­li imtihondan mu­vaf­fa­qiyatli o`tib, drama va kino aktyorligi fakultetiga o`qishga qabul qilinganman. Yodgora Ziyomuhamedova, Rus­tam Hamroqulov, Habibulla Abdullaev, Shamsiqamar Davutova, Ismoil Abdullaev kursdoshlarim. Juda kuchli kurs edik. Pedagog Nina Timofeeva qo`lida tahsil olganmiz. Rus­tam tabia­tan juda qiziqchi edi-da. Bir kuni “Abdusamad, tekin ovqat eysanmi?” dedi-da, ko`chada turgan avtobus ichiga olib kirdi. Rustam darchaga qo`lini uzatgandi, qon olishdi, meni ham majburlab qon topshirtirdi. Qo`limizga qog`ozcha berdi-da, “oshxonaga kirsang­lar ovqat beradi”, dedi. Qancha qon oldi bilmaymiz, boshimiz aylanib oshxonagacha amallab etib oldik. Ne ko`z bilan ko`ray, Rustam ikkita stakanda choy va ikkita kichkinagina bulochka ko`tarib keldi. Nigohimdagi ma`noni angladi, chog`i “nima qilay, shunigina berishdi”, deydi-da (kuladi). Talabalik vaqti pulimiz yo`g`ida shunaqa voqealar ham bo`lib turardi. Yana bir gal Rustam “har hafta uyingdagilardan pul olavermasdan bizga qo`shilib mehnat qilsang-chi”, deb qoldi, rozi bo`ldim. Dam olish kuni Rustam Hamroqulov, Ismoil Abdullaev va men erta tongdan Chorsudagi mardikor bozoriga bordik. To`rt soat turdik ham hech kim bizga “xaridor” bo`lmaydi-da. Rustamga “qorin ochdi, ketaylik”, desam, “pul topish osonmas, shoshma!”, dedi. Besh daqiqadan so`ng bir chol kelib, ikkilasiga yuzlanib, “Karam chopishni bilasanlarmi, ikkovingga besh so`mdan beraman” dedi, Rustam rozi bo`ldi. “Men-chi?” desam, “Otaxon jussamga qarab, “senga uch so`m beraman”, dedi. Yo`lga tushish oldi qornim ochligini aytsam, otaxon ikkita do`stimga butun, menga yarimta lag`mon olsa bo`ladimi (kuladi). Qisqasi ish boshladik, tushlikdan darak yo`q. Rustamga "yarimta lag`mon eganman, qornim ochdi", desam u “Aktyorlikka o`qiyapmiz-ku, sen hozir hushingdan ketasan, cholni ishontiramiz”, dedi. Shunday qildik, salqinda o`tirgan chol yugurib keldi-da “O`zi shu bolani olmay, degandim. Tur o`rningdan, karamni ezib qo`yding-ku”, deb do`q urdi. Xullas, ovqat ikki soatdan keyingina keldi. To`rt yillik talabalik davrimiz shu tariqa qiziq voqealar bilan o`tgan.

"KO`ZDA YoSh BILAN TEATRNI TARK ETGANMAN"

— O`nga yaqin kursdoshlarim bilan yo`llanma asosida Respublika yosh tomoshabinlar teatriga ishga yuborishgan. Katta-katta rollarni o`ynayman, deb bir olam orzular bilan borgandim. Biroq uch yil ommaviy sahnalarda ishlashga to`g`ri keldi. Ilk rolim “Qizil qalpoqcha”dagi tipratikan. Bir og`iz so`zi bor, xolos, uch oy repetisiya qilganmiz. Aslida shu rol ham talash edi (kuladi). Galdagi spektaklda qora quyon roliga ham uch oy tayyorlandim. Spektakl­ni topshiradigan kunimiz “bu rol shart emas ekan”, deb olib tashlashsa bo`ladimi? Moddiy tomonlama qiynalib qolganimdan sotuvchilik qilmoqchi edim. Shunda bir kishi “sening joying teatrda, shu erda o`sasan!” deb maslahat bergan, quloq tutganman. Yosh tomoshabin sahnadagi voqeani real qabul qiladi, teatrimizning boshqa teatrlardan farqi ham shunda. Shuning uchun ham bu teatrga mehrim bo`lakcha. To`g`ri, orada O`zbek Milliy akademik drama teatriga ishga bormoqchi bo`lganman. Biroq imkoniyatlarimni to`g`ri baholab, fikrimdan qaytganman. 1977 yil “Shum bola”da bosh rolni o`ynaganman. 1980 yil “Qovoqvoy va Chanoqvoy” spektaklidagi rolim meni elga tanitdi. Yuzlab rollarim orasidan aynan buning tilga tushishiga sabab, bolalar Qovoqvoy timsolida o`zini ko`rgan. Ko`pchilik ismimni bilmay, 18 yil sahnadan tushmagan shu rolimning nomi bilan Qovoqvoy, deb chaqiradi, xursand bo`laman. Ba`zilar mazax qiladi, xafa bo`laman-u, lekin taniganiga ham shukr, deb ketaveraman. “Zafar, Zufar va sehrgar” spektaklida onasi vafot etgan, otasi qayta uylangan aka-ukaning birining rolini o`ynaganman. Bola tushida marhum onasini ko`radigan sahna bor. “Oyijon!”, deb yig`lashim kerak. Rejissyor Ergash Masafaev “o`xshamayapti, yolg`ondan chaqiryapsan-ku. Onang bormi?” deb so`radi. “Onam vafot etgan”, desam, “tasavvur qil, qarshingda turgan aktrisa onang, qani chaqirib ko`r-chi”, degan. Rejissyor ustalik bilan shu tariqa meni holatga kirgizib olgan. Hamkasblarim “Abdusamad hozir yig`lab, rol ijro etadi”, deb yig`ilib olishardi. Shukr, barcha katta rollarni o`ynash nasib etgan baxtli aktyorman. Shu dargohda o`ttiz yildan oshiq ishladim, hatto nafaqaga chiqqanimdan keyin ham ishni davom ettirdim. U vaqtlar zabardast san`atkorlar ishlardi, muhit o`zgacha edi, borimizni berib ishlardik.

Ikki hamkasbim va meni o`n kunga viloyatga konsertga taklif qilishgandi, bu biz uchun qo`shimcha daromad ham edi. Teatr direktoridan ruxsat so`rasak, “arizangizni yozing!” deb turib oldi. Ko`zimizda jiqqa yosh bilan ariza yozib, teatrdan chiqib ketganmiz. Shuncha yillik mehnatim, qadrimga yig`laganman. Ijodiy muhit ham salbiy tomonga o`zgargandi, ishtiyoq so`ngan. Bu orada Respublika estrada sirk kollejida 12 yil yarim stavkada pedagog bo`lib ishladim. To`liq stavkaga ishga kirishimni so`rashgandi, teatrni tanlab rad etgandim. Oradan vaqt o`tib, rahbarlar yana o`zgardi, teatr muhiti yaxshilandi. Ishtirokimdagi bir spektakl qayta qo`yilganda, chaqirishdi, rad etmay o`ynab berdim. Bolalarning ko`zidagi mamnuniyatni ko`rishni zavqi bo`lakcha-da! Kamtarona mehnatimni 2001 yil O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist unvoni bilan taqdirlashdi.

Kinoda sanoqli rollar o`ynaganman. Boisi, yuragim “jiz” etmasa, pul uchun san`atimni sotmayman. Televizion loyihalarda ishtirok etib turibman. Yaqinda 20 qismli “Jiblajibon” teleserialida o`ynadim, tomoshabin yaxshi qabul qildi. Ochig`i, san`atsiz yasholmayman.

"TO`YIMIZ FOTO, VIDEODA­ SAQLANIB QOLMAGANI YoMON-DA"

— Oila qurishim ota-onamning tanloviga ko`ra bo`lgan. Uchrashuvga chiqsam, qarshimda tog`amning qizi turibdi. Poytaxtda o`qib, ishlaganim uchun Muborakni bolaligida ko`rgandim-da. Bir ko`rishda uylanishga rozi bo`lganman. 1977 yil to`yimiz bo`lgan, teatrimizning hamma a`zosi to`yga borgan.

“San`atkorlar kelar ekan”, deb butun qishloq uyimizga ko`chib kelgan. Otam esa “shuncha odamni qanday boqaman”, deb tashvishga tushgandi (kuladi). Tasavvur qiling, katta kenglik, yoz fasli, kelin-kuyovning atrofini ikki mingdan oshiq odam o`rab olgan. Shu tariqa, to`y tongga qadar davom etgan. Ming afsus, u vaqtlarda video, foto bo`lmagan. O`sha unutilmas voqealar xotira “kitobi”mizdagina saqlanib qolgan. Rafiqam Muborak Jo`raboeva Respublika yosh tomoshabinlar teatrida liboslar sexida ishladi, 2012 yil “Shuhrat” medali sohibi bo`ldi. Er-xotin bir erda ishlagani yaxshi-da, so`ragan narsamni muhayyo qilib berardi, qornimni doim to`q tutardi (kuladi). Yomon tomoni ish tugashi bilan “uyga ketdik”, deb olib ketardi. Bir gal rafiqamni avtobusga chiqarib, o`zimni xuddi sig`magan kishidek tutganman. Haligacha gapiradi, “o`shanda atay eshikni yoptirib, sig`may qoldim”, degansiz”, deb (kuladi). Baxtli turmushimizdan uch nafar farzandimiz bor: Abdujamoliddin, Abdujaloliddin, Nazokatxon. Qolaversa, sakkiz nabiraning buva-buvisimiz, baxtimizga ko`z tegmasin!

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi. Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV

    Boshqa yangiliklar