Markaziy bank va O`zbekiston banklar assosiasiyasi banklararo chakana to`lov tizimida mijozlarga xizmat ko`rsatishda “so`m” plastik kartochkalari orqali hisob-kitoblarni amalga oshirishda bank va nobank kredit tashkilotlari uchun amaldagi tavsiyaviy tariflar rejasiga ayrim o`zgarish va qo`shimchalar kiritdi.
Ushbu o`zgarish va qo`shimchalar mamlakatimiz Prezidentining “Pul muomalasini yanada takomillashtirish va bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitoblarni rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida” qarori va “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoni doirasida qabul qilindi. Joriy etilgan tarif rejasiga ko`ra, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning to`lov terminallari uchun to`laydigan ijara haqi ilgari mos ravishda 5 va 2,5 evrogacha ekvivalentda o`rnatilgan bo`lsa, endilikda ular so`mga o`tkazilib, mos ravishda 25 ming va 15 ming so`m etib belgilandi.
Ilgari jismoniy shaxslarga yo`qotilgan yoki shikastlangan plastik kartochkalari o`rniga yangisi berilganda 5 evro ekivalentigacha, yuridik va yakka tartibdagi tadbirkorlardan esa 10 evrocha ekvivalentda olinardi. Endilikda ayni xizmatlar uchun jismoniy shaxslardan 10 ming so`mgacha, yuridik va yakka tartibdagi tadbirkorlardan 15 ming so`mgacha haq olish tavsiya etildi.
Yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkor uchun korporativ plastik kartochkani emissiya qilishda tijorat banklari 5 evrogacha ekvivalentda olishardi. Yangi tavsiyalarga muvofiq bu xizmat turiga o`rnatilgan tarif 15 ming so`m etib belgilandi.
Jismoniy shaxslar plastik kartochkalarini (ish haqi, pensiya, nafaqa, stipendiya va oilaviy kartochkalar)ni emissiya qilish, plastik kartochkalarni blokirovka (shu jumladan, “stop-list”ga) qo`yish va chiqarish kabi xizmatlar bepul ko`rsatiladigan bo`ldi.
Tijorat banklari plastik kartochkalardan foydalanuvchilarning ularni ishlatishdan manfaatdorligini oshirishga yo`naltirilgan turli xil bonus, diskont va rag`batlantiruvchi xizmatlarni amaliyotga tadbiq etish borasidagi ishlari izchil davom ettiriladi.