O`zbekiston Futbol Federasiyasining yangi rahbariyati mamlakatda futbolni tubdan isloh qilishning yangi rejalarini ishlab chiqayotgani haqida avval xabar bergandik.
Federasiya prezidenti Umid Ahmadjonov boshchiligidagi ishchi guruhi 2018-2022 yillarga mo`ljallangan rivojlantirish dasturini ishlab chiqish asnosida futbolni ko`tarib turadigan to`rtta asosiy tamoyilga e`tiborni kuchaytiradi. O`FF matbuot xizmati ushbu ustunlarni sanab o`tdi.
Birinchi ustun bu musobaqalar bo`lib, O`FF bayrog`i ostidagi musobaqalar o`tkazilishi saviyasini OFK standartlari holatiga olib kelish, terma jamoalarning xalqaro musobaqalardagi ishtirokini yangi bosqichga olib chiqish birlamchi vazifa qilib qo`yiladi.
Ikkinchi ustun esa, texnikaviy rivojlantirish masalalar bo`lib, unga bolalar va o`smirlar, ommaviy futbol, ayollar futboli, futzal va plyaj futbolini rivojlantirish, murabbiylarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish kabi vazifalar kiradi.
Uchinchi ustun esa PFL va hududiy federasiyalar faoliyatini kuchaytirishbo`lib, unda asosiy e`tibor, futbol bo`yicha O`zbekiston chempionati va birinchiligi musobaqalarini o`tkazish tizimini tubdan isloh qilish, O`FFning a`zolari hisoblangan 14 ta hududiy federasiyaning mamlakat futbolini rivojlantirishdagi roli va dahldorligini oshirishga qaratiladi.
To`rtinchi ustun esa, xalqaro munosabatlar bo`lib, bu jabhada asosan FIFA, OFK, UEFA va boshqa konfederasiyalar, hududiy federasiyalar, milliy federasiyalar bilan o`zaro hamkorlik va hamjihatlik aloqalarini kuchaytirish, muvaffaqiyatli sinovdan o`tgan xalqaro tajribalarni o`zlashtirish masalalariga e`tibor qaratiladi.
Federasiyaning yangi rahbariyati ushbu 4 ustunga eltadigan zinapoyalardagi boshqa sohalarni ham takomillashtirish yo`lidan boradi. Bu hakamlar, jamoatchilik bilan aloqalar, moliya, yuridik va xizmat ko`rsatish masalalari kabi uzviy bog`liq sohalardir.