O`zbekiston va Qirg`iziston davlatlari o`rtasidagi “Kosonsoy” chegara-bojxona posti faoliyati qayta tiklandi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda viloyat va tuman hokimlarining o`rinbosarlari, huquqni muhofaza qilish idoralari, milliy madaniy markazlar rahbarlari, faxriylar, yoshlar, jurnalistlar, shuningdek, Olabuqa rayoni hokimi o`rinbosari boshchiligida tashrif buyurgan qirg`izistonlik mehmonlar ishtirok etdi.
Mehmonlar chegara postida o`zbekona mehmondo`stlik udumlariga binoan karnay-surnay sadolari ostida tantanali kutib olindi.
Marosimda o`zbek va qirg`iz xalqlarining tarixi umumiy, madaniy va diniy qadriyatlari mushtarak, an`ana va urf-odatlari o`xshash ekani, xalqlarimiz o`rtasidagi qadimiy do`stlik, qardoshlik va ahil qo`shnichilik munosabatlari keyingi vaqtlarda yangi bosqichga ko`tarilgani ta`kidlandi.






