AsosiyShou-biznes

Munisa RIZAEVA: "XONANDALARNI TO`YLARGA QARAMLIKDAN QUTQARMOQChIMAN"

'Munisa RIZAEVA: "XONANDALARNI TO`YLARGA QARAMLIKDAN QUTQARMOQChIMAN"'ning rasmi

"Darakchi" gazetasining "Uchrashuv" loyihasi mehmoni tabiatan berilgan xushchaqchaq, sho`x-shaddod va kirishimliligini ijodida ham aks ettira olgan xonanda Munisa RIZAEVA...

— Munisa, “Istiqlol” san`at saroyida ijodiy kechangizni taqdim etish arafasidasiz, tayyorgarlik jarayonida biror-bir kamchiliklarga duch kelmayapsizmi?

— Shou-biznesda kamchiliklarimiz juda ko`p. Birinchi galda texnika sabab jonli ijrolarni amalga oshirolmasligimiz. “Istiqlol” san`at saroyini talabga javob beradigan texnika bilan ta`minlashlarini judayam istaymiz. Shundagina bari jonli ijroda bo`ladi. Noyabrning so`nggi uch kunida jonli ijrodagi konsert dasturimni taqdim etaman, lekin “Istiqlol”dagi texnika bilan qanday ishlayman, nima bo`larkin?” degan savollar tinchlik bermayapti.

— Yaqinda turkiyalik mashhur xonanda Rafet el Roman dekorasiyasiz va hech qanday tayyorgarliksiz oltita sozanda bilan “Istiqlol” san`at saroyi sahnasida jonli ijroda konsert berish mumkinligini isbotladi...

— Xorijlik san`atkorlar o`zining texnikasi bilan keladi, yuqori saviyadagi jonli ijroning sababi shu. Rafet el Romanning hech bo`lmaganda o`zining ovoz rejissyori yonida bo`lgan. Bizda esa rahbariyat vakolati doirasidagi ishga mas`uliyat bilan qaramagani, fonogrammaga o`rganib qolgani uchun ham kaltak xonandalarning boshida sinadi. Xonandalarning o`zini to`yga urishi, o`z ustida ishlamay to`ybop qo`shiqlar yozishi va shu orqali pul topishni maqsad qilgani boisi ham shunda. Tan olaman, san`atkorlarning "non" topishi to`ylar orqali bo`lib qolgan. Yaqinda iste`dodli yoshlarni yig`ib, uch soat davomida yangi loyiha ustida suhbatlashdik. Aniqrog`i, “App story” dasturida “web” va mobil dasturlarni yo`lga qo`ymoqchiman. Shunda hamkasblarim o`z qo`shiq va kliplarini muxlislarga faqatgina shu dastur orqali taqdim etadi. Boisi dasturga joylangan ijod namunalarini yuklash pulli va xonandalar shu orqali mo`may daromad topadi. Bu esa to`y uchun engil qo`shiqlar qilmaslik hamda xalq xizmatlariga bo`lgan qaramlikdan chiqishga zamin bo`ladi.

— Muxlislar xonandalar to`ylarga qimmat narx evaziga borishidan norozi. Kamiga endi qo`shiq va kliplarni ham pul evaziga yuklab olish haqida gapir­yapsiz. Pul yana birinchi o`ringa chiqib qolyapti-ku?

— To`y narxi masalasiga kelsak, Munisa Rizaeva to`ylarga olti yuz dollar evaziga boradi va undan bir yuz ellik dollargina o`ziga qoladi. Jamoamda o`n kishi ishlaydi, ularning xizmat haqi bor. Qo`shiq yozilgunicha, klip efirga ketgunicha kadr ortida qoladigan qanchadan-qancha xarajatlar bor. Olti yil ichida aqalli bitta uy sotib ololmadim. “San`atkorga har kuni bayram”, deb o`ylashadi. Yo`q, sutkalab uxlamaymiz. Bilasizmi, olti yildan beri shaxsiy hayotimni chetga surib qo`yganman. “Umr yo`ldoshlikka munosib insonmikan?” deb birov bilan gaplashib ko`rish, oila qurishga vaqtim yo`q. Shaxsiy hayotim yo`lga qo`yilmaganidan afsuslanaman. Alam va ko`zyoshlarim tunlari jiqqa ho`l yostig`im bilan qoladi, muxlislar esa sahnada kulib turgan Munisani ko`rishadi. Lekin san`at yo`lini o`zim tanlaganman, chidashga majburman. Bilasizmi, bugun xonanda va muxlis o`rtasida chegara yo`qolgan. Shu bois muxlislar san`atkorni ko`rganida orzusi ushalgandek quvonmaydi, bizga talpinmaydi, chunki san`atkorlarni har kuni ko`radi. Masalan, Munisa Rizaevaga olti yuz dollar pul to`lasa, to`yiga kelishini biladi. Agar loyihamni yo`lga qo`ysam, san`atkorlar to`ydan topadigan pulga qarab qolmaydi. Chet elda mashhur xonandani ko`rish, bu — chinakam baxt, biz ham shu darajaga chiqishimizni istayman. Shundagina xonanda son emas, sifatga ishlaydi.


— Qo`shiq va kliplarni yuklab olish arzon bo`lmasa kerak?

— Hali aniq narx belgilanmadi. Taxminan har bir qo`shiq va klipni yuklash ikki yuz so`mdan bo`ladi. Har bir xonandani millionlab muxlislari bor, qancha pul ishlashimizni hisoblayvering. Bilasizmi, bugun istagan kishi katta mablag` bilan xonanda bo`lishi mumkin, sanoqlilarigina san`atkor darajasiga eta oladi.

— Munisa Rizaeva san`atkormi?

— Savolingizga aniq javob berolmayman. Lekin soham bo`yicha oliy ma`lumotim bor, iqtidorimdan qanday foydalanishni bilaman, iste`dodliligimga ham ishonaman. Bordi-yu sanab o`tganlarimga ega bo`lmaganimda, xalqning oldiga chiqib, aslo o`zimni o`zim sharmanda qilmasdim. San`atga endi qadam qo`yganimda onamga “qo`shig`imni xalq qabul qilmasa, ularni jig`iga tegmayman, san`at ostonasiga qaytib yo`lamayman”, deganman. Bugungi kunda tinimsiz pul tikilayotgan, lekin hech kimga nafi tegmaydigan, boshi tanqiddan chiqmaydigan “xonandalar” etarlicha. Meni ham yoqtirmaydiganlar ko`pligini bilaman.

— Sabab?!

— Yoqtirishmaydi, tamom. Kliplarimni efirga berilmasligi, qo`shiqlarimni radiolarda aylanmasligini istashadi. Ularni muhokama qilishga haqqim yo`q. Lekin aslida har bir qo`shig`imning tagida chuqur falsafa bor. Ijodimga boshqa rakursdan qarab ko`rishsa, maqsadimni anglashadi. Masalan, “Xafa-xafa” qo`­shi­g`imni klipi bilan taqdim qilganim bejiz emas. Bugungi kunda oiladagi tushunmovchiliklar sabab ajrashishlar shu qadar ko`pki, vahimaga tushadi kishi. Bu narsalar oila buzilishiga sabab bo`lmasligi kerak. Ota-onam ham ajrashishgan, farzandning to`laqonli oilada yashamasligi nima ekanini yaxshi bilaman... Xudo xohlasa, turmushga chiqsam, to`laqonli oilam bo`lishini istayman, farzandlarim ota­siz ulg`ayishi yoki o`gay otasi bo`lishini istamayman. Oila – muqaddas! Oila oldida er-xotinning mas`uliyat va javobgarligi bor, buni unutmaslik kerak. Qo`shiq va klipimdagi shu falsafani hech kim o`ylab ham ko`rmadi.


— “Bu mavzuni muxlislarga qo`shiq va klipda etkazib berishda xatolikka yo`l qo`ymadimmikan?” degan savolni hech o`zingizga berdingizmi?

— Klip so`nggida ruhshunos er-xotinga qarata “Siz eng baxtli oilasiz!” deydi. Shu gapning o`zida hamma fikr aytilgan-ku! Gap shundaki, bu muammoli mavzuni kayfiyatbop qilib, qog`ozga o`rab taqdim qilganmiz.

— Munisa, nega sizni katta bayramlarda ko`rmaymiz?

— Kimlargadir yoqmasam kerak. Yo`qsa, har bir bayram repetisiyasida borman. Lekin ko`pincha oxirgi kuni dastur ro`yxatidan o`chirishadi.

— Ijodni puldan ustun qo`yadigan Munisa Rizaevaning ma`naviyatga xizmat qiladigan qo`shiqlarini sanab bering.

— “Vatan”, “Ota-ona”. Siz nazarda tutgan qo`shiqni esa endi kuylayman.

— Olti yuzta qo`shiq kuylagan bo`lsangiz, vaqtingizni zoe ketkazibsiz-da?

— Hamkasblarimdan yo`­nalishim bilan ajralib turaman. Munisa Rizaeva, desa ko`pchilikning yuziga tabassum yuguradi. Maqsadim ham hazilomuz qo`shiq va kliplarim bilan yaxshi kayfiyat ulashish. Bolaligimdan atrofdagilarimga xursandchilik ulashuvchi qizman. O`sha vaqtdan beri “Mehribonlik uy”laridagi bolalarga, “Qariyalar uylari”dagi keksalarga homiylik qilib kelaman. 25 yoshimda menga mashhurlik nasib qildi, meni yaxshi ko`rishadi. Aslida ham sevimli bo`lib, odamlarning yuragida bo`lish orzuim edi. Bordi-yu yo`nalishimni o`zgartirsam, Munisa Rizaevaning o`zligi qolmaydi.


— "Sekin-asta" qo`shig`ingiz qozoq tilida, "Ubegi" qo`shig`ingiz esa kavkazcha "Ubegay" deya kuylandi. O`zingiz hech “plagiatlikka” qo`l urganmisiz?

— Qo`shiqlarimni o`g`irlab kuylashganidan ranjidim. Intellektual mulk agentligiga murojaat qilish haqida o`ylab turgandim. Plagiatlikka qo`l urganlar ayyorlik qilib, “Munisa Rizaevaning qo`shiqlari “cover” uslubida kuylandi”, deya e`lon qilishdi. Endi ular bilan sudlashishga haqqim yo`q. O`zim esa sira “plagiatlikka” qo`l urgan emasman.

— “Xafa-xafa” qo`shi­g`in­giz­ga ishlangan klip g`oyasi Alek­sey Vorobevning “Sumasshedshaya” qo`shig`i klipi bilan o`xshashligini qanday izohlaysiz?

— Bu plagiatlik emas! Men, Jamshid Hojiniyozov, Davron Kabulov har bir syujetni o`zimiz o`ylab topganmiz. Klip efirga uzatilgach, “Aleksey Vorobevning “Sumasshedshaya” klipidan olingan”, degan gap chiqdi. Vaholanki, biz u klipni ko`rganimiz yo`q, syujet qanday yaralganini bilganim uchun gap-so`zlardan keyin ham u klipni ko`rmadim. Menga alam qilgani — uch kunlab o`tirib syujet topib, tuhmatga qolganimiz bo`ldi. San`­at­kor xalqning dunyo­qa­ra­shini salbiy tomonga o`zgartiradigan ishlar qilmasligi kerak. Masalan, “Sakramento” qo`shig`im mu­hokamalarga sa­bab bo`ldi, endi to`ylarda kuylamayapman. “O`z­bek­konsert” konsert repertuarimdan ham oldirib tashladi, “xo`p bo`ladi!” dedim. Qaysidir qo`shig`im yoq­madimi, kuylamayman, odamlarning asabiga tegib nima qilaman?

— Bugun klipmeykerlar dangasami yo pro­fessional shoir bi­lan hamkorlik qil­mayotgan xonandalardan o`rnak olishyaptimi?

— Bir vaqtning o`zida sanoqsiz xonandaga klip ishlash vazifasini zimmasiga olib, "beshta barmog`ini barobar og`ziga soladigan" bo`lib qolishgan. Nazarimda, hali pulning “maza”sini tushunmagan yosh iste`dodlar bilan ishlagan ma`qul. Qo`shiqda asosiy omillardan biri, bu — yodda qoladigan so`zlar. Professional shoirlarimiz asar emas, qo`shiqning qonun-qoidasiga mos she`r yozib berishsin. Ishonasizmi, otam “dardim o`zimga etarli, dardli qo`shiqlarni eshittirma!” deydi. Haqiqatda muxlislarga u qo`shiqni tinglab, u haqda o`ylab, yuragiga ortiqcha yuk olishdan nima naf? Ins­tagramda Myanmadagi ayanchi holatlardan rasmlar joylab, izohlar yozishdi. Ishonsangiz, o`shandan buyon instagramga kirmayapman, u dahshatlarga qarolmayman.

— Oktyabr oyidagi uch kunlik konsertingiz nimasi bilan ikki yillik tanaffusni oqlay oladi?

— Jonli ijrosi, faqat “xit”lar va juda ko`p yangi qo`shiqlardan iboratliligi bilan. Duetdoshim esa muxlislar uchun yangilik bo`ladi.

— Jonli ijroda kuylash qahramonlik emas, bu xonandaning kasbiy vazifasi!

— To`g`ri!


— To`ylarda jonli ijroda kuylay oladigan Munisa Rizaeva nega shu vaqtgacha jonli ijroda konsert berolmadi? “Yomon raqqosga sahna torlik qiladi”, degan maqolni eshitganmisiz?

— “Istiqlol” san`at saroyining texnikasini talab darajasida qilib berishsin! Xorijliklar singari o`zim uch million dollarga texnika sotib oladigan yoki etmish ming dollarga ijaraga olish uchun mablag`im yo`q. Shundoq ham hozir konsertdan bir so`m foyda topmayman, zararga kirishim ham ehtimoldan xoli emas.

Shuni alohida ta`­kidlamoqchiman, bu yilgi konsertimda jonli ijro etib bo`lmaydigan ba`zi “bek-trek” musiqalarni fonog­rammada qo`yamiz, qolgan bari jonli ijroda bo`ladi. Biroq bu holatda ham konsert banerida “fonogrammadan foydalaniladi”, deb yozish kerak ekan. Muxlislar “yana fonogrammadagi konsert berarkan”, deb o`ylashmasin, deya aytyapman.

— Nega O`zbekiston Respub­likasi Madaniyat vazirligi, “O`zbekkonsert” Davlat muassasasidan kamchiliklarni barataraf qilishlarini so`ramaysizlar?

— Ancha yillardan beri barcha san`atkorlar “Istiqlol” san`at saroyining texnikasini jonli ijroda konsert berish uchun yangilab bering”, murojaat qilib kelyapmiz, natija yo`q. Oxirgi choramiz qoldi, Prezidentga murojaat qilish, shunda natija bo`lishiga yuz foiz ishonaman!

— Fonogramma bo`lsa-da, o`tgan galgi konsertingizda ovozingiz bo`g`ilib, haroratingiz oshib sahnaga chiqqaningizni aytgandingiz.

— Konsert boshlandi, deguncha betob bo`lishni boshlayman, balki bu hayajondandir. Fonogrammada konsert bergan yagona xonanda emasman-ku (kuladi). Ikki soat jonli ijroda kuylash oson ish emas.

— Balki hali “Istiqlol” san`at saroyida konsert berishga tayyormasdirsiz?

— Bu bahsli mavzu. Jonli ijrodagi konsertda asosiy omil, bu — ovoz. Talabga javob beradigan texnika bo`lmas ekan, sahna ortidagi qiyinchiliklarni muxlislarga tushuntirolmaymiz va tanqidga uchrayveramiz. Ikki yil puxta tayyorlanib, mana uchinchi yili konsert berishga ahd qildim.


— Unda O`zbekiston xalq artistlari Yulduz Usmonova, Ozodbek Nazarbekov qanday qilib jonli ijroda konsert berishyapti?

— Ular ham texnika, sof ovoz borasida qiynalishdi. Ozodbek aka konsert bermay ham qo`ydi.

— “Istiqlol” san`at saroyining mavqei tushib ketmadimi?

— Haqsiz! “O`zbekkonsert” nega san`atga kirib kelganiga hech qancha vaqt bo`lmagan, xalq e`tiboriga tushmaganlarga konsert berishi uchun lisenziya beradi?! Natijada chiptalar majburiy sotiladi, bu noto`g`ri-ku! Menda bunday holat bo`lmasligi uchun ham uch kungina konsert beryapman. Xalq sevadigan, talab bor san`atkorlargina “Istiqlol” san`at saroyida konsert berishga haqli!

— O`zbekiston xalq artisti Munojot Yo`lchievaning darajasiga etishni orzu qilasiz. Buning uchun harakatni boshladingizmi yo orzu qilgancha o`tiribsizmi?

— Ma`murim ishlarni kamaytirsagina, vaqt topa olaman. Ishonasizmi, shu qadar vaqtim tig`izligidan xotirjam ovqatlana olmayman, shu bois bir manzildan ikkinchisiga etib olguncha mashinada nimadir eb olaman. Instagramdagi rasmlarimga e`tibor berganmisiz, hammasi mashinada, umrim yo`lda o`tib ketyapti. Lekin maqom bo`yicha ustozimiz Munojot Yo`lchievadan dars olaman. Aytmoqchi, “xohishing, ovozing bor, uddalaysan!” dedilar (kuladi).

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar