1

Shifo maslahat: “SUN`IY TIShLAR HAQIDA MA`LUMOT BERING”

Salomatlik 29.09.2017, 15:59
Shifo maslahat: “SUN`IY TIShLAR HAQIDA MA`LUMOT BERING”

— Otam 65 yoshda. Yoshga bog`liq o`zgarishlar hisobiga tishlari sinib, ayrimlari tushib ketayapti. Hozirda singan tishni tagi bilan olib tashlab, o`rniga sun`iy tish qo`yish amaliyoti bajarilayotgan ekan. Shu muolaja haqida so`ramoqchi edim.

Isroil Mavlonov, Buxoro viloyati

Ulug`bek MUHAMMADXO`JAEV, oliy toifali shifokor-stomatolog:

— Yo`qotilgan tish o`rnini sun`iy tish, protez hamda implantantlar yordamida davolashmumkin. Buning uchun avvalo og`iz bo`shlig`i infeksiyalardan xoli bo`lishi lozim. Agar og`iz bo`shlig`ida kasallangan tishlar, protez qo`yiladigan chegaralarda yallig`lanish mavjud bo`lsa, muolajadan avval davolaniladi. Sun`iy tishlarni keksa yoshdagilarga qo`yilishi umumiy ahvoli, surunkali kasalliklarning bor-yo`qligiga qarab tavsiya etilishi mumkin. Turiga ko`ra sun`iy tishlar olinadigan va olinmaydigan shaklda bo`ladi. Tayyorlanadigan materiali ham turlicha bo`lishi mumkin.

Protez tishlar orasida bugunda byugel turi keng foydalanilmoqda. Bu qisman olib qo`yiladigan protez turi bo`lib, og`iz bo`shlig`i tish qatorlarida ko`plab tishlarning yo`qligi, ko`prik protezlarni qo`llash mumkin bo`lmagan holatlarda qo`llaniladi.

Byugelning ko`plab turlari mavjud: ilmoqli, relsli, qulfli kabilar. Ilmoqli byugellar og`iz bo`shlig`ining orqa sohalariga joylashtiriladi. U jag` tishlar bo`lmagan holatlarda qo`yiladi. Qulfli byugellar esa orqa tishlari bo`lgan bemorlarga qolgan tishlarni qoplash uchun qo`yiladi. Bu turdagi protez tishlar asosan ikkilamchi, qisman va odentiya – tish qatorlaridagi tishlarning ko`p miqdorda bo`lmasligida tavsiya etiladi. Tish protezini qo`yishdan maqsad og`iz bo`shlig`iga tushayotgan chaynov bosimini to`g`ri taqsimlashdir. Bunday protezni qo`llash uchun og`iz bo`shlig`ida kamida 5-6 ta tish bo`lishi lozim. Protez ichiga metall karkas o`rnatilgani chidamliligini oshiradi. Karkas turli metallar, asosan kobaltli xrom hamda nikelli xromdan tayyorlanadi.

Yo`qotilgan tishning o`rniga sun`iy ildiz dental implantant ham qo`yish mumkin. Dental implantantlarning afzal tomoni, ular tishning ildizi sifatida qo`yiladi, tish ildizi qanday vazifani bajarsa, u ham xuddi shu vazifani bajaradi. U bemorning chaynash funksiyasini 100 foiz tiklash imkoniyatini beradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1