O`zbekiston Futbol Federasiyasi Prezidenti Umid Ahmadjonov bugun Dubayda Birlashgan Arab Amirliklari Futbol Uyushmasi vise-prezidenti Abdulla Nosir al-Junaybiy bilan uchrashdi.
Uchrashuv chog`ida tomonlar O`zbekiston va BAA futbolini yanada rivojlantirish uchun hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, O`zbekiston Futbol Federasiyasi va Birlashgan Arab Amirliklari Futbol Uyushmalari o`rtasidagi do`stona aloqalarni mustahkamlash orqali o`zaro tajriba almashinuvini yo`lga qo`yish, shuningdek, ikki mamlakat yoshlari orasida futbolni yanada ommalashtirish uchun amalga oshirilishi kutilayotgan chora-tadbirlar to`g`risida suhbat olib bordilar.
Uchrashuv yakunida Umid Ahmadjonov va Abdulla Nosir al-Junaybiy O`FF va BAA Futbol Uyushmasi o`rtasidagi hamkorlik memorandumini imzoladilar.
Ushbu memorandum O`zbekiston va BAA terma jamoalari va klublariga turli yosh toifalarida o`rtoqlik o`yinlari va musobaqalar,o`quv-mashg`ulot yig`inlarini tashkil qilish va o`tkazish, ikki mamlakat terma jamoalarining murabbiylari o`rtasida tajriba almashinuvini yo`lga qo`yish, shuningdek, futbol, ayollar futboli, futzal,bolalar-o`smirlar futbol maktablarida faoliyat olib boradigan murabbiylarni o`qitish va malakasini oshirish, murabbiylar, hakamlar va sport medisinasi xodimlarini o`qitish va malaka oshirish kurslariga yuborish kabi katta imkoniyat eshiklarini ochib beradi.
Umid Ahmadjonov Abdulla Nosir al-Junaybiy bilan uchrashuvda BAA Futbol Uyushmasining xalqaro musobaqalarni tashkil qilish va o`tkazish tajribasini o`zlashtirish haqida gapirar ekan, 2018 va 2019 yilgi klublar o`rtasidagi jahon chempionati, 2019 yilgi Osiyo Kubogi tashkiliy qo`mitasiga bir guruh O`FF mutaxassislarini malaka oshirish uchun yuborish masalasini ham alohida muhokama qildi.
“O`zbekiston Futbol Federasiyasi kelajakda BAA kabi FIFA va OFK turnirlarini O`zbekistonda o`tkazishga tayyor bo`lishi uchun ham biz kadrlar tayyorlash dasturi doirasida ushbu masalaga jiddiy e`tibor qaratdik”, - deydi Umid Ahmadjonov O`FF matbuot xizmatiga. “O`FFda xalqaro tajribaga ega mutaxassislar bor, lekin biz FIFA va OFK tadbirlarini O`zbekistonga olib kelmoqchi ekanmiz, katta tajribaga ega mutaxassislarni tayyorlash birlamchi vazifaga aylanadi. Shuning uchun ham Osiyoning etakchi federasiyalari bilan o`zaro tajriba almashinuviga erishish oldimizdagi katta vazifalardan biri hisoblanadi”.
Memorandum, shu bilan bir vaqtda, O`zbekiston va BAA futbol ligalari doirasidagi o`yinlarga ikki mamlakat hakamlarini taklif qilish, xalqaro tadbirlarni tashkil etish va o`tkazishda O`FF va BAA Futbol Uyushmasi xodimlarining o`zaro tajriba almashishiga imkoniyat yaratib beradi.
Ta`kidlash kerakki, bu Umid Ahmadjonov O`FFga prezident etib saylanganidan beri xorijga amalga oshirgan ikkinchi safaridir. Bungacha Umid Ahmadjonov FIFA prezidenti Janni Infantino bilan uchrashib, O`zbekiston FIFAning xalqaro musobaqalari va tadbirlariga mezbonlik qilishga tayyor ekanligini ma`lum qilgan edi.