03.12.2013 11:13
Xitoylik rejissyor “ortiqcha” bolalar uchun pul to`laydi
Bu haqda u o`z kompaniyasining blogida chop etilgan ochiq xatda ma`lum qiladi.
Chjan Imouning so`zlariga ko`ra, uning rafiqasi bilan uchta farzandi bor – ikkita o`g`il va bir
qiz, deya xabar beradi “BBC News”. Rejissyor “Bitta oila – bitta farzand” siyosatini buzganligi uchun mamlakat hukumatidan uzr so`radi va joriy etilgan jarimani to`lashga va`da berdi.
Shuningdek, Imou unda etti yoki sakkizta farzand borligi haqidagi ma`lumotlarni chop etgan OAV bilan sudlashishini ham bildiradi. Matbuotda yozilishicha, go`yoki uning to`rtta turli
ayoldan farzandlari bor.
2013 yil may oyida Xitoy hukumati Chjan Imouni farzandlar sonini cheklash to`g`risidagi qonunni buzganlikda gumon qilib, tekshirish ishlarini boshlagan edi. O`shanda etti nafar bola uchun jarima miqdori, uning daromadidan kelib chiqqan holda, qariyb 160 million yuanni (taxminan 26 million dollar) tashkil etishi mumkinligi ma`lum qilingandi.
Qayd etib o`tamiz, Chjan Imou G`arbda taniqli bo`lgan xitoylik kinorejissyorlardan biri hisoblanadi. U “Uchar xanjarlar uyi”, “Uyga yo`l”, “Qahramon” va boshqa filmlarni suratga olgan. Uning kartinalari Berlin va Venesiya kinofestivallarining mukofotiga sazovor
bo`lgan, shuningdek, bir necha bor “Oskar” mukofotiga ham da`vogarlik qilgan.
Shu o`rinda, Xitoyda aholi o`sishining oldini olish maqsadida 1970-yillar oxirida joriy etilgan “bitta oila – bitta farzand” siyosati hamon amalda ekanini qayd etish joiz. Hozir ushbu cheklov fuqarolarning 63% ga taalluqlidir. Qolganlar esa turli imtiyozlardan foydalanmoqda. Yaqinda mamlakat hukumati ota-onasidan kimdir oilada yolg`iz farzand bo`lgan er-xotinlarga ikkita farzandli bo`lishga ruxsat berilishi haqida e`lon qildi.