AsosiySalomatlik

Shifo maslahat: DIQQAT, IChAKDA INFEKSIYa!

'Shifo maslahat: DIQQAT, IChAKDA INFEKSIYa!'ning rasmi

— Ichakka infeksiya tushishi haqida ma`lumot bersangiz. Stafilakokk infeksiyasining paydo bo`lishiga sabab nima? Bu holatda antibiotiklarsiz muolaja qilsa bo`ladimi? Menda antibiotiklarga ta`sirchanlik bor, disbakterioz boshlanadi.

Sayyora SOLIEVA, Toshkent shahri

Abdumurod KATTAQULOV, oliy toifali shifokor-infeksionist:

— Infeksiyalar inson organizmining ichak a`zosi yoki qonida bo`lishi mumkin. Uning kelib chiqishi ham shunga ko`ra farqlanadi. Masalan, stafilakokk infeksiyasi kattalar va bolalarga turli yo`llar orqali yuqadi.

Bolalarda asosan tillarang stafilakokk ko`p uchrashi bilan qayd etiladi. Infeksiyaning mazkur turi tug`ruq vaqti homila qog`onoq suvini yutib yuborishi yoki emizikli ayolning ko`krak sohasidagi turli jarohatlarga tushgan viruslar sabab yuzaga kelishi mumkin. Shu bilan birga, tug`ruq jarayonida tibbiyot xodimlarining sanitariya-gigiena qoidalariga rioya etmasligi ham infeksiyaga yo`l ochadi.

Kattalarda esa yuqish yo`llari turlicha. Shunisi qiziqki, ayrim odamlar infeksiya tashuvchi bo`lib, bu haqida o`zi ham bilmaydi. O`zi xastalanmaydi-yu, ammo boshqalarga kasallik infeksiyasini yuqtiraveradi. Infeksiya burun yoki tomoq shilliq qavatida joylashgan bo`lsa, aksirish yoxud yo`tal jarayonida havoga tarqaladi. Infeksiya to`liq sterillanmagan tibbiy asbob-anjomlardan ham yuqishi mumkin.

Infeksiya «imzosi» ni bilasizmi?

Stafilakokk infeksiyasi tashqi ta`sirlar, sifati buzilgan oziq-ovqat mahsulotlarida ko`payishi mumkin. Shu bilan birga, gigiena qoidalariga rioya etmaslik ham xastalikka olib keluvchi omildir. Biroq eng muhim «aybdor» bu immunitet! Aynan immun tizimining sust bo`lishi infeksiyalar uchun qulay imkoniyat yaratadi. Aslida og`iz bo`shlig`idan to yo`g`on ichakkacha organizmning himoya to`siqlari mavjud. Agar immunitet mustahkam bo`lsa, har qanday infeksiya mana shu to`siqdan o`tmaydi. Masalan, og`iz bo`shlig`idagi amelaza fermenti kam miqdordagi infeksiyalarni bartaraf etib, organizmga kiritmaydi. Anglaganingizdek, immunitetni chiniqtiring.

“Qo`li” baland kelsachi?

Ayrim infeksiyalar juda kuchli bo`lib, immun tizimini oson mahv etadi. Misol uchun, botulizm infeksiyasi organizmga tushishi bilan faollashib, xastalik alomatlarini paydo qiladi.

Immunitetning susayishi asosan kichik yoshdagi bolalar va 45-50 dan oshgan kishilarda kuzatiladi. Og`iz orqali o`tganda oshqozon ichak traktini shikastlaydi.

Nimasi xavfli?

Stafilakokkning epidermalis turi, ko`z, burun shilliq qavatlari, teri va soch ildizida yiringli kasalliklarni paydo qilishi mumkin. Infeksiyaning patogen turi esa meningit, osteomielit (suyak to`qimasi yallig`lanishi) hatto absessga ham sabab bo`lishi aniqlangan. Umuman stafilakokklar ta`sirida organizm ichki a`zolarida har qanday yiringli yallig`lanishlar kuzatilishi mumkin. Ushbu infeksiya o`pka yallig`lanishi yoki yurak klapanlariga ham ta`sir etishi hech gap emas.

Davolash mumkinmi?

Agar stafilakokk ta`sirida yiringli kasallik kelib chiqqan bo`lsa, undan namuna olinib, ekma tahlili o`tkaziladi. Tekshiruv xulosasiga ko`ra zarur preparatlar, xususan, penisilin va sefalosporin guruhiga mansub antibiotiklar tavsiya etiladi. Shu bilan birga, shifokor nazoratida stafilakokkga qarshi bakteriofaglar buyuriladi. Muolaja davomida bemor to`g`ri ovqatlanishi, tanaga quvvat ulashuvchi mahsulotlarni iste`mol qilishi, ko`proq dam olishi va kun tartibiga rioya etishi zarur. Tushunganingizdek, infeksiyalarga qarshi muolajada yaxshisi, kasallik ta`tiliga chiqqan ma`qul. Uy sharoitida qorag`at mevasidan tayyorlangan sharbat yoki choylar asqatadi.

Disbakterioz – chi , u nima bo`ladi?

Bu holat tashhis emas, ayrim turdagi peraparatlar ta`siridan kelib chiqadigan sindrom, xolos. Bordi-yu uzoq muddat antibiotik qabul qilingan bo`lsa, disbakterioz kelib chiqishi mumkin. Ammo uch kunlik muolaja bundan mustasno. Stafilakokk turiga ko`ra tayinlangan antibiotiklar o`z vaqtida qabul qilinmasa, kasallik yanada avj olishi hech gap emas. Shu bois disbakteriozdan cho`chimay, shifokor bilan bamaslahat ish ko`ring.

    Boshqa yangiliklar