MULOHAZA

Mutolaa 03.10.2017, 11:54
MULOHAZA

XXI asr texnologiya asri sifatida e`tirof etilaverib, bu so`zlar bugun biz uchun ko`nikmaga aylanib qoldi. Darhaqiqat, zamon jihatdan, bu — imkoniyatlar asri sanaladi. Yangidan-yangi texnik-texnologik uskunalarning kashf etilayotganidan ham bora-bora hayratlanmay qo`ydik. Lekin endi bizni boshqa narsa hayratga solmoqda. Aslini olganda bugungi hayratimiz ertangi taqdirga qanday ta`sir etishi mumkinligi haqida hech mulohaza yuritganmisiz?...

Bugun biz mulohaza qila oladigan inson bo`lib, zamonaviy texnikalarning imkoniyatlarini o`rganayotgan bir paytda hali o`z aqlini tanimagan go`dakning ulardan bemalol foydalanishini ko`rsak, “E qoyil! Mana, yigirma birinchi asr bolasi”, deymiz beixtiyor.

Keling, shu o`rinda yaqin o`tmishga nazar solaylik. Bir paytlar “Ertak aytib bering”, deya xarhasha bilan uyquga yotgan go`daklar — kishilar aynan o`zimiz edik. Ota-onalarimiz, bobo-buvilarimizning tilidan taassurotlar bilan tinglagan ertaklar bugun qaysidir ma`noda ezgu amallarga, beg`uborlik damlarimizga etaklaydi. Shunga aytishsa kerak-da, “Ertaklar — yaxshilikka etaklar” deb.

Xo`sh, hozir biz e`tirof etayotgan XXI asr bolasi buvilarimizdan bizga me`ros bo`lgan ertaklarni tinglab tarbiya olayaptimi? Hechqisi yo`q, axir bu savolga yo`q deb javob berish ham biz uchun oddiy hol bo`lib borayaptiku. Yoki o`zimizni oqlash uchun “Ertak bo`lmasa, multfilm ko`radi”, deymiz.

Multiplikasiya tarixi: Multiplikasiya rasmli va hajmiy bo`lib, ularning har biri siluetli, barelefli turlarga bo`linadi. Rasmli kino birinchi marta fransuz rassomi va muhandisi E.Reynoning ancha mukammalroq moslamasi orqali 1892 yilda namoyish qilingan. Sekundiga 24 kadr tezligida kadrma-kadr suratga olish yo`sini bo`yicha ishlangan dastlabki rasmli filmlar muallifi E.Kol sanaladi. Hajmiy multiplikasiyaning asoschisi esa rus operatori va rejissyori V. Starevich. Multfilmlarning keyingi taraqqiyoti personaj sifatida hayvonot dunyosiga murojaat etish bilan boshlanadi. O`z ijodida Mikki Maus laqabli sichqon, o`rdak Donald, it Plutolardan keng foydalangan Uolt Disneyning dovrug`i ham keng tarqaldi. (“Oppog`oy”, “Pinokkio”, “Bembi” va boshqalar)

Olimlarning aniqlashicha, bolaga yoshiga munosib biror tarbiyaviy voqea, hodisalarni o`z tilida aytib, tasavvur uyg`otish uning irodasi va xotirasini mustahkamlab, fikrlash doirasini kengaytirar ekan.

Vaholanki, bugun biz multfilmlarni ham bolaning tarbiyasi uchun emas, uning vaqtini o`g`irlash uchungina qo`yib beramiz, xolos.

Tarbiyaviy jihati haqidaku mulohaza yuritib nima qildik? Axir ma`lumku, suratlar orqali ifodalangan qiziqarli rangli tasvirlar nari borsa, bu biz uchun tanish va bugun hamma bolalar miriqib tomosha qiladigan “Alovuddin”, “Shrek”, “Sohibjamol va maxluq” yoki hatto o`zimiz ham sevib tomosha qilgan “Tom va Jerri” multfilmlari bo`ladi.

Yuzaki aytganda, biz ushbu multfilmlarning aksariyat lavhalarini eslaymiz va bilamiz, ularda yaxshilikning yovuzlik ustidan g`alabasi yoki shunchaki mushuk sichqon sho`xliklari ifodalangan, deb o`ylaymiz.

Ammo multfilm ishlab chiqaruvchi qo`shtirnoq ichidagi “uddaburo”lar o`z g`oyaviy yurishini tasvirlar orqali shunday ustomonlik bilan targ`ib qilishganki, sizu bizni qiziqtirmaydigan nozik lavhalar aslida bola ongining markaziga joylashishini ular juda yaxshi bilishgan.

Oddiygina telefonni qanday tutishni atrofidagilardan tezda o`zlashtirib olgan go`dak rang-barang tasvirlardagi nozik nuqtalargacha e`tiborli ekanini barchamiz ham anglayvermaymiz.

BU MULTFILMNI HAMMA KO`RGAN, AMMO...

MA`LUMOT: Amerikalik multiplikatorlar Uilyam Xanna va Jozef Barbera hamda rassom Irvin Spens va Kennet Myus tomonidan yaratilib, 1940 yil 4 fevraldan ekranlarga chiqqan “Tom va Jerri” multseriali tez orada butun dunyo bo`ylab dovrug` qozona boshlagan. 1958 yilga qadar Gollivudning “MGM” studiyasida prodyuser Fred Kuimbi hamda bastakor Skott Bredli tomonida multserialning lavhalari musiqa ohanglari bilan boyitilgan. Ushbu multserial bir necha bor “Oskar” mukofotiga loyiq topilgan.

Darhaqiqat, “Tom va Jerri” multserialining asosiy g`oyasi sifatida do`stlik, mehr-oqibat, sport va musiqaga bo`lgan muhabbat targ`ib etiladi, deya qayd qilingan ma`lumotlarda. Ammo multfilmni kuzatar ekanmiz, asosiy urg`u behayolikni targ`ib etuvchi lavhalarga berilganiga nima deysiz?

Tahlil jarayonida ma`lum bo`ladiki, multfilm qahramonlari Tom va Jerri o`rtasidagi o`zaro nizo bir-biriga shiddat bilan ayovsiz qasd qilish orqali maqsadlariga etishga harakat qiladi. Behayolikni targ`ib etuvchi lavhalarga kelganda esa voqealar birmuncha sekinlashtirilgan holda, bolada ilk ixtirosli holatlarni musiqiy hamohanglik orqali singdiradi. Natijada ekrandagi hodisalar go`dak xotirasiga qiyinchiliksiz joylashib qoladi. Endi bir o`ylab ko`ring, kattalarga xos bo`lgan hissiy kechinmalarning multfilm qahramonlari orqali ifodalash bola ongiga qanday ta`sir etishi mumkin? Bu savolga javob berish uchun aynan psixolog bo`lish shart emas.

Ulug` marifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy o`z asarlarida ta`lim-tarbiya to`g`risida ham ko`p bor to`xtalib:

“Tarbiya bizlar uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir”deya e`tirof etgan.

Farzand tarbiyasi, bu — yaxshi niyat bilan barpo etilayotgan binoga kabidir, agar uning poydevorini mustahkam qursangiz, turli tashqi ta`sirlarga bardoshli va ko`rkam bino bo`lib qoladi. Poydevoridan e`tibordan qolgan bino ming savlat to`kmasin, payti kelib aslini ko`rsatib qo`yadi.

Yashirin targ`ibotlar, bolaning ichki hissiyotlari bilan o`ynashish multfilm ishlab chiqaruvchilarga nima uchun kerak bo`lib qoldi, degan haqli savol tug`iladi. Javobi esa o`zlarigagina ayon bo`lsa-da, ularning g`oyalari salbiy ekanligi bizga ayon bo`lib bormoqda.

ESKI G`OYaLAR YaNGI ZAMON BILAN...

“Tom va Jerri haqidagi multfilmlarni asosan biz ko`rganmiz. Bugun bolalar uchun yangidan-yangi multseriallar ishlab chiqarilyapti, xavotirga o`rin yo`q”, deyishingiz mumkin. Keling, “Alovuddin” multfilmini olaylik...

MA`LUMOT: Alovuddin” to`liq metrajli multfilmi ilk bor 1992 yil Uolt Disney studiyasida rejissyorlar Jon Masker va Ron Klements tomonidan ishlab chiqilgan. Multfilm mashhur “1001 kecha” ertagi asosida yaratilgan bo`lib, voqealar rivoji Bog`dod tasviri bilan uyg`unlikda davom etadi.

O`ziga xos yumoristik holatlarga boy “Alovuddin” multfilmi qahramonlarini qaysidir ma`noda zamonaviylikka hamnafas deyish mumkin. Bu hodisalar jarayonida Jin tomonidan foydalaniladigan zamonaviy teknikalar misolida ko`rinadi.Multfilmning g`oyasi sifatida maqsadi yo`lidagi qiyinchiliklarga bardoshli yigit va qiz o`rtasidagi muhabbat tasvirlanadi. Ammo bir jihatga e`tibor qarating, aksariyat G`arb filmlarida targ`ib etiladigan quyidagi holatlar endi multfilmlar ko`rinishida bolalar ongiga ham singdirilmoqda. Ya`ni mehnatsiz boylikka etishish, xazina topib olish yoki istagingni hech bir qiyinchiliksiz amalga oshiradigan sehrli dastyorga erishish.

G`arb tushunchasiga ko`ra shu yo`l bilan erishilgan har qanday narsa baxtga etaklaydi. Bunday tasvirlardan o`zimizning ijodkorlarimiz ham foydalanishadiku, deyishingiz mumkin. Albatta shunday, misol uchun, Xudoyberdi To`xtaboevning “Sariq devni minib” asarida Hoshimjon sehrli dastyor — qalpoqcha topib olib, o`z maqsadlariga erishayotgandek ko`rinadi. Lekin asarning haqiqiy g`oyasini asar so`nggida tushunib etasiz.

Bilimsiz va mehnatu mashaqqatsiz erishilgan yutuqlar kishini obro`sizlantirishi aytiladi.

“Alovuddin” multfilmidagi g`oya esa biz yuqorida ta`kidlagan G`arbona qarashlar bilan tasvirlangan, xolos.

Shuningdek, Tom va Jerri multfilmidagi yashirin targ`ibot — ixtirosli hissiyotlarni namoyish etish “Alovuddin” multseriali orqali ham tasvirlanganiga nima deysiz? Yarim yalong`och kiyimdagi malikaning injiqliklari va yigitga bo`lgan tuyg`ularini bemalol izhor etishi bizning qaysi me`zonlarga to`g`ri keladiki, uni farzandlarimizga namoyish etishni lozim topsak?! Hattoki malikaning ko`z qarashlari ham uning tuyg`ulari ixtirosli ekanini yashirmagan va bu orqali multfilmning salbiy g`oyalarini anglash ham qiyin emas.

Bundan ko`rinadiki, ekran qarshisida vaqti chog` o`tayotgan bola qanday g`oyalar asosida tarbiya olayotganiga e`tibor berishda erinmaslik lozim. Yana shu kabi salbiy jihatlarni namoyish etayotgan G`arb multfilmlarini ko`plab keltirish mumkin. Xususan biz bilgan “Shrek”, dong`i chiqqan “Sohibjamol va maxluq” kabi multfilmlarda salbiy ta`sir etuvchi jihatlar: ayolga behurmatlikni, zo`ravonlik yoki oshkoro hissiy tuyg`ularni ifoda etish kabi lavhalar mavjud so`zimizga isbot bo`la oladi.

Multfilmlar orqari targ`ib etilayotgan yot jihatlarni bugun hattoki G`arb olimlari ham qoralashmoqda. Bu xususida ko`rsatuvlar tayyorlanib, keng ommaga namoyish etilayotgani ham sir emas. Ammo biz bolalarimiz istagan narsasini olib berish uchun sharoit yaratishga berilib, ularning ongi uchun zarur bo`lgan ma`naviy ozuqalarni unutib qo`yamiz. Hech bo`lmasa, bola xulqiga salbiy ta`sir etayotgan jihatlarga e`tiborliroq bo`lishimiz lozimligini yoddan chiqarmaslik kerak.

HIKMAT QAERDA?..

Farzand tarbiyasi nozik masala. Shuni hisobga hisobga olgan holda rejissyor va multiplikatorlarimiz tomonidan filmlar, multfilmlarning sifati, g`oyaviy jihatiga asosiy urg`u berilmoqda. O`zbek multfilmlari tarixan ham hikmatga boy. Misol uchun, “Xo`ja Nasriddin”, “Zumrad va qimmat”, “Ur, to`qmoq” kabi multfilmlarning ertaklarini eshitib ulg`ayganmiz. Ularda ajoyib hikmatlar tasvirlangan.

O`zbek multfilmlari tarixi: O`zbekistonda birinchi qo`g`irchoq multfilm “6x6 kvadiratida” rejissyor Damir Salimov tomonidan 1965 yilda ishlangan. Ilk rasmli multfilm “Jasur chumchuqcha” 1969 yilda V.Arsentiv tomonidan tayyorlangan. Tarixiy multifilmlar sifatida “Lochin va yulduz haqida ballada”, “Sehrli samovar”, “Yulduzli ertak”,“Qor odam”, “Begona”, “Xo`ja Nasriddin” va shu kabi boshqa ijodiy ishlarni sanash mumkin.

Milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizni namoyish etuvchi multfilmlar, animasion filmlar yaratishga keng imkoniyatlar berildi. 2011 yilda Svetlana Muratxojaevaning “Spitamen” nomli afsonaviy animasion filmi ekranlarga chiqdi. Endilikda o`zbek multiplikatorlari ham kompyuter texnologiyalaridan keng foydalangan holda “Ro`bob”, “Kulol”, “Jaloliddin haqida ertak” va boshqa shu kabi hikmatli, tarbiyaviy ahamiyatga ega bo`lgan multfilmlar ishlab chiqarmoqda. Shu o`rinda savol tug`iladi: o`zimizda ishlab chiqarilayotgan multfilmlar farzandlarimizga qay darajada ma`qul kelmoqda?

Bular bolaga qanday ozuqa berishi mumkin? Yaxshisi, so`ng mulohazani o`zingizga havola eta qolamiz...

Abdulaziz RUSTAM o`g`li





Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1