Argentinalik futbol yulduzi Lionel Messi boyligi 1 milliard dollarga etgan futbolchilardan biriga aylandi. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar berdi.
Bloomberg Billionaires Index ma'lumotlariga tayanib xabar berishicha, soliqlar, bozor sharoitlari, investitsiyalar va homiylik daromadlarini hisobga olganda, Lionel Messining sof boyligi 1 milliard dollardan oshgan.
Qayd etilishicha, bu ko'rsatkich uni sport dunyosida ilk milliarder bo'lgan uzoq yillik raqibi Cristiano Ronaldo bilan bir qatorga qo'yadi.
Ma'lumotlarga ko'ra, Messi 2007 yildan buyon faqat maosh va bonuslar hisobidan 700 million dollardan ortiq daromad olgan. Uning milliarder maqomiga erishishida reklama shartnomalari, media loyihalar va investitsiyalar ham muhim rol o'ynagan.
Hozirda 38 yoshli hujumchi 2023 yildan beri Amerikaning "Inter Mayami" klubida to'p surmoqda. Uning yillik umumiy daromadi taxminan 130 million dollar atrofida baholanadi.






