Galdagi qahramonimiz tanqiddan qochmaydigan, keskir javoblari bilan hamkasblaridan ajralib turadigan serqirra aktrisa Zarina NIZOMIDDINOVA...
Yoshligingizdan qo`shiq kuyladingiz, raqs bilan shug`ullandingiz, aktrisaga aylandingiz, liboslar do`koni ham ochdingiz, yopilishga ham ulgurdi. Bu tavakkallaringizning qay biri qimmatga tushdi?
— Qo`shiqni o`zim uchun kuylaganman. Raqs bilan professional shug`ullandim va olgan bilimlarim bugun O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutidagi tahsil jarayonimda qo`l kelyapti. Bilasizmi, u erdagi ayrim talabalar hatto raqs tushishni bilishmaydi, umuman bu soha yuzasidan tushunchasi ham yo`q. Do`konga kelsak, eslatmasangiz yodimdan ham chiqib ketibdi. Ko`nglimdagidek do`kon bo`lmagani uchun mehr qo`yib ishlamadim va tez fursatlarda yopdim.
4 yoshidan qo`shiq kuylashni boshlagan Zarina Nizomiddinovaning xonandalikka qaytishi omadsiz bo`ldi. Nima sabab xonandalikda aktyorlikdagidek cho`qqiga chiqolmadi?
— Xonandalikka qaytdim, demagan bo`lardim. Chunki qo`shiq kuylash men uchun xobbi. Istagan vaqtimda qo`shiq yozib, unga klip olaman, bari o`zim uchun. Xonandalikka to`yga chiqib, mablag` orttirish manbai sifatida qaramaganman.
“Har bir aktrisaning orzusi Gollivud yo Bollivudda rol ijro etish”, degandingiz. Hech o`ylab ko`rganmisiz, nega xorijlik hamkasblaringiz o`zbek filmlarida suratga tushishni orzu qilishmaydi?
— Gollivud va Bollivud aktrisalari o`z sohasida eng yuqori cho`qqilarni egallab bo`lishgan. Shu bois xorijlik hamkasblarimga boshqa davlatlarning filmlarida rol ijro etishning qizig`i yo`q, ularga buning keragi ham yo`q.
Ijodkorlarga aktrisa sifatida tan olinishingizga sababchi bo`lgan “Yo`l bo`lsin”, mashhurlik shohsupasiga olib chiqqan “Romeo va Juletta” va besh yillik tanaffusingizni oqlagan “Qorako`z”, so`zsiz ham ko`z bilan rol ijro eta olishingizni ko`rsatgan “Parizod” filmlari. Xuddi shunday ta`rifga loyiq rollaringiz sanoqli, tan olasizmi?
— Omadli filmlarim borligidan albatta, xursandman. Lekin sanoqli ekanini tan olmayman! Masalan, “Oqibat” filmidek tomoshabin ko`nglidan joy olgan kinokartinalar juda kam. “Fotima”, “Men yulduzman”, “Yurak yig`lar” kabi yaxshi filmlarim ko`p. Hamma aktyorlarning omadsiz kinokartinalari bo`ladi. To`g`ri, mening ham omadsiz filmlarim yo`q emas.
Og`ir-bosiq, sho`x, qaysar qiz, qiynalgan kelin kabi rollarni o`ynab bo`lgansiz. Bundan buyon o`zingizni qaytarishni istamassiz?
— Filmlarning barchasi deyarli bir xil, shu bois o`zimni takrorlashga to`g`ri kelyapti. Lekin tarixiy rol ijro etish orzuim. “Muhtasham yuz yillik” nomli turk serialiga o`xshash milliy serial suratga olinsa-da, barcha o`zbek aktrisalari ishtirok etsak, hech kim qolib ketmasa, bu tomoshabinga ham qiziq bo`lardi. Qolaversa, milliy liboslarimiz, tariximiz ham atroflicha yoritilardi.
Kalta va elkasi ochiq liboslarni ko`p kiyishingiz o`zingizga ham seziladimi?
— Bizga taqlid qiladigan muxlislarga salbiy ta`sir ko`rsatadigan liboslar kiymayotganimni bilaman. Uyimdagilar kiyinishimga sira e`tiroz bildirishmagan, erkimiz o`z qo`limizda. Bilasizmi, xuddi mendek kiyingan boshqa san`atkorlarni emas, aynan meni tanqid qilaverishadi. Masalan, tizzasi yirtiq shim kiyishimga to`xtalsak, bu kiyim hozir urfda, hamma kiyyapti. Men uchun ham bu libosda yurish oddiy hol. Liboslarim mentalitetimizga zid emas, yo`qsa, bizni rahbariyat chaqirtirib, keraklicha tanbeh bergan bo`lardi.
O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutining 4-bosqich talabasisiz. Ikkinchi mutaxassislikka o`qishingizga sabab “Zarina san`at borasida kasb ta`limini olmaganlardan”, degan tamg`adan qutulishmi?
— Ikkinchi mutaxassislik ochilganini eshitib, shunchaki hujjat topshirgandim qabul qilishdi. Tamg`a masalasiga kelsak, bu meni mutlaqo qiziqtirmaydi.Omadli odam ortida bo`layotgan gap-so`zlarga bee`tibor bo`ladi. San`at borasida ko`p yutuqlarga erishdim, kelajakda undan-da, yuqori cho`qqilarga chiqish istagidaman.
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.