AsosiyJamiyat

​O`ZBEKISTON – ROSSIYa HAMKORLIGIDAGI MAXSUS TAKTIK O`QUV MAShQLARI YaKUNLANDI

'​O`ZBEKISTON – ROSSIYa HAMKORLIGIDAGI MAXSUS TAKTIK O`QUV MAShQLARI YaKUNLANDI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrugi hamda Rossiya Federasiyasi Markaziy harbiy okrugining tog`-o`qchi bo`linmalari hamkorligidagi maxsus taktik o`quv mashqlari yakunlandi.

Mashg`ulotlarning so`nggi kunida ikki davlat harbiy xizmatchilari o`tish murakkab bo`lgan tog`li hududlarda noqonuniy qurollangan kuchlarni yo`q qilish bo`yicha aksilterror operasiyasini amalga oshirishdi.

Bugungi zamon jangining o`ziga xos xususiyatlari inobatga olingan va real harbiy harakatlarga maksimal darajada yaqinlashtirilgan mashqlarda birlashgan qo`mondonlik tomonidan qo`yilgan o`quv jangovar topshiriqlarini O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Harbiy Havo kuchlari va artilleriya bo`linmalari, O`zbekiston va Rossiya harbiy okruglarining tog`-o`qchi bo`linmalari bajardi.

Olingan razvedka ma`lumotlariga ko`ra rejalashtirilgan harakatlar davomida shartli dushmanning moddiy ta`minot bazalari, texnika vositalari va boshqa kuchlari batamom yakson qilinib, garovga olinganlar ozod qilindi.

Mashqlarda ko`zlangan maqsadlarga erishildi, - deydi mayor Azamat Jabborov. – Bo`linmalar harakatlari jarayonida eng samarali usullarni qo`llashga, o`quv jangovar vazifalarni kam vaqt va kuch sarflab bajarishga harakat qildik. Safdoshlarim va qo`l ostimdagi harbiy xizmatchilarning shu davrgacha bo`lgan mashg`ulotlarda murakkab relef va noqulay iqlim sharoitlarida jangovar harakatlarni olib borish ko`nikmasining oshirib borilgani bizga juda qo`l keldi.

Tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, xalqaro terrorizm, ekstremizm kabi global tahdidlarga qarshi kurashish, murakkab tog` sharoitida noqonuniy qurollangan kuchlarni yo`q qilish bo`yicha o`tkazilgan hamkorlikdagi mashqlarning tantanali yopilish marosimida Rossiya Federasiyasining O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev, O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining o`rinbosari – Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni general-mayor Pavel Ergashev, Rossiya Federasiyasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy okrug qo`mondonligi shtab boshlig`i o`rinbosari general-mayor Rustam Minnekaev ishtirok etdi.

Unda mazkur mashqlar muvaffaqiyatli yakunlangani e`tirof etildi. Aksilterror operasiyasida qo`yilgan o`quv jangovar topshiriqilarni muvaffaqiyatli bajargan harbiy xizmatchilar – O`zbekiston tomonidan mayor Azamat Jabborov, mayor Xurshid Mamadaliev, kichik serjant Habibullo Xolboev, shartnoma bo`yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Doston Mamatov, Rossiya tomonidan vzvod komandiri katta leytenant Sergey Baromko, serjant Buyan Kenden, shartnoma bo`yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Amir Kilik taqdirlandi.

Rossiya Federasiyasining Tva Respublikasidan kelgan harbiy xizmatchilar madaniy tadbirlar davomida Samarqand shahrida ham bo`ldilar.

Vataningiz menda katta taassurot qoldirdi, - deydi leytenant Evgeniy Eransev. - Jangovar tayyorgarlik borasida sizlarda o`ziga xosliklar bor ekan, o`zimizga zarur tajribalarni oldik. Dala o`quv maydonining mukammal jihozlangani, bu erdagi sharoitlar mashqlarning samarali o`tishiga asos bo`ldi.

Rossiya Federasiyasi harbiy xizmatchilari shu kuni ortga qaytdilar.

O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Boshqa yangiliklar