1

ENDI SO`ZGA SIG`MAS BIZLARNING SUHBAT

Mutolaa 09.10.2017, 17:08
ENDI SO`ZGA SIG`MAS BIZLARNING SUHBAT

— Usmon aka, avval ham, hozir ham, bundan keyin ham adabiyot — adab, ya`ni odob fani bo`lib qolaveradi. Ehtimol, shu boisdan she`riyatga ehtiyoj sezilar. To`g`ri, bugun tarbiya vositalari ko`p. Lekin inson kamolatida adabiyotning o`rni bo`lak. Keling, suhbatimizni she`riyat va qalb tarbiyasidan boshlasak.

— Insoniyat hamisha yaxshilik va yomonlikni, ezgulik va yovuzlikni, halol va haromni farqlab yashashga harakat qilgan. Odam dunyoga kelib, es-hushini taniy boshlagan paytdan – oiladan boshlanadigan tarbiya natijasida odob-axloqning ongu shuurga singib ketgan – yozilmagan qoidalari asosida yashay boshlaydi. Ammo bu qoidalarning shaytoniy kimsalar va ularga ergashishga moyillar hamisha buzishga harakat qilganlar. Shu sababdan bu qadriyatlarni odamlarga bot-bot eslatib turish zaruriyati tug`ilgan. Oqibatda, bu qoidalar azaldan «nasihatnoma»lar yoxud didaktik asarlar sifatida namoyon bo`lgan. Jumladan, bu qabildagi asarlar she`riy tarzda ham yozilgan (Zotan, she`riy ohang matn bilan yurak orasidagi masofani qisqartiradi, xotirada mahkam qoladi. Xalq maqollarini va topishmoqlarning she`riy ifodasini eslang). Bu she`riyatning odamlar turmush tarziga, hayot yo`sinlariga «amaliy yordamidir», ya`ni uning «odob fani» sifatida ko`rinishidir. Ammo she`riyat tushunchasining qamrovi bu tushunchadan nihoyatda keng, teran va yuksakdir. U jo`nlik va bir qarashda ko`zga tashlanadigan «aqllilik»dan nihoyatda baland. U dunyoga sig`mas dard, toshqinlangan tuyg`u, haqiqatning va hayotning ma`nosini anglash yo`lida alangalangan yurak – bir so`z bilan aytganda, inson ruhiyatining bezovta tasviridir. She`riyat shu qadar nozik va o`zgacha tuyg`ular mantig`iga asoslanadiki, uning mohiyatini tushuntirmoq haligacha udda etilmagan. Ne-ne nuktadon olimlar she`rni san`atning tushuntirib bo`lmaydigan sohasi ekanligini aytib o`tishadi. She`riyatning, siz aytaningiz, qalb tarbiyasidagi o`rni esa beqiyosdir. U ruhi yuksak va qalbi ozoda zotlarni tarbiyalaydi. Bu zotlar inson va insonlar yaratgan dunyoning nomukammalligini va torligini hamisha anglab turadi. Ilohiy ilhomga yo`g`rilgan she`riyat ruhu fikrat, dardu tuyg`uning haqiqiy qiyofasini yaratadi; Parvardigor yaratgan olamning mukammalligi va go`zalligidan hayratga tushadi. Bu yuksaklik va ozodalikning jonsarak harakatidan yaralgan bir tola yog`du esa falakka – Parvardigor sari intiladi. Sezib turibsiz, endi gap «yor» deb Parvardigor ishqida kuygan Alisher Navoiydek bemisl shoirlarning she`riyatiga etib keldi…

— Yaxshi she`rlar har doim ham tug`ilavermaydi…

— Bizda yaxshi she`rlar yozadigan shoirlar hamisha bo`lgan. Abdulla Oripov va Erkin Vohidovlardan boshlab esa, shoirlar ijodida yaxshi she`rlar foizi nihoyatda ortdi. Kechagina yashab o`tgan Shavkat Rahmonning she`rlarini eslang. U nihoyatda baland she`rlardan iborat meros qoldirdi. Yaxshi she`r yozish, albatta, qiyin. Iqtidorli kitobxonga manzur bo`larli she`r yozish uchun esa iste`doddan boshqa juda ko`p sifatlar — bu kasbning siru sinoatlarini chuqur o`qib-o`rganish, yuqori intellekt, bezovta fe`lu atvor, uzluksiz ilhom qamrovida yashashni udda etish, mehnatkashlik… va yana ko`pdan-ko`p fazilatlar kerak. Buning ustiga, ijod qilish uchun sharoit ham zarur. Biroq hozirgi noshirlar adibu shoirlar mehnatini qadrlashni o`rganmaganlar. «Badiiy asar osmondan tushadi», deb o`ylasalar kerak. Bunday kasofat qarashlar tufayli ko`p ijodkorlarimiz mehnatiga yarasha taqdirlanmayaptilar.

— Turli xizmat vazifalari, safarlar, tadbirlar bois ijodkor xohlagan payti yozuv stoliga yaqin kelolmaydi. Uning zimmasida esa yozish mas`uliyati turibdi. Sizningcha, ijodkor oldidagi mas`uliyat nima?

— Yozish mas`uliyati shoirning o`z iste`dodi oldidagi javobgarligidir. O`z iste`dodiga mas`uliyatsiz qaragan ijodkorning iqtidori to`liq ochilmaydi. Ijodga mas`uliyatsizlik — ijodkorga iste`dod tortiq etgan Qodir egamning oldida beqiyos gunohdir. Axir, she`r kerak bo`lmaganda, Olloh shoirlarni dunyoga keltirarmidi? Ehtimol, she`r ham xuddi non kabi zaruriyatdir? Ehtimol, she`riyat insonga insonligini eslatib turish uchun berilgan mukofotdir? Ehtimol, she`r bu — so`z, fikrat va ohang mutanosibligi – bozor dunyoda ko`ngil borligini ham odamlarga ayon etadigan bir mo``jizadir? Shunday mo``jizani yaratadigan shaxs – shoir ijodiy tartibni har qanday sharoitda ham o`rinlatmog`i lozim. Zotan, shoirdan tadbirlar emas, she`rlar qoladi. Bu jabhada davlatu xalq ishini ham, ijodni ham bag`oyat o`rinlatgan hazrat Alisher Navoiydan o`rnak olsak yarashadi. Yana qaytarib aytaman, ijodiy tartib juda zarur.

— Sizning she`rlaringizni o`qiganimizda jahon she`riyatidan qolishmasligiga guvoh bo`lamiz.

— Bu lutfingiz uchun katta rahmat. Ammo Navoiydek shoiri bor adabiyotda ijod qilishning ham o`ziga yarashiq, yuqorida aytganimizday, mas`uliyati bor.

— Ijod maydonida doim ichki ijodiy «musobaqa» bo`lgan…

— Bu musobaqada doim iste`dodli odamlar yutib chiqqaniga guvoh bo`lganman.

— Ammo ijodiy birodarlik, bir-birini qo`llab-quvvatlash haqida ham ko`p eshitganmiz.

— Xudoga shukur, bunday ezgu fazilatlar adabiyotimiz namoyandalarini qon-qoniga singib ketgan. Masalan, mening o`zimni qo`llab-quvvatlagan ijodkor akalarimni, birodarlarimni, ukalarimni sanab ado qilolmayman. Bu qo`llab-quvvatlashlar ijod qilishimga qanot bergan. Adabiyotda bunday ezgu birodarlik, elkadoshlik hamisha barqaror. Birgina hazrat Alisher Navoiyning faoliyatini eslang. Bu ulug` zot qanchadan-qancha shoiru olim, fuzaloyu ulamolarga homiylik qilgan, ko`nglini ko`targan, faoliyatlari uchun sharoit yaratgan. Abdulla Qahhor atrofida ham iste`dodli ukalari uymalashgan. Zotan, Abdulla Qahhor — zabardast adib va haqiqiy adabiyot uchun kurashgan buyuk shaxs — uka hamkasblarini qo`lidan kelganicha qo`llab-quvvatlashga harakat qilgan. Endigina adabiyotga kirib kelayotgan Abdulla Oripov va Erkin Vohidovlarning she`rlaridan hikoyalariga epigraf olgan (bu ish dalda berishning va muhofaza etishning eng nazokatli va nihoyatda o`rinli ko`rinishi); boshlovchi adiblar — Shukur Xolmirzaevu O`tkir Hoshimovlarga xat yozib, ko`nglini ko`targan. To`lepbergen Qaipbergenovning ilk qissasini o`qib, o`zi tarjima qilishga tushgan. Yana bir misol: O`tkir Hoshimovning «Bahor qaytmaydi» asaridagi «Ketmakdaman» radifli g`azal Abdulla Oripov qalamiga tegishli. Abdulla aka ijodkor do`stiga hadya etgan bu she`rni keyin biror-bir joyda o`z nomlari bilan e`lon qildirmaganlar. Shukur Xolmirzaevning «Qilko`prik» romanidagi «Kuydi jonim» deb mashhur qo`shiq bo`lgan she`r ham aslida shoir ukalaridan birining qalamiga mansub… Bu tarzda bir-biriga himo berish, ming shukurki, adabiyotimizda odatiy hol. Biror iste`dodli odam kamsitilganda, «urilganda», yoxud hujumkor iste`dodsizlik behayolarcha oqni qora deb turganda, mardona so`zni aytish ham katta iste`dodlarimizdan qolgan merosdir. Eng muhimi, halol yashab, ozod ruh bilan yozish urfi har bir katta iste`dodning o`zidan keyin keladiganlariga qoldirgan eng tub asos vasiyatidir. Haqiqiy adabiyot, aslida, o`quvchiga ko`ngil hurligini baxsh etadigan yorug`lik – insonga insonligini eslatib turadigan Ollohning ne`matidir.

— Sizni shoir qilgan kitoblarga to`xtalib o`tsangiz.

— Bu savolga ham ko`p javob berganman. «Alpomish»u «O`tgan kunlar»ning taqdirimdagi roli haqida ham suhbatlarda aytganman. Endi havasmand bir-ikki kitob o`qigani bilan yozuvchi bo`lib qolmasligi haqida gapirsam deyman. O`qib-o`rganishning cheki yo`q. Mutolaa bir umrlikdir. Har bir iste`dodli asar havasmandni professionallik sari boshlab boradi. Buyuk adiblarning iste`dodi singgan satrlardagi mahoratdan nimalardir senga ham o`tadi. Ko`ngling o`sadi. Yuksak intellekt paydo bo`ladi. Ruhning parvozi hormas tus oladi. Ilhomning mag`zi to`q bo`ladi. Shu sabab, yozishga ixlosi bor odam xalq ijodidan tortib mumtoz adabiyotimizni, zamonaviy va jahon adabiyotini chuqur o`zlashtirishi lozim… Ha, aytganday, hozir juda ko`p – yuzlab kitoblarni yaxshi ko`raman.

— «Men shoirligimdan uyalaman», degan ekan taniqli ijodkorlardan biri. Balki so`zni arzon bahoga sotayotganlar, balandparvoz gaplardan nariga o`tolmayotganlarning kasridir bu?

— Azaldan adabiyotda haqiqiy ijodkorlardan tortib, havaskorlikdan nariga o`tolmaydiganlar baholu qudrat ijod qilishgan. Men halol – o`ziga yarasha ijod qiladiganlarning barchasini juda hurmat qilaman. Chunki ular bu – toza ko`ngilli odamlar – adabiyotimizning tolmas targ`ibotchilaridir. Bunday odamlar mamlakatimizning har bir mintaqasida, tumanlarida, ovulu qishloqlarida topiladi. Eng muhimi, ular tufayli joylarda adabiyot chirog`i o`chmay, yonib turadi. Qaysidir chet qishloqda bir bolakay ilk satrlarni yoza boshlaganini tasavvur qiling. U bola she`rlarini kimga olib keladi? O`sha – adabiyotni halol yaxshi ko`radigan zotga! U zot daldayu maslahatlari bilan bu bolaning ko`nglida miltiray boshlagan olovga kuch beradi. Ehtimol, o`sha bola payti kelib, bir daho shoirga aylanar. To`g`rimi? Men ham bolaligimda adabiyotni e`zozlaydigan o`sha ustozlardan ko`p narsa olganman va ularni hamisha hurmat bilan eslayman.

— Ustoz shoir sifatida yoshlarning ijodini kuzatib borasiz. Bugungi yozilgan asarlardan ko`nglingiz to`ladimi? Qanday maslahatlaringiz bor?

— Adabiyotda yaxshigina she`r yozayotganlar, nazarimda, anchagina. Negadir ularning safida qizlarimiz ko`proq. Maslahatim esa oddiygina: xudo bergan iste`dodni xor qilmang.

— Oxirgi paytlarda kamnamo ko`rinayapsiz? Nimalar yozayapsiz?

— O`tgan yili yomon ishlamadim. Anchagina she`rlar yozdim; Amir Temurga bag`ishlangan «Adolat fasli» degan tarixiy dramani bitirdim; Mol`erning «Tartyuf» degan she`riy dramasini tarjima qildim; bir necha kitobga tartib berdim, nasrda ham nimalardir yozgan bo`ldim. «Sharq yulduzi» esa men uchun juda muhim bo`lgan bir hikoyamni e`lon qildi. Yana nima? Ha, «Saylanma»larimni birinchi jildi bosmadan chiqdi. Shu kunlarda «Eru Osmon orasida» dramasining va anchadan buyon yozilayotgan «So`ngso`zlar» kitobining oxiriga etay deb urinyapman.

Shoira ShAGIAHMEDOVA suhbatlashdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1