Avval xabar berilganidek, Aleksandr Mochinov bosh murabbiyligidagi O`zbekiston U-19 terma jamoasi Osiyo chempionati saralash bosqichiga tayyorgarlik ko`rish doirasida 21–31 oktyabr kunlari Toshkent shahrida o`quv-mashg`ulotlar yig`inini o`tkazmoqda.
Yig`in doirasida O`zbekiston yoshlar termasi 23 va 25 oktyabr kunlari BAA U-19 termasiga qarshi ikkita o`rtoqlik o`yinida maydonga tushadi. Ertaga bo`lib o`tadigan o`yin “Bunyodkor” stadionida soat 16:00 da boshlanadi.
Mazkur uchrashuvni bevosita stadiondan tomosha qilishni istagan muxlislar chiptalarni “Bunyodkor” stadioni kassalaridan xarid qilishlari mumkin. Chiptalar narxi oddiy sektorlar uchun 10 000 so`m, CIP sektorlari uchun 25 000 so`m qilib belgilangan. OAV vakillari O`zPFL akkreditasiyasi bilan o`rtoqlik o`yiniga kiritiladi.
25 oktyabr kuni 16:00 da boshlanadigan bellashuvga muxlislar bepul kirishlari mumkin bo`ladi. Ushbu o`yinni stadiondan yoritmoqchi bo`lgan OAV vakillari xuddi dastlabki uchrashuv singari O`zPFL akkreditasiyasi bilan kirishadi.
Ma`lumot uchun, shu yilning 30 oktyabr – 8 noyabr kunlari U-19 Osiyo chempionatiga saralash bosqichi o`yinlari o`tkaziladi. “B” guruhidan o`rin olgan O`zbekiston yoshlar terma jamoasi OCh yo`llanmasi uchun mezbon Tojikiston, Shri-Lanka, Bangladesh va Maldiv orollari bilan kuch sinashadi. BAA U-19 termasi esa “A” guruhidan joy olgan bo`lib, OCh chiptasi yo`lida mezbon Qirg`iziston, Bahrayn, Ummon va Nepalga qarshi bahs yuritadi.






