1

​OZIShDAN KEYINGI MUAMMOLARDAN XALOS BO`LAMIZ!

Salomatlik 24.10.2017, 17:11
​OZIShDAN KEYINGI  MUAMMOLARDAN XALOS BO`LAMIZ!

Zamonaviy maqolni eshitdingizmi? “Muhabbatda, jangda va ozishda xar qanday usul samara beradi”. Unga amal qilaman, deb oylar davomida parhez tutsangiz-u, tarozi orziqib kutilgan raqamlarni ko`rsatganida ko`zlaringiz quvonchdan chaqnamasa-ya?! Nima uchun deysizmi? Axir yo`qotilgan yog`lar o`rnini qoplolmay, osilib qolgan teri kimga ham husn bag`ishlardi? Shu tobda “Endi nima qilsam ekan?” degan savol ko`nlingizdan o`tayotgan bo`lsa, ajabmas.

Vahima qilmang

Agar parhez yoki ozdiruvchi vositalar yordamida qisqa fursatda ortiqcha vazndan qutulgan bo`lsangiz, tanangizdagi yog` va suv o`rni bo`shab qoladi. Natijada, teri osilib qoladi. Ammo tushkunlikka tushmang, negaki tanamizdagi boshqa organlar kabi teri ham qayta tiklanish xususiyatiga ega. Biroq bu jarayon bir necha yillarga cho`zilishi mumkin. Tiklanishni tezlashtirish, terini imkon qadar zudlik bilan avvalgi holiga qaytarish uchun esa biroz ter to`kishingizgaga to`g`ri keladi. Ortiqcha vazndan xalos bo`lgan kishiga, ortiqcha teridan qutulish ish bo`libdimi? Albatta uddalaysiz.

Tormozni bosing

Yodingizda bo`lsin muammo aynan jadal suratlarda ozganingiz tufayli paydo bo`lgan. Shuning uchun biroz tin olib, teri yangi holatga moslashib olishiga imkon yarating. Har bir ishda bo`lgani kabi ortiqcha santimetrlardan xalos bo`lishda ham me`yor chegaralariga rioya qiling. Mo`tadil usulda, ya`ni haftasiga 500 grammdan vazn tashlashga harakat qiling, bu miqdor teriga zarar etmasligi uchun kifoya qiladi.

Terini namlantiring

Ortiqcha yog`dan xalos bo`la boshlagan terini avvalgi holiga qaytarish uchun doimiy parvarish zarur. Ayniqsa qorin, boldir, bel kabi a`zolarga har kuni namlantiruvchi krem surting. Chunki, namlantiruvchi vositalar organizmdagi suyuqlikni ushlab qolishga yordam beradi, natijada teri o`z shaklini yo`qotmaydi.

Mushaklarni chiniqtiring

Teri ostidagi yog`lar o`rnini mushaklar bilan qoplash orqali ham terini osilib qolishdan saqlash mumkin. Buning uchun esa taomnomangizga mol go`shti, tovuq go`shti, tuxum, loviya, soyadan tayyorlangan tofu pishlog`i, tvorog kabi oqsilga boy maxsulotlarni kiriting. Ha, aytganday, miyangizdagi “ozib bo`ldim-ku, endi jismoniy mashqlar foyda bermaydi” degan hayollarni supurib-sidirib, hokandozga solib, axlatga tashlang. Jismoniy mashqlar terini cho`ziluvchan qilish bilan birga, qon aylanishini jadallashtirib, terini avvalgi ko`rinishiga qaytaruvchi beqiyos vosita sanaladi.

Kontrast dush

Issiq va sovuq suvda navbatma-navbat chayinish ham qon aylanishini yaxshilaydi. Natijada, tananing har bir a`zosiga yaxshi etib borgan foydali moddalar terining elastikligini oshirishga xizmat qiladi. Kontrast dush qabul qilishdan avval badanni asta sekinlik bilan chiniqtirib borish juda muhim. Aks holda, xasatalikka chalinish ham xech gapmas. Sinab ko`ring, natija sizni, albatta, quvontiradi.

Kollagenli uqalash

Tarkibida kollagen moddalari mavjud bo`lgan kremlar ham teri elastikligini oshirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, bunday kremlarni shunchaki surtish emas, ular bilan uqalash muolajasini amalga oshirish juda samarali hisoblanadi. Bundan tashqari asal bilan yoki vakuumli bankalar yordamida uqalash ham yaxshi natija beradi.

Qaxvali skrab va mumiyoli krem

Bir osh qoshiq maydalangan tabiiy (eruvchan emas, aynan tabiiy) qahva bilan dush uchun mo`ljallangan gelni aralashtirib, har kuni chayingandan so`ng, skrab bilan uqalang. Muolajadan so`ng maxsus krem surtish ham yodingizdan ko`tarilmasin. Bunday kremni uy sharoitida tayyorlash uchun 2 dona mumiyo xapdorisini maydalab, foydalanadigan kremingiz bilan aralashtiring va muammoli teriga surting.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1