1

BOShINGIZ AYLANMASIN!

Salomatlik 25.10.2017, 11:36
BOShINGIZ AYLANMASIN!

«Muhabbatdan, omaddan yoki boylikdan boshi aylanib qoldi», deymiz bu holatni majoziy ma`noda qo`llab. Ammo, aslida, bosh aylanishi ayrim kasalliklarning klinik belgisi ekanligini ham unutmasligimiz lozim. Ko`pchiligimizga tanish muammo haqida to`liq ma`lumotni oliy toifali shifokor-nervopatolog Oybek PARDABOEV beradi.

Bosh aylanishi o`zi nima?

Sodda qilib aytganda kishiga atrofidagi predmetlar aylanayotgandek bo`lib tuyulishi — bosh aylanishi hisoblanadi. Sog`lom odam proprioseptiv, ko`rish va vestibulyar tizimlar yuborgan impulslar yordamida tananing muvozanatini saqlab turadi. Agar bosh miyaga yuborilayotgan impulslar buzilsa, u atrofdagi predmetlarni harakatlanayotgandek qabul qila boshlaydi. Har bir insonning qulog`ida bug`doy doni kattaligidagi suyak mavjud bo`lib, shu suyak tibbiyotda vestibulyar apparat deyiladi. Vestibulyar apparat yuborgan impulslar tanamizning muvozanatini ta`minlashga xizmat qiladi. Miya esa o`z navbatida shu olingan axborot asosida gavdaning keyingi harakatlarini belgilaydi. Ko`p hollarda bosh aylanishi aynan mana shu suyakdagi muammolar tufayli yuzaga kelishi mumkin.

Sababi nimada?

Bugungi kunda bosh aylanishining 80 ga yaqin sabablari aniqlangan. Shulardan eng ko`p uchraydiganlarini sanab o`tamiz.

  • Miya faoliyatining buzilishi. Odatda kichikmiyada patologik o`zgarishlar kuzatilsa, bemor bosh aylanishidan shikoyat qiladi. Bunday turdagi bosh aylanishini miyadagi o`simta, bosh suyagining lat eyishi, gidrosefaliya, miya qon tomirlari faoliyatining buzilishi, umurtqaning bo`yin qismi lat eyishi, umurtqa churrasi keltirib chiqarishi mumkin. Birdaniga sodir bo`ladigan kuchli bosh aylanishi esa kichikmiya infarkti alomatlari qatoriga kiradi.
  • Psixologik sabab. Odatda bunday bosh aylanishi kuchli charchoq, qattiq hayajonlanish, emosional holatning keskin o`zgarishi oqibatida yuzaga keladi. Bunda bemor kalovlanish, madorsizlik, fikrlashdagi noaniqliklardan shikoyat qilishi mumkin.
  • Quloq patologiyasi. Vestibulyar apparatdagi o`zgarishlar yoki quloqni tomoq bilan bog`lovchi naycha nervi va tomirlariga ziyon etganida ham bosh aylanishi kuzatiladi. Bunday turdagi bosh aylanishi odatda quloqda shovqin va og`riq paydo bo`lishi, eshitish qobiliyatinining susayishi yoki yo`qolishi bilan namoyon bo`ladi.
  • Ko`rish tizimidagi muammolarda. Sog`lom odamlarda ko`zni haddan tashqari toliqtirish tufayli ham bosh aylanishi singari noxush holat kuzatilishi mumkin. Shuningdek, ko`z mushaklari falaji xastaligi ham bosh aylanishini keltirib chiqaradi.
  • Tashqi ta`sirlar. Miya faoliyatida glyukoza moddasining ahamiyati katta. Shu sababli uzoq muddatli va cheklovlari ko`p parhezlarga amal qiladigan ayollar tez-tez bosh aylanishidan shikoyat qiladilar. Bundan tashqari, ovqatdan zaharlanish va oddiygina quloqda kir to`planib qolishi ham noxush holatga olib kelishi mumkin.

Belgisi bitta, xastalik esa ko`p

Yodingizda bo`lsin, bosh aylanishi o`z-o`zidan yuzaga keluvchi holat emas. U, albatta, qaysidir xastalikning alomati sifatida namoyon bo`ladi. Undan xalos bo`lishga kirishar ekansiz, avval bosh aylanishini keltirib chiqargan xastalikni aniqlab, keyin davo choralarini ko`rishingiz lozim.

  • Agar bosh aylanishi eshitish qobiliyatining sustlashishi va quloqda ajralmalar bilan birgalikda kechsa, ichki quloq yallig`lanishini tahmin qilish mumkin.
  • Muntazam chanqoq, qusish, eshitish qobiliyatining pasayishi, quloqdagi shovqinlar Maner sindromi tashxisiga asos bo`la oladi. Eshitish qobiliyati susaymagan holatda esa vestibulyar apparat nevriti tahmin qilinadi. Nevritda kutilmaganda kuchli bosh aylanishi yuzaga keladi. Bemor turish yoki harakatlanishga intilsa, noxushlik yanada kuchayadi.
  • Quloqda kuchli shovqin tursa, to`satdan bir tomonlama karlik paydo bo`lsa va bemor qayt qila boshlasa, perilimfatik fistul tashxisi qo`yilishi mumkin. Shuningdek, eshitish qobiliyatining susayishi va kuchli yoki kuchsiz bosh aylanishi ham ushbu xastalikning belgilaridan hisoblanadi.
  • Bosh aylanishi va bir tomonlama eshitish qobiliyatining yo`qolishi bezovta qilsa bosh miyada o`simta bor yo`qligini tekshiritirish tavsiya etiladi. Odatda o`simta xastaliklaridagi engil bosh aylanish, vaqt o`tishi bilan kuchlisiga o`rnini bo`shatib beradi. Bundan tashqari gavda ma`lum holatlarda bo`lganida bosh aylanishi kuchaya boradi.
  • Insultda esa bosh aylanishi qo`l va oyoqlarning bemajolligi, harakatlanish muvozanatining buzilish va sezuvchanlikning yo`qolishi bilan namoyon bo`lishi mumkin.
  • Agar bemorda bosh aylanmay turib muvozanatni yo`qotish holati kuzatilsa, noturg`unlik yuzaga kelsa, harakatlanish jarayonida bo`yinda og`riqlar kuzatilsa, bo`yin sohasini tekshirtirish lozim.

Muammoni aniqlaymiz!

Shifokorning eng birinchi qiladigan ishi xastalikning sabablarini aniqlash hisoblanadi. Buning uchun anamnez yig`ish bilan birga EKG, qonning umumiy tahlili, umurtqaning bo`yin qismini rentgen qilish, bosh miya MRTsi tekshiruvlari tayinlanishi mumkin.

Shifoxonaga borguncha esa...

  • Birinchi navbatda, boshi aylanayotgan kishini tekis joyga yotqizish talab etiladi. Bunda elka va bosh baravar balandlikda bo`lishi muhim. Oyoqlarni ko`tarib qo`yish ham miyada qon aylanishini yaxshilaydi. Shundan keyin, albatta, xonaga toza havo kirishini ta`minlash, deraza va eshiklarni ochib qo`yish kerak.
  • Agar bosh aylanishi vestibulyar apparatdagi muammolar bilan izohlansa, bemorga achchiq va sho`r maxsulotlarni tanovul qilish mumkin emas. Shuningdek, shifokor kundalik ichiladigan suv miqdorini kamaytirishni tavsiya qilishi yoki peshob haydovchi preparatlarni tayinlashi mumkin.
  • Ko`pchilik qahva miyani tetiklashtiradi, uyquni qochirib, ishchanlikni oshiradi, degan fikrda. Lekin bosh aylanishidan aziyat chekuvchi bemorlarga qahva ichish mumkin emas. Bosh aylanishi tezroq o`tib ketishi uchun ikki qosh o`rtasidagi nuqtani ko`rsatkich barmoq bilan bosish mumkin.
  • Qon aylanishini yaxshilish maqsadida kontrast dush qabul qilish ham samara beradi.

KAMOLA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1