1

Madad-shifo: “FARZANDLI BO`LSAM, SOG`AYIB KETARMAN...”

Salomatlik 28.10.2017, 15:33
Madad-shifo: “FARZANDLI BO`LSAM, SOG`AYIB KETARMAN...”

— O`ng ko`kragimda 2-3 millimetrli tugun aniqlandi. Shifokorlar dori-darmon yordamida muolaja qilamiz, deyishayotgan bo`lsa-da, xavotirim bor, bordi-yu muolaja kor qilmasa-chi? Dugonalarim, “yana farzandli bo`lsang, chaqaloqni ko`krak suti bilan parvarishlasang, tugun o`z-o`zidan so`rilib ketadi”, deyishdi. Balki shu usuldan ko`proq foyda bo`lar?..

A.Bolieva, Surxondaryo viloyati

Nigora MAHMUDOVA, tibbiyot fanlari nomzodi:

— Odamlar orasida “farzandli bo`lsa, ko`krakdagi tugun so`rilib ketadi. Qizdiruvchi moylarning foydasi bor”, degan yanglish fikrlar mavjud. Afsuski, ko`p hollarda bilib-bilmay bajarilgan usullar aks ta`sir ko`rsatishi mumkin. Ko`krakdagi xavfsiz o`sma homiladorlik tufayli xavfli turga aylanishi ham ehtimoldan xoli emas.

Qachonki ko`krak faoliyatida aniqlangan o`zgarishlar tug`ish va bola emizish hisobiga yaxshilanishi shifokor tomonidan tasdiqlansa, homiladorlik tavsiya etilishi mumkin. Saraton tashxisidan qochish emas, vaqtida to`g`ri davolanish keyingi asoratlardan himoyalaydi. Bugunga kelib, erta aniqlangan ko`krak bezi saratoni samarali davolanilayotgani sir emas.

O`sma o`lchami 2 santimetrgacha bo`lganida jarrohlik aralashuvi, 2 santimetrdan katta holatlarda esa jarrohlik bilan kimyoviy gormonal terapiya uyg`unlikda kompleks muolaja o`tkaziladi. Erta aniqlangan xastalikda ko`krakni asrab qolish foizi yuqori. Aytilgan fikrdan kelib chiqib, turli xil fikrlarga chalg`imaslikni va shifokor maslahatiga amal qilishingizni aytib qolaman.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1