Poytaxtimizda O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo`mitasi tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Parlament – yoshlar manfaatlari himoyachisi va demokratiya maktabi” mavzusida anjuman tashkil etildi. Unda O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo`mitasi xodimlari, partiya fraksiyasi a`zolari hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatini yaqindan kuzatib borayotgan 200 nafar iqtidorli yoshlar ishtirok etdi.
O’zLiDeP matbuot xizmatining xabar berishicha,Anjumandan ko`zlangan asosiy maqsad – yoshlarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, ularning qonun loyihalari ustida ishlay olish, o`z fikrlari va takliflarini ifoda etish qobiliyatlarini shakllantirish, yangi qonun loyihalari ishlab chiqish jarayonida yoshlarning bevosita ishtirokini ta`minlash hamda shu kabi anjumanlar orqali yoshlar orasidan bo`lajak deputat va senatorlarni tayyorlashdan iboratdir.
Tadbir davomida “Yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida”gi hamda “Xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashi deputatining maqomi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish yuzasidan muhokamalar o`tkazilib, yoshlardan takliflar olindi. Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O’zLiDeP fraksiyasi a`zolari bilan yoshlar uchrashuvlari tashkil etildi.Bevosita muloqotlar davomida deputatlar yoshlarni qonun loyihalarini ishlab chiqish jarayonlari hamda qo`mitalar faoliyati bilan yaqindan tanishtirishdi.
Tadbirning ikkinchi kuni ham qiziqarli ma`ruzalar, bahs munozaralarga boy o`tdi. Jumladan, “O`zbekistonda siyosiy partiyalarning davlat va jamiyat qurilishi tizimidagi roli va ahamiyati: bu borada O’zLiDePning dasturiy maqsad va vazifalari”, “Siyosiy partiyalarning deputatlik guruhlari faoliyati” mavzusidagi ma`ruzalar anjuman ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Anjuman doirasida O’zLiDePning “Yosh liberallar” klubi hamda uning “Kelajak deputatlari” va “Yosh tadbirkorlar muammolarini o`rganish” guruhlarining taqdimoti o`tkazildi. Ta`sis yig`ilishida yoshlar mazkur guruhlar faoliyati va guruh a`zolarining mas`uliyati haqida o`z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Anjuman yakunida ishtirokchilarga partiyaning a`zolik guvohnomalari va sertifikatlari topshirildi.






