"Microsoft" tahlillariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida Birlashgan Arab Amirliklari va Singapur sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlarga aylangan.
Tadqiqotda oyiga kamida 90 daqiqa SI vositalaridan foydalanadigan mehnatga layoqatli aholi ulushi hisobga olingan. Hozirda dunyo bo‘yicha katta yoshli aholining 17,8 foizi sun’iy intellektdan muntazam foydalanadi.
Reytingda BAA 70 foizdan yuqori ko‘rsatkich bilan katta farqda birinchi o‘rinni egallagan. Singapur esa 63 foiz bilan ikkinchi bo‘lgan. Shu bilan birga, sun’iy intellekt sohasidagi eng yirik kompaniyalar vatani hisoblangan AQSh foydalanish darajasi bo‘yicha hatto eng yuqori 20 talikka ham kira olmagan.
Tahlilchilarga ko‘ra, bunga asosiy sabablardan biri — mamlakatlar iqtisodiyoti va ishchi kuchi hajmidagi farqdir. Kichik va markazlashgan tizimga ega davlatlarda SI texnologiyalarini joriy qilish ancha tez kechadi. Yirik iqtisodiyotlarda esa bu jarayon murakkabroq hisoblanadi.
Yevropa davlatlari ham sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarni namoyon qilmoqda. Jumladan, Norvegiya, Irlandiya, Fransiya, Ispaniya va Niderlandiyada SI’dan foydalanish darajasi 40 foizdan oshgan.
Osiyoda esa eng tez o‘sish Janubiy Koreyada kuzatilgan — mamlakatda SI’dan foydalanish 43,2 foizga oshgan. Shuningdek, Tailand, Yaponiya va Mo‘g‘ulistonda ham yuqori o‘sish sur’atlari qayd etilgan.
Xitoyda hozircha sun’iy intellektdan foydalanish darajasi 16 foiz atrofida bo‘lsa-da, aholi soni kattaligi sabab hatto kichik o‘sish ham yuz millionlab yangi foydalanuvchilarni anglatishi mumkin.






