AR-RIYoD LIVANNI MAMLAKATGA URUSh E`LON QILAYoTGAN DAVLAT SIFATIDA KO`RMOQDA
Saudiya Arabistonining fors-arab ko`rfazi ishlari bo`yicha davlat vaziri Samir Al-Sabxonning ma`lum qilishicha, Ar-Riyod Livanni mamlakatga urush e`lon qilayotgan davlat sifatida ko`rmoqda.
"Biz Livan hukumatiga Hezbollah jangarilari tufayli urush e`lon qilayotgan hukumat sifatida munosabatda bo`lamiz", - deya ma`lum qildi vazir. Uning qo`shimcha qilishicha, Livan hukumati “Hezbollah” jangarilarining Saudiya Arabistoniga nisbatan “tahdidi” haqida bilishi lozim.
Al-Sabxonning qo`shimcha qilishicha, ushbu harakat jangarilari Saudiya Arabistoniga xavf tug`dirgan barcha teraktlarga aloqador. U harakatni Saudiya Arabistoniga giyohvand moddalar kontrabandasi, shuningdek, saudiyalik yoshlarni terrorizm bilan bog`liq ta`limda aybladi.
Uning ta`kidlashicha, Ar-Riyod Livan hukumatidan harakatning “tajovuzkorligini” bosib tura olishini kutmoqda.
Vazir so`zlariga ko`ra, Livan bosh vaziri Saad Haririy iste`foga bosim ostida chiqqani haqidagi bayonotlar “livanliklar e`tiborini chalg`itish” maqsadida qilindi.
Livan bosh vaziri Saad Haririy 4 noyabr kuni iste`foga chiqishi haqida ma`lum qildi. U bu vaqtda Ar-Riyodda bo`lgan. Haririy Eron va “Hezbollah” shialar harakatini Livanda nifoq keltirib chiqarishda aybladi, hamda o`ziga suiqasd uyushtirishmoqchi bo`lganini bilib qolgani haqida ma`lum qildi.






