1

Madad-shifo: “KO`ZIM YoShLANIB QOLAYaPTI, NIMA QILAY?”

Salomatlik 15.11.2017, 17:42
Madad-shifo: “KO`ZIM YoShLANIB QOLAYaPTI, NIMA QILAY?”

— Ko`zlarim o`z-o`zidan yoshlanib qolaveradi. Foydalanayotgan kosmetika vositalarim allergiya berayotgan bo`lsa kerak, deb bir muddat ten va tush ishlatmay qo`ydim, ammo bezovtalik o`tib ketmayapti. Ko`z yoshlanishining sababi nima bo`lishi mumkin?

Dilshoda Jamilova, Toshkent viloyati

Nodira RASULOVA, shifokor-okulist:

— Muntazam ko`z yoshlanishi kuzatilganida, ko`k yoki qora choy damlamasi bilan ko`zni artish hamisha ham to`g`ri emas. Negaki, ko`z yoshlanishi faollashganda, uni keltirib chiqarayotgan omil aniqlanishi lozim. Bu ishda okulist-shifokor ko`rigi asqatadi.

Ko`z yoshlanishi gipersekretor hamda retension ko`rinishlarga ajratiladi. Gipersekretor jarayon ko`z yosh suyuqligining me`yordan ortiq ishlab chiqilishi bo`lsa, retension turi ko`z yosh yo`llari o`tkazuvchanligining buzilishi bilan izohlanadi. Gipersekretor ko`z yosh ajralishini keltirib chiqaruvchi omillar allergiya, kon`yuktivit, ko`z muguz pardasining mexanik yoki kimyoviy zararlanishi, infeksion turdagi kasalliklar asorati, keratit bo`lishi mumkin.

Muolajani boshlashdan avval bezovtalikni keltirib chiqargan xastalik aniqlanib, davo choralari birgalikda olib borilsa, kutilgan natijaga erishiladi. Retension ko`rinishi esa ko`z yosh ajralishidagi ayrim buzilishlar bilan xarakterlanadi. Ushbu holat ko`z yosh qopchasi yallig`lanishi, ko`z yosh kanalining qurib qolishi, burun bo`shlig`i kasalliklari – gaymorit, rinit, poliplar va shilliq qavat shishlari sabab kelib chiqishi mumkin.

Mazkur holatda ko`pincha jarrohlik aralashuvi talab etiladi. Agar sizniko`z yoshlanishi bezovta qilayotgan bo`lsa, albatta shifokor ko`rigidan o`ting. Tibbiy tahlillar o`tkazilgach, kerakli muolaja turi tanlanadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1