O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy ta`lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o`tkazish tartibini takomillashtirish to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorda so`nggi yillarda test sinovlari orqali oliy ta`lim muassasalari bakalavriatiga talabalarni qabul qilishda qator kamchiliklar ko`zga tashlanayotgani ta`kidlanadi. Xususan, “test sinovlarini o`tkazish tartib-qoidalari, test sinovlari natijalarini e`lon qilish va uni takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar bugungi kun talablariga to`liq javob bera olmayapti. Bu hol manfaatdor jamoatchilikning, ayniqsa, ota-onalarning test sinovlarini o`tkazish jarayonlariga haqli ravishdagi e`tirozlarini keltirib chiqarmoqda va har yili ularning ushbu masala yuzasidan qariyb 4 mingdan ziyod asosli murojaatlari kelib tushmoqda”, deyiladi qarorda.
Shuningdek, qarorda test sinovlarini o`tkazishning moddiy-texnik ta`minoti bilan bog`liq masalalarni ham butunlay qaytadan ko`rib chiqish lozimligi ta`kidlanadi. “Test sinovlari natijalari 2000 yilda xarid qilingan 4 ta optik skaner orqali chiqarilishi, test materiallarini chop etishga mo`ljallangan ofis texnikasi (printer va kompyuterlar) ma`naviy va jismoniy jihatdan eskirib ketganligi oqibatida test sinovlari natijalari qariyb 15-20 kunga cho`zilib e`lon qilinishi bugungi kun talablariga javob bermaydi”, deyiladi qarorda.






