1

«O`G`LIM DUDUQLANAYaPTI, TIL TAGINI KESTIRSAKMIKAN?»

Salomatlik 20.11.2017, 15:43
«O`G`LIM DUDUQLANAYaPTI, TIL TAGINI KESTIRSAKMIKAN?»

Nutq muammolariga nisbatan aytiladigan «til ostini kestirish», aslida, mavjud amaliyot. Biroq uni amalga oshirish uchun til osti yungagining kaltaligi yoxud noto`g`ri joylashgani haqidagi tashxis tasdiqlanishi lozim. Zero, yungak bilan bog`liq muammolar nafaqat talaffuzga, balki og`iz bo`shlig`ining chaynov jarayoniga ham ta`sir etadi. Asosiy savolga qaytsak, yungakni kestirish kerakmi yoki yo`q? Javob uchun mutaxassis — shifokor-stomatolog Sherzod XANNAROVga yuzlanamiz.

Yungak asli nima?

Pastki jag` sohasida tilni ushlab turuvchi elastik to`qimadan iborat yungak, nafas olish, taomlanish va so`zlashuv jarayonida tilning erkin harakatlanishini ta`minlaydi. Bolaning og`iz bo`shlig`ida uchta yungak mavjud bo`lib, biri til ostida, ikkinchisi yuqori lab va milklar, uchinchisi pastki lab va milklar o`rtasida joylashgan. Yungakning me`yordan kalta yoki noto`g`ri joylashgani tug`ma patologiya bo`lib, angilogossiya deyiladi.

Xavf nimada?

Yuqori va pastki lab yungagining kaltaligi go`dakning ko`krak tuta olmasligiga sabab bo`lishi mumkin. Natijada mittivoyning qorni to`ymay, vazni me`yordan ortda qoladi, bezovtaligi ortadi. Bunday holatlarda, albatta, pediatr ko`rigi talab qilinadi. Shuningdek, yuqori va pastki lab yungagidagi o`zgarish tishlarni diastema (tish orasining ochilib qolishi) holatiga ham olib kelishi mumkin.

Uch yoshdan katta bo`lgan bolalarda til osti yungagining qisqaligi tishlam qatorining noto`g`ri rivojlanishi va nutq jarayoniga ta`sir etadi. Bolakay «R» xarfini talaffuz qilishga qiynaladi, so`zlarni uzuq-yuluq ifodalaydi.

Sabablari ma`lummi?

Og`iz bo`shlig`idagi mazkur patologiyaning kelib chiqishi ayol homiladorlik davrida turli kasalliklar bilan og`rigani hamda irsiy moyillikka borib taqaladi. Biroq bu ham aniq ma`lumot emas. Ba`zan ota–ona va yaqin qarindoshlarda uchramagan og`iz bo`shlig`i kasalliklari go`dakda yuzaga kelishi mumkin.

Tekshirib ko`ring

Ko`rsatkich barmoqqa sterillangan bintni o`rab, bolaning og`zini oching va tilini asta ko`taring. Me`yorda yungak 8 mm bo`lib, tilning boshlanish qismi, asosi va uchiga birikkan bo`ladi. Qisqa shakldagi yungak esa tilning shilliq qavatiga yopishganroq, burmali ko`rinishda aks etadi.

Logoped yordam beradimi?

Yuqori va pastki lab yungagidagi muammoda logoped mashqlari naf bermaydi. Biroq til osti yungagi uchun ayrim usullar bor. Avval og`iz bo`shlig`idagi yumshoq to`qimalar yumshatilishi lozim. Bu ishni yaxshisi mutaxassisga topshiring. So`ng til uchidan tutib, asta tortish, yon tarafga harakatlantirish mashqlari olib boriladi. Bir kunda ikki mahal, bir oy davomida shug`ullanish yungak to`qimasining cho`zilishiga ko`mak berishi mumkin.

Shifokor ko`rigi qachon kerak bo`ladi?

Yungak patologiyasi stomatolog-shifokor ixtisosligiga kiradi. Ammo hamisha ham elastik to`qimani kestirish shart emas. Agar bolaning nutqida muammo bo`lmasa, ovqatlanayotganida chaynov jarayoni me`yorda kechsa, yungakni kestirish talab qilinmaydi. Buning aksi bo`lganida esa mutaxassis quyidagi uch amaliyot turini taklif etadi:

  • Frenotomiya – yungakni uzaytirish maqsadida kesim hosil qilish;
  • Frenektomiya – til shilliq qavtiga yopishgan yungakni ajratish;
  • Frenuloplastika – yungak joylashuvini o`zgartirish.

Maqbul yosh qaysi?

Yungak korreksiyasiga individual tarzda yondashiladi. Yuqori lab o`rtasidagi yungakni kesish amaliyoti kurak tishlar chiqib bo`lgach, bola 6 yoshga to`lganida o`tkazilsa, pastki lab orasidagi yungakni kesishga 4 yoshdan so`ng murojaat qilinadi. Til osti yungagi esa go`dak bir yoshga to`lguniga qadar va undan keyin ham bajarilishi mumkin.

Og`riq bo`lmaydimi?

Shifokor yungakning kerakli qismidan kichik kesim hosil qilib, atrofiga so`rilib ketuvchi ip bilan chok tushiradi. Amaliyot umumiy narkoz va og`riqsizlantiruvchi vositalar ta`sirida o`tkaziladi. Shuningdek ushbu jarayon lazer nuri yordamida ham bajarilib, kam shikast etishi bilan afzalroqdir.

Samira ULUG`BEKOVA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1