1

O`ZIMIZNING 118 YoShLI REKORDChI ONAXON

Rekord 22.11.2017, 17:23
O`ZIMIZNING 118 YoShLI  REKORDChI ONAXON

Ba`zi-ba`zida turli ommaviy axborot vosita­lari yoki internet caytlari orqali dunyoning olis joylarida hayot kechirayotgan zamonamizning keksa kishilari haqida eshitib qolamiz. Bizning bugungi qahramonimiz — jahonning eng keksa onaxonla­ri­­dan biri qaysidir uzoq mamlakatda emas, aynan o`zimizning so`lim vodiyda umrguzaronlik qi­layot­gan 118 yoshli Sa`diyaxon Inamova.
Ular haqida eshitishimiz bilanoq, tuman ho­kim­ligi yordamida onaxonning oilasi bilan bog`lanishga harakat qildik. Go`shakni ko`targan ayol o`zini Sa`diyaxon onaning kenja kelinlari Muhabbatxon opa deya tanishtirar ekan, ayni paytda uylaridagi muhit haqida to`lib-toshib gapira ketdi: “Shu desangiz, yonimizdagi bog`cha ta`mirlanayotgan edi, shu sabab hovlimiz to`la bola-baqra. Bularni ko`pligini ko`ring. Ammo biz bunday shovqin-suronga o`rganib qolganmiz. Kelin bo`lib tushganimga 47 yil bo`libdiki, kunimizning asosiy qismi mehmon kutishu, keldi-ketdi bilan o`tadi. Eshigimiz oldidan o`tgan borki achamizni (izoh: tahr.buvi) hurmatlarini qilib, xabar olgani kiradi. Aniq aytamanki, hali uyimizga mehmon kelmagan biror kun bo`lmagan. Hozir ham 118 yosh bo`lishlariga qaramay, kim kelsa duo qilishni kanda qilmaydilar...”

O`ZINGDAN KO`PAYGIN, DEGANLARI ShU BO`LSA KERAK

Sa`diyaxon Inamova 1897 yilda Hamzavoy va Ibodatxon Boyazimovalar oilasida dunyoga kelgan va kirib kelayotgan 2017 yilda onaxon 119 yoshni qarshi oladi. Ayni paytda Sa`diyaxon Inamova Namangan viloyati To`raqo`rg`on tumanidagi Yortepa qishlog`ining Ibrat mahallasida istiqomat qiladi. Onaxonning farzandlari, nabirayu chevaralarining o`zi bir mahalla, desak adashmaymiz. Qahramonimizning 4 o`g`il va 4 qiz farzandlari bo`lib, ayni paytda ularning uch nafari hayot. Shundan G`iyosiddin ota 85 yoshda, Saodatxon aya 81 yoshda va Salohiddin ota esa 76 yoshda bo`lib, Sa`diyaxon ona ulardan 64 nafar nevara, 80 nafar chevara, 90 nafar evarava hatto 2 nafar begonaning ham faxriy buvijoni bo`lib yuribdilar. Qoyil qolasan kishi, onaxon bularning barchasini tanib, eslay olarmikan?

Muhabbat opa 118 yoshli Sa`diyaxon momoning kichiko`g`illari Salohiddin ota­ning rafiqalari:

— Nevarayu chevaralar kelishib, “katta buvi men — Sayyoraman...” yoki “men Mukarramman...” deyishsa, hammalarini birdan tanib so`rashib ketadilar. To`g`risini aytsak, umumiy nevarayu chevaralari qancha ekanligini o`zimiz ham bilmaymiz. Sababi yaqinda hisoblab chiqilgan ro`yxatdan keyin ham oilamiz safi yana ko`paygan.

IBRATLI VA UZOQ UMR SIRI NIMADA?

Sa`diyaxon Inamovaning umr yo`llariga nazar tashlasak, farzandlarining barchasi el-yurt hurmatiga loyiq yaxshi insonlar, chevaralarining biri fan nomzodi, professor, yana biri davlat idoralarida rahbar, boshqalari ham el koriga yaraydigan munosib shaxslar... Xo`sh, qahramonimizning uzoq va ibratli umr siri nimada?

— Qaynota-qaynonam bir umr temirchilik orqasidan halol mehnat qilib, kun kechirishgan, — deydi Muhabbat opa biz bilan suhbatda. — Qaynotam olamdan o`tganlariga 37 yil bo`ldi, ammo hali-hanuz oiladagi tarbiya, munosabat va tartib yo`qolmagan. Qaynonam tabiatan og`ir, vazmin va jiddiy insonlar. Uncha-muncha narsalarga qattiq ta`sirlanib, asabiylashib ketmaydilar. O`z o`rnida juda tartibli va qattiqqo`l ham. Yangi kelinligimda “Aba, bir joyga borib kelay...”, — desam, jim eshitib bosh irg`ab qo`yardilar. Har qancha jiddiy bo`lsalar ham, hech qachon yo`q demaydilar. O`zlari ham tartibda gap ko`p, deb aytadilar va hamisha tinch yashashga harakat qilganlar. Hayotdagi eng amal qiladigan ibratli so`zlari: “Sen bermagin birovga ozor, senga ham ozor berguvchilar bor”.

Qaynonam to`g`ri ovqatlanishga qat`iy rioya qiladilar. Nima ovqat tayyorlashimizni o`zlari aytib turadilar. Yana ularni bilganimdan beri yong`oq mag`zi, mayiz, asal va bodom mag`zini tuyib, aralashtirib tanovul qilib turadilar. Bu inson salomatligini mustahkamlab, yoshartiradi, deb ta`kidlaydilar.

Mana, sizga uzoq umr ko`rishning siri, yoshi ulug`likka erishishning muhim kaliti. Ana shunday yurtimiz faxri bo`lmish Sa`diyaxon aya kabi onaxonlarimiz safi yana ko`payaversin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1