“PROlogue – 2017” festivali bu yili butunlay boshqa formatda, boshqacha yondashuv bilan o`tkazilishi rejalashtirilgan.
Festival 27-30 noyabr kunlari Toshkent shahrida joylashgan Yoshlar ijod saroyida bo`lib o`tadi.
An`anaviy tarzda tashkil etilayotgan festival bu yili noan`anaviy uslubda "Oramizdagi afsonalar" fotoko`rgazmasi bilan ochiladi. Fotoko`rgazma o`zbek kinomatografiyasida o`zining o`chmas izini qoldirgan, etuk san`at asarlari yaratgan, kino sohasida o`zining alohida uslubi va maktabiga ega bo`lgan ustoz san`atkorlarga bag`ishlanadi. Yosh kinoijodkorlar kengashi "Oramizdagi afsonalar" fotoko`rgazmasi orqali zamondosh afsonalarimizni bir nuqtaga jamlaydi, ustoz san`atkorlarga o`zining ehtiromini yana bir bor ko`rsatadi.
“PROlogue – 2017” festivali uchun Ali Hamroev, Elyor Eshmuhammedov, Odilsho Agishev, Yusuf Roziqov singari kinorejissyorlar xorijiy davlatlardan etib kelishadi.
Tadbirning so`nggi kuni, ya`ni 30 noyabrda o`zbek kino san`atining eng mashhur shaxslari, “PROlogue” festivali ishtirokchisi bo`lgan yosh kinoijodkorlar saroy oldiga yozilgan qizil gilamchadan o`tib borishadi. Yoshlar ijod saroyi binosi shu kuni tantanali ravishda bezatilgan bo`lib, saroy oldidagi yirik ekranlarda marosim to`g`ridan-to`g`ri namoyish etib boriladi.
Festivalning so`nggi kunida 10 dan ortiq limuzinda o`zbek shou-biznes vakillari 100 ga yaqin fotograflar tomonidan kutib olinadi. Marosimda yurtimizning ko`plab OAV xodimlari ham akkreditasiyadan o`tishgan.
Mazkur marosim 2018 yilda o`tkazilishi rejalashtirilgan Xalqaro kinofestival uchun poydevor bo`lib xizmat qiladi.






