AsosiyShou-biznes

“PROLOGUE – 2017” MATBUOT ANJUMANI BO`LIB O`TDI

'“PROLOGUE – 2017” MATBUOT ANJUMANI BO`LIB O`TDI'ning rasmi

Joriy yilning 27-30 noyabr kunlari O`zbekiston yoshlar ittifoqi, “O`zbekkino” Milliy agentligi, Yosh kinoijodkorlar kengashi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi tomonidan “PROlogue” – yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar III Respublika festivali tashkil etilmoqda.

Festival doirasidagi tadbirlar haqida ommaviy axborot vositalari vakillariga to`liq axborot berish maqsadida 24 noyabr kuni O`zbekiston yoshlar ittifoqining Yoshlar press klubi zalida matbuot anjumani tashkil etildi.

Matbuot anjumanida “O`zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori F.Zokirov, O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o`rinbosari K.Beknazarov, Yosh kinoijodkorlar kengashi raisi O.Abdushukurov, kinoshunos O.Kopadze, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan aktrisa R.Shodieva ishtirok etib, festivalning ahamiyati, saralangan filmlar badiiy saviyasi haqida gapirib o`tishdi.

Jumladan, O.Kopadze, R.Shodieva bu yilgi “PROlogue” uchun tanlab olingan filmlar orasida xalqaro festivallarda ham ishtirok etishga munosiblari borligini aytishdi. Shuningdek, ba`zi kinoijodkorlarning o`ta saviyasiz filmlarni ham festival saralash komissiyasiga taqdim etishganini ham aytib o`tirishdi hamda yoshlarga kino asarlarini topshirishdan avval badiiy rahbarlar bilan ishlash kerakligini maslahat berishdi.

Matbuot anjumanida bu yilgi festivalning ilk bora O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilayotgani ham ta`kidlandi.

Bugungi kunda xorijiy mamlakatda istiqomat qiluvchi taniqli rejissyor hamyurtimiz Ali Hamroev ham matbuot anjumanida ishtirok etdi va shunday dedi: “Yoshlar, siz agar 30dan oshgan bo`lsangiz o`zingizni yoshman demang, yosh rejissyor bu menimcha 20-22 yosh. Shuning uchun yoshman deb o`tirmasdan, tezroq eng yaxshi asarlaringizni yaratishga kirishing”.

Yosh kinoijodkorlar kengashi raisi O.Abdushukurov Ali Hamraeva javoban quyidagi fikrni bildirib o`tdi: “Haqiqatdan ham, biz bugungacha sevib tomosha qiladigan “Mahallada duv-duv” kabi filmlarimizni ustoz san`atkorlarimiz 30 yoshgacha bo`lgan davrlarida suratga olishgan. Demak, bugungi yosh kinoijodkorlarimiz ham tezroq o`z ustilarida ishlab, yaxshi kinoasarlarini yaratishlari zarur”.

Matbuot anjumanida OAV vakillari dastur doirasida barcha savollariga javob olishdi.

    Boshqa yangiliklar