1

DISPOTIYa: BUYRAK NOTO`G`RI JOYLAShSA...

Salomatlik 27.11.2017, 11:31
DISPOTIYa: BUYRAK NOTO`G`RI JOYLAShSA...
  • Farzandim 16 yoshda. Ilgari sog`ligida sira muammo bo`lmagan. Yaqinda tibbiy ko`rikdan o`tkazayotib, tasodifan buyragining bittasi noto`g`ri joylashgani va bu dispotiya patologiyasi deyilishini bildik. Aytishlaricha, bu tug`ma nuqson ekan. Ammo nega buni avvalroq sezmadik? Yoki kasallik belgi bermaydimi? Endi nima bo`ladi? Keyinchalik biror asorat bersa-chi?!

Nargiza Salomova, Toshkent shahri

Tug`ma rivojlanish nuqsoni sifatida tasnif etiladigan buyrak dispotiyasi, buyrakning o`z o`rnidan pastroqda yoki boshqa a`zolarda joylashishi bilan xarakterlanadi. Ma`lumotlarga ko`ra, ushbu patologiya 800-1000 nafar chaqaloqning bittasida uchrashi mumkin. Xo`sh, dispotiyaning kelib chiqish sabablari nima? Organizmga nojo`ya ta`siri yo`qmi? Eng muhimi, nasl surish ehtimoli qanday? Savollarga javob olish maqsadida tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor-urolog Anvar ABDUSAMATOVga yuzlandik.

Embriogenez davrga qaytamiz

Іomila ichki a`zolari rivojlanayotgan davrda buyrak dastlab kichik tos sohasida shakllanib, so`ng asta–sekin yuqoriga, ya`ni anatomik jihatdan belgilangan o`rniga ko`tariladi. Infeksion kasalliklar, nosog`lom turmush tarzi, atrof-muhit, ayrim turdagi dori vositalari va bo`lajak onaning zararli odatlari homilada buyrak nuqsonini paydo qilishi mumkin. Dispotiya aynan shunday tug`ma rivojlanish nuqsonidir.

Mutaxassislar buyrak kasalliklari nasl surmasligini ta`kidlashadi. Shunday ekan, despotiyaning avloddan-avlodga o`tish ehtimoli yo`q.

UTT aniqlamaydimi?

Tug`ruqqa qadar o`tkaziladigan skrining va doppler tekshruvlari shubhasiz, homila ichki a`zolarining joylashuvi va rivojlanishini ko`rsatib beradi. Ammo hamma ham mazkur tekshiruvlarga murojaat qilavermaydi-a. Bordiyu tug`ma rivojlanish nuqsoni homiladorlik vaqtidayoq aniqlansa, tug`ruqdan so`ng go`dak birlamchi tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, urolog shifokor nazoratiga qo`yiladi. Shunday qilinsa, bola ulg`aygan sayin organizmidagi o`zgarishlarni o`z vaqtida aniqlash oson kechadi.

Qanday bo`ladi?

Buyrak dispotiyasi bir va ikki tomonlama, ikkita buyrakning bir tarafda ustma-ust kelishi bilan kuzatiladi. Tug`ma patologiya tos sohasida, bel, qovurg`a bilan qorin orasi hamda ko`krak qafasida yuzaga kelishi mumkin. Ko`pincha tibbiy ko`rik vaqti aniqlanadigan tug`ma nuqson yillar davomida o`zini oshkor qilmaydi.

Belgisi bormi?

Ichki a`zolar joylashuvidagi o`zgarishlar nahot belgi bermasa dersiz? Buni qarangki, bu ham patologiyaning qaysi sohada joylashgani va bemorning yoshiga bog`liq hodisa ekan. Masalan, despotiyaning beldagi ko`rinishi vaqti-vaqti bilan ushbu sohada og`riq paydo qilishi mumkin. Qorin va qovurg`a orasidagi buyrak nuqsoni esa ko`ngil aynishi, mazkur a`zolar ishida bezovtalik va og`riq bilan kechadi. Barchasi uchun umumiy bo`lgan belgilar peshob ajralishining qiyinlashuvidir. Bola ulg`aygani sayin qabziyat, ichaklar bilan bog`liq muammolar, hazm tizimidagi buzilishlar ham paydo bo`lishi mumkin.

Tashhis

«Qochoq» buyrak daragi UTT tekshiruvida ma`lum bo`lsa, uning qaerdan qo`nim topgani chuqurlashtirilgan tahlillar orqali aniqlanadi. Bunda rentgent, ekskretor urografiya, kompyuter tomografiyasi tahillari bajariladi. Xastalik ma`lum, xo`sh endi-chi? Bemor nazoratga olinib, gidronefroz, pielonefrit, vozorenal gipertenziya kabi holatlarning kelib chiqish ehtimolini kamaytirish uchun zarur choralar ko`riladi.

Muolaja – jarrohlikmi?

Tug`ma nuqson aniqlangach, asosiy muolaja noto`g`ri joylashgan buyrakning asorat bermasligiga qaratiladi. Anglaganingizdek, davo choralari konservativ usullar, ya`ni dori vositalari ko`magida bajariladi. Qachonki, buyrak nuqsoni organizmning umumiy holatiga nojo`ya ta`sir ko`rsatsa yoki o`z faoliyatini bajarishga qodir bo`lmay, nobud bo`la boshlasa, a`zoni olib tashlashga doir jarrohlik amaliyoti o`tkazilishi mumkin. Biroq bu kamdan-kam hollarda murojaat etiladigan usuldir.

Bemor sog`ligiga ahamiyatli bo`lsa, buyrak despotiyasi bilan uzoq umr ko`ra oladi. Іatto, bel va tos despotiyasi bilan farzand ko`rganlar ham bor. Asosiy shart, shifokor ko`rsatmalariga qat`iy rioya etish.

(kolonka)

Farzandingizda buyrak despotiyasi aniqlandi deylik, «Bolamga biror kor-hol bo`lmasin» deb odatiy turmush tarzini cheklamang. Jismoniy faolligi, o`qish-o`rganishi barchasi avvalgidek qolsin. Faqat sog`ligiga yanada e`tiborliroq bo`lib, buyrak ishiga zo`riqish tushmasligini nazorat qilsangiz bo`lgani. Taomnomasiga diqqat qiling, dudlangan, achchiq va sho`r eguliklar, gazlangan ichimliklar iste`mol qilinmasligi lozim. Bu sog`lom buyrakni ishdan chiqaradi.

Samira ULUG`BEKOVA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1