Belgiya qiroli Filipp voyaga etmagan bolalarni evtanaziya qilish to`g`risidagi qonunni qabul qildi. Bu haqda ITAR-TASS axborot agentligi xabar beradi.
Ispaniyaning Citizen Go jamg`armasi Belgiya monarxiyasiga 20 ta mamlakatdan 200 ming kishi, shu qatorda 5 ming nafar belgiyaliklarning imzosi bilan ushbu qonunni tasdiqlamaslikni so`rab arznoma yubordi.
Arznomaga imzo chekkanlarning fikricha, ushbu qaror qabul qilinsa, u dunyodagi evtanaziya to`g`risidagi eng dahshatli qaror bo`ladi.
Joriy yilning 13 fevral kuni Belgiya quyi Palatasi deputatlarining ko`p qismi tomonidan voyaga etmagan bolalarni evtanaziya qilish to`g`risidagi qonun qabul qilingan edi.
Qonunga ko`ra, bola ota-onasining roziligi bilan o`zi yoki bola evtanaziya so`rash imkoniyatiga ega bo`lmaganda, ota-onasining roziligi bilan evtanaziya so`rab murojaat qilish mumkin bo`ladi. Bu murojaat faqatgina bola bedavo kassalik va jismoniy yoki ruhiy og`riqdan aziyat cheksagina qabul qilinadi. Shuningdek, bola ushbu qarorning oqibatini bilishi to`g`risidagi ruhshunosning xulosasi zarur bo`ladi.
Eslatib o`tamiz, Evtanaziyaning ma`nosi chidab bo`lmas og`riq yoki bedavo kassalikka uchraganlarning hayotini to`xtatish demakdir.





