1

“Sog`lom avlod uchun” ordeni ta`sis etilganiga 21 yil to`ldi

Jamiyat 04.03.2014, 10:29
“Sog`lom avlod uchun” ordeni ta`sis etilganiga 21 yil to`ldi

Prezidentimiz Islom Karimovning 1993 yil 4 martdagi farmoniga muvofiq mustaqil Vatanimizning ilk ordeni «Sog`lom avlod uchun» ta`sis etilgan.

Ordenga bunday nom berilgani istiqlolning dastlabki kunlaridan oldimizga qo`ygan barcha ezgu intilishlarimizning maqsad-mohiyati jismonan sog`lom, ma`nan etuk barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilganining amaldagi yorqin ifodasidir. 

Davlatimiz rahbarining “Farzandlarimiz bizdan ko`ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo`lishlari shart!” degan so`zlari xalqimiz uchun o`ziga xos da`vatga aylanganini hayotning o`zi ko`rsatib turibdi. Zotan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohot va yangilanishlar zamirida avvalo ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo`lgan farzandlarimiz manfaati mujassam.

Mamlakatimizda tibbiyot, ta`lim va sport sohalarining bir-biriga uyg`un rivojlantirilayotgani o`g`il-qizlarni har jihatdan sog`lom tarbiyalashda muhim omil bo`lmoqda. Nufuzli xalqaro tashkilotlar reytingiga ko`ra, O`zbekiston bolalar salomatligi muhofazalangan etakchi o`n mamlakatdan biridir. Farzandlarimizning 92 foizi rivojlanish ko`rsatkichlari bo`yicha Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti standartlariga to`la mos keladi. Bu haqda O`zA xabar beradi.

Bunday yuqori natijalar mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport farzand tarbiyasining muhim mezonlaridan biriga aylanganining samarasidir. Uch bosqichli uzluksiz tizim – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport musobaqalari yoshlarning barcha qatlamini ommaviy sportga jalb qilishning eng samarali usuli bo`lib,  endilikda bu tizim dunyoning qator mamlakatlarida noyob tajriba sifatida o`rganilmoqda.

Yurtimizdagi 65 mingdan ziyod sport seksiyalarida ikki millionga yaqin o`g`il-qiz sportning 30 dan ziyod turi bilan muntazam shug`ullanmoqda. Sport bilan shug`ullangan bolalarda kasallanish darajasi sezilarli darajada pasaygani, so`nggi o`n yilda mutlaq sog`lom bolalar ulushi 11,2 foizga oshgani ana shu harakatning amaliy natijasidir.

«Sog`lom avlod uchun» ordeni sog`lom va barkamol avlodni tarbiyalash ishiga ulkan hissa qo`shayotgan fidoyi yurtdoshlarimiz mehnatini munosib rag`batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur orden bilan onalik va bolalikni muhofaza qilish, atrof-muhit musaffoligiga erishish, Vatani ravnaqi uchun xizmat qiladigan jismonan, ma`nan va axloqan sog`lom avlodni kamol toptirish yo`lida fidokorona xizmat qilayotgan insonlar mukofotlanadi. Shuningdek, boshqa davlatlar fuqarolari ham mazkur mukofot bilan taqdirlanishi mumkin.

Ordenning tasvirida o`ziga xos ramziy ma`no-mazmun mujassam. Tinch va osoyishta Vatanimizni charog`on qilib turgan quyoshning zarrin nurlari ostida farzandini bag`riga bosgan mo``tabar ona siymosi sog`lom bolani tarbiyalash xalqimizning ezgu amali ekaniga ishoradir. Bolaning yuksakka – quyoshga intilayotgani kelajakda buyuk ishlarga qodir ekanidan dalolat, munis onaning zurriyodiga qaragan mehr to`la nigohida sog`lom farzandining unib-o`sishiga mustahkam ishonchi barq urgan.

Orden biriktirilgan dastaning ichki qismi yashil rangdagi tovlanuvchi lenta bilan o`ralgan. Lentaning o`rtasida uyg`onish timsoli bo`lgan gullab turgan o`rik novdasi tasviri tushirilgan. U yasharish va yangilanish ramzi bo`lgan yashil rang fonida yanada teran mazmun ifoda etadi.

Jamiyat hayotining turli jabhalarida yuksak natijalarga erishayotgan ko`plab yurtdoshlarimiz sog`lom avlod tarbiyachilariga ehtirom timsoli bo`lgan ushbu mukofotga sazovor bo`ldi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1