O`zbekiston yoshlar ittifoqi, O`zbekkino MA, Yosh kinoijodkorlar kengashi hamda kinomotografiyani rivojlantirish markazi tomonidan ilk marotaba o`tkazilayotgan III Respublika “PROLogue-2017” kinofestivalining ochilish marosimi start oldi.
Bugun muhtasham Yoshlar ijod saroyida san`at ahlining buyuk afsonalaridan tortib yosh umidli rejissyor va aktyorlar bir davraga jam bo`ldilar.

Festival loyihasi doirasida san`at sohasida bosib o`tgan yo`li bilan oramizda haqiqiy afsonaga aylangan san`at darg`alarimizga bag`ishlangan “Oramizdagi afsonalar” nomli fotoko`rgazmaning ochilishi boshlandi.
Ko`rgazmada 30 dan ortiq mashhur kinoijodkorlar: Ali Hamraev, Shuhrat Abbosov, Zulfiqor Musoqov, Rixsi Ibroximova kabi "Tirik afsonalar"ning suratlari o`rin olgan.


Ko`rgazmaning g`oya muallifi Muhlisa Azizova, fotograf G`ayrat Mo`minov.
- “Oramizdagi afsonalar” – bu yoshlarning ustozlarga bo`lgan hurmati sifatida tashkil etilgan ko`rgazma. Aytishimiz mumkinki, ustoz san`atkorlar yosh kinoijodkorlar uchun o`zining beqiyos ijod maktabini yaratgan. Ularda biz-kinoijodkorlar o`rganishi kerak bo`lgan juda ko`p ijod sirlari mavjud. Ushbu ko`rgazmani tashkil etishdan ko`zlangan maqsad ham ustozlarni qo`llab-quvvatlash, ular doimo e`tibor markazida ekanliklarini eslatish, - deydi ko`rgazma muallifi Muhlisa Azizova.

Fotograf G`ayrat Mo`minov:
- Ustozlar bilan ishlash maroqli! Boshida ustoz san`atkorlar bilan ishlash biroz qiyin bo`ladi, deb o`ylagan edim. Lekin, aksincha ish jarayoni ajoyib taassurotlarga boy bo`ldi. Ulardan ko`p narsani o`rgandim. Ustoz san`atkorlar bilan ishlaganimdan baxtliman! Bugungi ko`rgazmadan o`rin olgan suratlar hammaga yoqadi, deb umid qilaman. Eng asosiysi, menga bu imkoniyatni bergan Yoshlar ittifoqi, Kinomotografiyani rivojlantirish markaziga o`z minnatdorligimni bildiraman.
“PROLogue-2017” kinofestivali doirasida tashkil qilingan bir-biridan qiziq loyihalar davom etmoqda.






