Feysbuk ijtimoiy tarmog`ida jurnalist Nargis Qosimovaning Xotin-qizlar qo`mitasi axborot xizmati rahbari Guljamol Asqarovadan norozilik sharhi jurnalistlar o`rtasida muzokaraga sabab bo`ldi, deya xabar beradi Pressnews sayti.
Nashrning yozishicha, Nargis Qosimova "Fermer" jurnali nomidan Elmira Bositxanovadan intervyu olish maqsadida Xotin-qizlar qo`mitasi axborot xizmati rahbari Guljamol Asqarovaga murojaat qilgan, ammo bu murojaatga nisbatan bunday jurnal borligini bilmasligi va bilishni ham istamasligini ma`lum qilgan.
“Qo`mita rahbaridan intervyu olish haqidagi jurnalist murojaatiga esa Xotin -qizlar qo`mitasidan axborot olish uchun bir oy oldin borib, kerak bo`lsa yalinish lozimligini aytgan”, deya yozadi nashr.
Nargis Qosimova o`zining feysbukdagi sahifasida ushbu vaziyatni quyidagicha izohlagan:
“O`zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo`mitasi axborot xizmatining rahbari Guljamol Asqarova o`zining siyosiy jihatdan savodsizligi va madaniyatsizligini ko`rsatdi. "Fermer" jurnali nomidan Basitxanova Elmira Irkinovnadan intervyu olish uchun murojaat qilganimda u bunday jurnal mutlaqo yo`qligi va borligini bilishni ham istamasligini, Elmira Irkinovnadan so`ramasdan uning nomidan hech qachon bu jurnalga intervyu bermasligini (respublikamiz tadbirkor, ishbilarmon fermerlarining aksariyat qismini xotin-qizlar tashkil etgan va Yurtboshimiz tomonidan fermerlik harakatini yanada rivojlantirish haqida gapirilayotgan bir paytda), jurnalist Xotin -qizlar qo`mitasidan axborot olish uchun bir oy oldin borib, kerak bo`lsa yalinib axborot olishi lozimligini “uqtirdi”. “Siz O`zbekiston Respublikasining «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to`g`risida»gi Qonuni haqida eshitganmisiz”, degan savolimga, bunday qonun mutlaqo yo`qligini aytdi.
Afsus, afsus!!! Axborot xizmatlari har bir tashkilotning yuzi hisoblanadi. Nahotki, Respublika Xotin qizlar qo`mitasining imidjini shakllantirish mutlaqo muomala madaniyatidan bexabar, savodsiz ayol qo`lida bo`lsa?”