O`zbekiston yoshlar ittifoqi, “O`zbekkino” MA, Yosh kinoijodkorlar kengashi hamda Kinemotografiyani rivojlantirish markazi tomonidan o`tkazilayotgan III Respublika PROlogue – 2017 kinofestivali davom etmoqda.
Festivalning 29 noyabr kuni qizg`in, bahs-munozaralarga boy ruhda o`tdi. Dastavval o`zbek kino olamida ilk bora kino loyihalar Pitching asosida ko`rib chiqildi.

Pitching yosh ijodkorlarning kino loyihalarini homiylar, hammaslaklar topish maqsadida o`tkaziladigan taqdimotiga aytiladi. Pitchingda Sanjar Sultonov “Jarayon”, Mashrab Aliqulov “Manzil”, Doniyor Aripov “Sukunat”, Sherzod Musaev “O`gay”, Bobur Qobilov “Malenkiy Angel”, Muhammad Yusupov “Oq-qora spektakl”, Ibrohim Hamraev “Tumor” deb nomlangan loyihalari bilan ishtirok qilishdi.
Pitchingda muvaffaqiyatli o`tgan loyiha “O`zbekkino” MA tomonidan moliyalashtirilishi alohida qayt etildi. Pitchinda eng yaxshi loyiha PROLogue – 2017 kinofestivalining yopilish marosimida e`lon qilinadi.

Festivalning 29 noyabr kuni eng kutilgan uchrashuvlardan biri rejissyor va ssenarist Yusuf Roziqov bilan uchrashuv bo`ldi. Yusuf Roziqov mazkur uchrashuv davomida Abdulhamid Sulaymon o`g`li Cho`lpon haqida film suratga olish rejasida yurganini ma`lum qildi.
“Qisqa metrajli filmlar festivalining o`tkazilishi yoshlarning o`zini, yaratgan namuna ishlarini ko`rsatishi uchun katta imkoniyatlarni ochib beradi. Yoshlarni o`ziga bo`lgan ishonchini yanada orttiradi. Rejissyor nimaga qizishini, nima xohlashini ko`rsata olmasa, u rejissyor bo`la olmaydi. Rejissyor tomoshabinlar talqinisiz turolmasligi kerak. Men kinoda rol berayotganimda aktyorlardan kelib chiqaman. Shuning uchun, yaxshi rejissyor aktyor tanlay bilishi ham kerak. Yaxshi kino olmoqchi bo`lgan yoshlar ko`p kitob o`qishi, kinolarni kuzatishi, o`z ustida ishlashi, kinoni seva olishi lozim. Shunda uning tasavvuri kengayib, xohlayotgan narsanini ko`rsatib bera oladi”,- deydi Yusuf Roziqov

Yusuf Roziqov Berlin xalqaro kinofestivaliga bormasdan, “PROlogue – 2017” festivalida ishtirok qilishga, master klass o`tishga rozi bo`lgani uchun tashkilotchilar tomonidan alohida minnatdorchilik bildirildi.
Kunning ikkinchi yarmida “Xalqaro kinofestival ostonasida” mavzusida davra suhbati o`tkazildi.
Unda kelgusi yilda o`tkazilishi rejalashtirilayotgan “ PROlogue ” xalqaro kinofestivaliga yuqori saviyada tayyorgarlik ko`rish bilan bog`liq masalalar muhokama qilinib, soha mutaxassislarning fikrlari o`rganildi.
“PROlogue”ning 2018 yilda xalqaro formatda o`tkazilishini inobatga olgan holda, festivalning nufuzini oshirish, jahon talablariga mos keladigan darajaga ko`tarish uchun amalga oshirilishi zarur bo`lgan chora-tadbirlar ishlab chiqish haqida takliflar berildi.
Davra suhbati davomida so`zga chiqqan taniqli san`at arboblari, kinorejissyorlar, kino tanqidchilar va albatta, yosh kinoijodkorlar keyingi yil o`tkaziladigan Xalqaro qisqa metrajli filmlar festivalini qanday o`tkazilishi haqida o`z fikr-takliflarini aytishdi.
30 noyabr kuni III Respublika “PROlogue” – 2017 kinofestivalining tantanali yopilish marosimi bo`lib o`tadi.







