AsosiyShou-biznes

Tohir Sodiqov: “Irodam kuchli emasligidan afsuslanaman!”

Tohir Sodiqov! Bu xonanda bilan bir bor suhbatdosh bo`lgan aksariyat kishilar unisharttaki, dilidagi tilida” desa, ba`zilar biroz qo`pol”, degan ta`rifni ham berishadi. Ammo Tohir Sodiqov bilan yaqindan tanish bo`lganlarning fikri butunlay o`zgacha. U aslida ko`ngli toza, o`z ishi va tinglovchilari uchun jonini berib ijod qiluvchi san`atkor. Xonanda bilan aynan 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida suhbatlashishimizning o`ziga yarasha sababi bor. Aniqrog`i, “Bolalar guruhi yakkaxoni Tohir Sodiqov 40 yoshdan oshgan bo`lishiga qaramay, tinimsiz sevgi mavzusida kuylab, barcha ayollarning mehrini qozonib yurgan ijodkor. Xonandaning ijodiga qiziqish bugun ham xuddi 23 yil ilgarigidek. Suhbat davomida xonandaning nafaqat ijodi balki uning oilasi, shaxsiy hayoti va ichki dunyosini ochib beruvchi mulohazalari bilan ham tanishasiz...

—  Siz bilan bahor oyining eng go`zal bayramlaridan biri 8 mart Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida ko`rishib turaganimizdan hursandmiz!

— Bu intervyu shaxsan men uchun yaxshi imkoniyatlar taqdim etyapti. Axir hammaga ham bir vaqtning o`zida butun O`zbekiston ayollarini bayram bilan tabriklash nasib etavermaydi.

— Bayramga tayyorgarlik qanday ketyapti?

— Ochig`i, mazkur bayramga mana ikki oydirki tinimsiz tayyorlanyapmiz. Uch kun konsert berish orqali guruhimiz aziz ayollarimizga sovg`a ulashgandek bo`ladi (kuladi). Bayram kunlariga to`g`ri kelgan konsertim haqiqiy shou dastur bo`lib, tomoshabinlar yodida uzoq vaqt saqlanib qolishi aniq! Chunki buning uchun ijodiy jamoamiz bilan anchagina ter to`kdik. Konsertda eng so`nggi zamonaviy musiqa texnikasi — “3D mapping”dan foydalanyapmiz. Yanada tushunarli bo`lishi uchun Sochida bo`lib o`tgan qishki olimpiadaning ochilish marosimini eslatmoqchiman. U erda sahnaga tushurilgan suratlarning tasviri va dekorasiyalarning o`zgarishi aynan “3D mapping”da ishlangan. G`urur bilan aytmoqchimanki, konsertimda aynan “Sochi-2014”ning shou dasturlari ustida ishlagan tashkilotchi guruh mehnat qilyapti. Ushbu musiqiy yangilik O`zbekistonda ilk bor qo`llanilishi va bu haqiqiy bayram sovg`asi bo`lishi aniq. Konsert davomida 10 dan ziyod qo`shig`imni to`liq jonli ijroda kuylamoqchimiz. Musiqalar ham jonli tarzda ijro etiladi. Mazkur yangiliklarning bari “Bolalar” guruhi tarixida ilk bor amalga oshirilyapti.

— Nega konsertingiz yuz foiz jonli emas?

— Chunki yuz foiz jonli ijroga o`zimni to`liq tayyorman, deyolmayman. Buning uchun vaqt kerak.

— Mana ikki yildirki, aynan Xalqaro xotin-qizlar kuniga  to`g`irlab konsert berasiz. Buning ham o`ziga yarasha sabablari bormi?

— Boisi qo`shiqlarim asosan sevgi mavzusida. Qolaversa, konsertim chiptalari qimmat emas, erkaklarimiz ham bayramda ayollarga sovg`a taqdim etishda qimmatga tushmaydi (kuladi). Bundan tashqari, bordi-yu ayol xonanda bo`lganimda, 14 yanvar — “Vatan himoyachilari” kunida konsert berardim. Bu mantiqan to`g`ri bo`lardi.

— O`zingiz-chi? Siz ham oilangiz ayollariga bayram sovg`asi sifatida faqat konsert taqdim etyapsizmi yoki tayyorlab qo`ygan boshqa sovg`alaringiz ham bormi?

—  (Kulib) Faqat konsert bilan qutilsam uyat bo`lar. Ochig`i, kimga qanday sovg`a olish kerakligi haqida o`ylaydigan yordamchilarim —jiyanlarim, qarindoshlarim bor. Ular yil davomida hech kimga bildirmagan holda kimga qanday sovg`a zarurligi haqida bilib berishadi. Tayyor sovg`ani olib, uni egalariga taqdim etish esa menning vazifam (kuladi).

Bayram kunlari rafiqangizga uy-ro`zg`or ishlarida yordam berasizmi?

— Hech qachon ro`zg`or yumushlaridan qochgan erkak emasman. Texnika borasida uquvim bo`lgani bois uydagi texnik jihozlarni o`zim sozlayman. Oshxonaga faqat ayollar kirishi kerak, degan fikrga qarshiman. Bo`sh vaqtimda imkon qadar uy ishlarini bajarishda ayolimga yordam beraman. Biroq supurish va pol artishdan tashqari (miriqib kuladi).

Ikki qiz va bir o`g`ilning otasisiz. Vaqti kelib qizlaringizni turmushga berasiz. Bu haqida hech o`ylab ko`rganmisiz?

— Ertami-kechmi bu hamma otalarning boshiga tushadi. Shuning uchun uzoq vaqt ehtiroslarga berilib vaqt yo`qotmasdan, imkoniyat borida farzand uchun zarur ehtiyojlarning harakatini qilib qo`yish kerak. Moliyaviy tomonini nazarda tutyapman. Albatta har bir ota-ona birinchi o`rinda farzandining baxtini o`ylaydi. Ammo shu bilan birga unda hech narsaga ehtiyoj bo`lmasligini ham o`ylashi kerak.

— Nima deb o`ylaysiz sizdan qanday qaynota chiqadi? Kuyovni o`zinigiz tanlaysizmi?

— Nega men tanlayman?! Yashaydigan yoshlar-ku, qizim tanlaydi. Bu bilan chetda turaman, demoqchi emasman. Jiddiy e`tibor qarataman, albatta. Tanlangan kuyovni surishtirish, u bilan suhbatlashish niyatim bor. Asosiysi, qizim tanlagan inson haqiqiy mard yigit bo`lishini istayman!

Kuyovingiz san`atkor bo`lishini istamaysiz-a?

(Jilmayib) Ochig`i, ba`zida ayolimga juda achinaman. Chunki biz san`atkorlar bilan yashash juda qiyin. Kunimiz tartib bilan o`tmaydi. Shularni bilganim uchun qizimning onasi singari qiynalishini istamasman. Ammo mening aytganim emas, taqdir buyurgani bo`ladi. Yana bir gap — agar Tohir Sodiqovdan o`tadigan san`atkor bo`lmasa, unga qizimni bermayman!

— Negadir ko`pchilik yigitlar bosh farzandi qiz tug`ilsa, norozi kayfiyatini yashirmaydi. Sizda qanday kechgan?

— Qaysi ota farzndli bo`lganidan hafa bo`lishi mumkin?! Shunchaki, ba`zi olifta otalar do`stlarini oldida “o`g`illi bo`ldim!” deb maqtanishni yoqtirgani uchun ham norozi bo`lishadi. Aslida qiz yo o`g`il — u farzand, bari birdek aziz!

— Qiz va o`g`il farzand o`rtasida farq bo`ladi. Ularning bir-biridan afzallik tomonlarini aytib bera olasizmi?

(Kuladi) Shu kungacha qizlarimning tarbiyasi, o`zini tutishi, o`qishi borasida biror marta tanbeh eshitmaganman. Qaerga bormay qizlarimni hamma maqtaydi. Ochig`i, qizlarimning namunali fe`l-atvori sabab, ularning tez ulg`ayganini sezmay ham qolibman. Ammo o`g`lim tug`ilgach, bu maqtovlar guldastasi tanqidlarga aylandi. “Bola bo`lsang sho`x bo`l...” degan naql menning o`g`limga atalgan. U juda sho`x. Maktabdagi majlislarda rafiqam faqat tanbeh eshitib charchadi. Oilada kenjasi va birgina o`g`il bo`lgani uchunmi juda erka. Ammo bularning barchasi faqat bolalikda qoladi, deb o`ylayman. O`g`lim katta bo`lgani sari tantiqliklari bosilyapti.

— Bolalaringiz bilan hech arazlashib qolganmisiz?

— Xafa bo`lish nima ekanini bilmayman. Farzandlarimga ham shuni o`rgataman. Odam boshqalardan hafa bo`lmasligi uchun vaqtida ko`nglidagi gapni ayta olishi kerak. Ana shunda ko`nglida gina-qudrat qolmaydi.

Sizningcha yigit va qiz do`st bo`lishi mumkinmi?

— Albatta! Nega mumkin emas?! Ularning dunyoqarashi bir-biriga to`g`ri kelsa do`stlikka nima to`sqinlik qilishi mumkin? Masalan, menning ham xotin-qizlar orasida  do`stlarim bor. Ulardan biri — eng yaqin do`stim Sevara Nazarxon. Bayram, tug`ilgan kunlarda bir-birimizni tabriklash, yaxshi-yomon kunda elkadosh bo`lish, sirlashishni kanda qilmaymiz. Bizning do`stligimiz haqida turmush o`rtoqlarimiz ham yaxshi bilishadi. Oilaviy bordi-keldi qilamiz.

— Do`stlik qaysi nuqtada yakun topishi mumkin?

— Sotqinlik yuz bersa! Umuman olganda, vafo bo`lmasa nafaqat do`stlik, barcha insoniy  tuyg`ular ham barham topadi. 

— Hayotda nimani yo`qotganingizdan afsuslanasiz?

— Irodamning mustahkamligini! 20 yoshimgacha umuman  chekmaganman. Bugun esa bu zararli narsadan o`zimni olib qocholmayapman. Irodam kuchli bo`lganda, bu yomon odatimni tashlagan bo`lardim.

— Yoshingiz ulg`ayganini qachon xis etgansiz?

(Kulib) Sochimni oqarayotganidan bo`lsa kerak. Ko`cha-kuyda ham boshqalarning salomini eshitib “Ha, ancha ulg`ayibman-da!” deyman.

OILAMNING AYoLLARI!

Onam...

Onamdek hokisor, beg`ubor, nozik va samimiy insonni hali ko`rganim yo`q. U kishining ko`ngli nozik. Noxush xabar eshitib qolsa ham ko`ziga yosh kelaveradi.

Rafiqam...

Go`zal va latofali ayol! Juda qatiyatli va o`ylagan maqsadiga albatta erishadi. Sevgisi, oilasi uchun jon-jahti bilan kurasha oladi.

Qizlarim...

Ikkita qizim ham o`ziga yarasha ajoyib fe`l-atvorga ega. Ikkisida ham boshqaruvchanlik qobiliyati kuchli. To`ng`ichimni ko`pchilik o`zimga o`xshatadi. “Dadasining qizi” degan ta`rifni har qadamda eshitaman. Fe`l-atvor tomondan ham juda o`xshashmiz. Kenja qizimda ko`proq onamni ko`raman. Tasirchan, ammo ko`cha-kuyda, begonalar yonida nozik tarafini ko`rsatib, ko`zyosh to`kmaydi. Aksincha, haq bo`lsa oxirigacha kurashib, maqsadiga erishadi.

— Fursatdan foydalanib, jamiki o`zbek ayollarini 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan ijodiy jamoamiz nomidan tabriklayman! Siz aziz ayollarni doimiy go`zallik, o`ziga bo`lgan ishonch tark etmasin!

  Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar