AsosiyRekord

Asrlarni dog`da qoldirgan momo

'Asrlarni dog`da qoldirgan momo'ning rasmi

Farg`ona viloyatining Buvayda tumanidagi Qoraqum qishlog`ida yashovchiHuvaydo momo Umarova 2016 yil 121 bahorni qarshiladi.

Dunyo — foniy. Alalxusus, inson umri ham. Kimgadir uzoq, kimgadir esa qisqa... Umr karvonining yo`llari ham past-baland, o`nqir-cho`nqir. Goh sokinlik, goho bo`ronu to`fonlarga to`la.

100dan ziyod oila a`zolari jamlangan fayzli xonadonning to`rida bugun uch asr bilan yuzlashib,qo`r to`kib o`tirgan Huvaydo momoning serajin yuzlari-yu xira tortib qolgan ko`zlari qa`rida ham hayotning ana shu haqiqati aks etadi.

Ziyorat bahonasida qutlug` yoshli momoning tabarruk qo`llarini ko`zlarimizga surtib, uni asta gapga tutamiz.

— Momo, mana 121 yoshga kiribsiz. Uzoq umr ko`rishning biror siri bormi? Bor bo`lsa, nimada?

— Bilmadim bolam. Bilganim — inson dunyoga kelganda umrini, rizqini Alloh belgilab, peshonasiga yozib qo`yarkan. Uzoq yashashning siri undoq, bundoq, deyishdan yiroqman. Ochin-to`qin, atala ichib, zog`ora eb, qora mehnat bilan katta bo`lgan­miz... Otam 100 yoshga, ammam 125 yoshga, tog`am 130 yoshga kirib vafot etishgan. Uzoq yashash ham avloddan-avlodga o`tsa kerak-da...

— Aytishlaricha, yoshligingizda juda chiroylibo`lgan ekansiz?..

— Ha, juda kelishgan, sochim taqimimni o`padigan qiz bo`lganman. (kulib) Oshiqlarim ham ko`p bo`lgan... Vaqti kelib, o`zimizga o`xshagan oddiygina odamga turmushga chiqqanman. U bilan 20 yil birga yashab farzand ko`rmadik. Keyin yaxshilikcha ajrashib, mana shu farzandlarimning otasiga turmushga chiqdim. 7 nafar farzand ko`rdim. Agar to`ng`ichim Hoshimjon hayot bo`lganida hozir 81 ga kirgan bo`lardi. Farzandlarim — Sanobarxon hozir 75 yoshda, Sadbaroy 70 da, Abdulqosim 68 da, Lobar 64 da, Sharofat 55 da, kenjam To`raqul 53 yoshda... Hammasi uvali-juvali. Xudoga shukr, 36 nafar nevaram, 68 ta chevaram bor. Evaralarimning nechtaligini ham bilmayman. Afsuski, rahmatli cholim bu kunlarni ko`rolmay ketdi.

— Bu yaxshi kunlarga etib kelishning o`zi bulmaydi. Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi insoniyatning boshiga ne kunlarni solmadi. Shundaymi?

— E, qizim..., keling, o`sha kunlarni eslamaylik. Nomi o`chsin, urushning. U davrdagi ocharchilik, qiyinchilik kechagidek esimda. Hamma erkaklar urushga ketgan. Ularning ishlarini biz ayollar bajarganmiz. Menga 9 gektar paxta maydonini “zveno” qilib berishgan. Sug`orishidan tortib, yig`ib-terib olishgacha o`zim bajarganman. Ana shu qora mehnatlarimiz evaziga kuniga bir kosa atala bilan bir to`g`ram non berishardi. Qornimiz chala to`yganiga ham xursand bo`lardik...

— Mana, piru badavlat momosiz. Tegrangiz to`la farzandu nabiralar... Hammasi uyli-joyli. O`z hayot yo`lini topib olishgan. Ulardan ko`nglingiz to`q...

— ... Ona uchun farzandi 80 ga kirsayam bola bo`lib ko`rinarkan. Ba`zan ular “u ishim qolib ketdi, bunisi bitmayapti”, deb nolib qolishadi. Zamonaga shukr qilib yasha, biz ko`rgan qora kunlarni sirayam ko`rmanglar. Yurt tinchligiga, to`kin-sochinlikka, boshimizda shunday odil poshsho turganiga shukr qilinglar, deb tayinlayman. Shukr bor joyda baraka, ahillik bo`ladi-da, bolam.

— Orzu va armonlaringiz bormi?

— Ba`zida shu zamonda tug`ilmaganimdan, yoshroq bo`lmaganimdan armon qilaman. Qarang, sharoitlarni, mehnat qilgan odam poshsholardek yashaydigan zamon. Dasturxonlar to`kin, serobchilik. Qishloqda hech kim darvozasini tambalamaydi. Zamon tinchligidan bu. Dono yurtboshimiz butun bir yurtni tinchligini saqlab, rozi qilib boshqarib boryapti. Bu ham bizga Yaratganning mukofoti. Hozirgi zamonda eng baxtli o`g`il-qizlar, ayollar yashayapti. Sharoitlar, e`tibor haqida nevara-chevaralarimdan eshitib, ko`nglim tog`dek ko`tariladi. Duo qilaman. Ilohim, tinchligimizga ko`z tegmasin, bolam.

Albatta asrlarni dog`da koldirib hamisha duoda yashayotgan Huvaydo momo kabi insonlar bor ekan, yurtimizni ana shunday nuroniy zotlarning duolari asraydi.

    Boshqa yangiliklar