Toshkentda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ishtirokida davlat mukofotlarini tantanali topshirishga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi.
Davlatimiz rahbari yig`ilganlarni yuksak unvonlar, orden va medallarga sazovor bo`lgani munosabati bilan samimiy qutladi. Ular orqali barcha vatandoshlarimizni Konstitusiyamiz qabul qilinganining 25 yilligi bilan muborakbod etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoev bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar Konstitusiyamiz va Harakatlar strategiyasiga asoslanishini alohida ta`kidladi.
Davlatimiz rahbari yakuniga etib borayotgan yilda amalga oshirilgan ishlarga to`xtalar ekan, xalq bilan muloqotda bo`lib, odamlarning og`irini engil qilishga asosiy e`tibor qaratilganini qayd etdi.
Darhaqiqat, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da oddiy odamlar bilan muloqotning mutlaqo yangi va samarali tizimi yaratildi. Prezidentning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga 1,5 milliondan ziyod murojaat kelib tushdi va ularning 1 milliondan ortig`i ijobiy hal etildi.
Bugungi kunda dunyodagi nufuzli ekspert va mutaxassislar ham xalq bilan muloqotning bunday usuli jiddiy samara berayotganini e`tirof etmoqda.
Davlatimiz rahbari 2017 yilda amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilib, xalq bilan bamaslahat ish olib borgan odam ham, davlat ham hech qachon kam bo`lmasligiga, har qanday qiyinchiliklarni engib, o`zining ezgu maqsad-muddaolariga albatta erishishiga barchamiz kundalik hayotimizda ishonch hosil qilayotganimizni alohida ta`kidladi.