O`zPFL rahbariyati Oliy Liga-2014 sovrindorlari, O`zbekiston Kubogi-2014 sohibi, shuningdek, O`zbekiston Birinchiligi-2014 g`oliblarini pul mukofotlari bilan taqdirlash to`g`risida qaror qabul qildi. Bu haqda O`zPFL rasmiy sayti xabar bermoqda.
Qarorga ko`ra, 2014 yilgi O`zbekiston chempioni 500 million so`m mukofot puli egasiga aylanadi. Vise-chempionga 300 million, uchinchi o`rin sohibiga esa 200 million so`m topshiriladi.
2014 yilgi O`zbekiston Kubogi bahslari g`olibiga 200 million so`m mukofot puli beriladi. O`zbekiston Birinchiligi bahslari yakuniga ko`ra, Oliy Liga-2015 yo`llanmasini qo`lga kiritgan ikki klub esa 150 million so`mdan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Mavsum sovrindorlarini pul mukofotlari bilan taqdirlash to`g`risidagi tegishli to`ldirishlar 2014 yilgi musobaqalar Reglamentiga kiritilgan.
Qayd etish joiz, O`zPFL mavsumning eng kuchli klublarini mukofotlash amaliyotini 2013 yili boshlagan edi. Xususan, o`tgan mavsum oltin dublni rasmiylashtirgan Toshkentning “Bunyodkor” klubi O`zbekiston chempioni sifatida 100 million, O`zbekiston Kubogi sohibi sifatida 50 million so`mni qo`lga kiritgan edi.