Shahzoda Matchonova kutilmaganda kino olamiga kirib kelib, hatto o`zi kutmagan holda bu sohaning eng talabgor vakillaridan biri bo`la olgan aktrisa. Aksariyat rollarida og`ir-bosiq, boy xonadonning qizi yo kelini obrazida ko`rinadigan Shahzoda so`nggi ikki yil davomida kino olamidan umuman yiroqlashdi. Uni topish, nima ish bilan bandligini bilishga qiziqqan jurnalistlarning harakati bekor ketganiga guvoh bo`lganmiz. Mana, oradan ancha vaqt o`tib, aktrisa gazetamizga intervyu berdi...
- Sizni ko`rib turganimizdan hursandmiz. Doimgidek go`zalsiz!
- Rahmat! Men ham sizlar bilan yana diydorlashganimdan boshim osmonda.
- Tabiiyki birinchi savolim birdan ko`rinmay qolganingiz sabablari bilan bog`liq.
- (Kuladi) Bugungi uchrashuvda bu savolni chetlab o`tmasak kerak, degan taxminim o`z isbotini topdi. Intervyu aynan shu savol bilan boshlanishini bilgandim.
- Albatta-da! Kutilmaganda sizni “yo`qotib” qo`ydik...
- Ijoddan uzoqlashishimga biror bir asosli sababni ko`rsatishim qiyin. Shunday bo`lishini o`zim xohladim. Har bir ijodkorda shunday davr kelar ekanki, u albatta bir muddat tanaffusga chiqishi shart. Jismonan va ruhan toliqqanida albatta hamma narsadan dam olish kerakligini o`z misolimda his etdim. So`nggi vaqtlarda go`yo mexanizm bilan ishlaydigan ko`g`irchoqday rolimni shunchaki o`ynab beradigan bo`lib qolgandim. Rejissyor “Yig`la” desa yolg`ondan yig`lab, “kul” desa soxta kuladigan bo`lib qoldim. Bularning bari jonimga tekkandi, yolg`iz qolishni istadim. Qisqasi, tanaffusga chiqib, o`z ustimda ishlash, yangi kuch va g`oyalar to`plab so`ng kinoga qaytishga qaror qildim.
- O`tgan vaqt davomida nimalar bilan band bo`ldingiz?
- Sayyohat qilish barobarida ko`p kitob o`qidim, xorijiy filmlarni tomosha qildim. Ruhan o`zimga dam berish bilan band edim. Shuningdek, o`tgan vaqt mobaynida atrofimdagi odamlar sonini kamaytirdim. Hayotimni zaharlayotganlar bilan muloqotni to`xtatdim. O`tgan vaqt ichida faqat samimiy insonlar qurshovida bo`lish uchun astoydil intildim va bunga erishganimdan hursandman. Qolaversa, sog`lom turmush tarzida - muntazam sport bilan shug`ulanib, uzluksiz ravishta o`zim uchun qiziq xorijiy tillarni o`rgandim.
- O`zbek kinolarini ham kuzatingizmi?
- Ming afsuski, bunga imkonim bo`lmadi.
- O`tgan ikki yil ichida nahot bitta ham film ko`rmadingiz?!
- Yo`q, ko`rmadim...
- Gapingizdan anglash qiyin emaski, san`at sohasidan butunlay uzilib qolibsiz...
- O`zim bilan o`zim yolg`iz qolishim kerak, degan qarorimga rioya qildim, xolos. Ammo bugun ishonch bilan aytaman, san`atni sog`indim! Yangi o`zbek filmlarini tinimsiz tomosha qilgim kelaveradi. Sog`inchimga aynan o`rtadagi tanaffus sabab bo`ldi.
- Istaymizmi-yo`qmi bugun kino olamida ham reyting tushunchasi ustuvor. Tanaffusdan oldin o`z reytingingizga ega edingiz. Baridan vox kechib, shu vaqtgacha topganlaringizni yo`qotib qo`yishdan qo`rqmadingizmi?
- Reytingimni yo`qotish haqida hatto o`ylab ham ko`rmabman. Erishganlarimga rejissyorlar emas, filmlarimga baho bergan xalq sababchi. Shunday ekan, reytingimni o`z filmlariga chaqirmay qo`yadigan rejissyor belgilab berolmaydi. Yaxshi rejissyor bitta aktyor va aktrisa bilan cheklanmaydi. O`zbek kinosida ozgina bo`lsa-da, o`rnim bor ekan, bari yana iziga tushadi. Ketma-ket filmlarda suratga tushaverib, “avtomat” aktrisa bo`lgandan ko`ra, kam, ammo sifatli kinoda rol o`ynagan afzal ekanini angladim.
- Tanaffus payti ko`proq nimalar haqida o`yladingiz?
- Hech nima haqida o`ylamay, hayotning eng yaxshi tomonlaridan lazzatlanishga harakat qildim, xolos. Ming afsuski, ayrimlar faqatgina yaxshi kunimizda, yuqori pog`onada turganimizda biz bilan birga bo`lishar ekan... Hayotimda qanday voqea sodir bo`lishidan qat`i nazar tushkunlikka tushmaslikka harakat qilaman. Chunki, har bir voqeadan ijobiy xulosa chiqarishga odatlanganman. Yomonlik ortidan albatta yaxshilik kelishini unutmaslik kerak!
- Ijodga qaytdingiz, rejissyorlar tomonidan takliflarga ko`milib ketgandirsiz?
- Yil boshida uchta filmga taklif qilishdi. Ammo ayrim sabablarga ko`ra ularni rad etdim. Boisi yana o`sha ma`yus, boy xonadonning qizi rolini o`ynagim kelmadi. Ochig`i, bu kabi mavzudan juda charchaganman. Tomoshabinga ko`rinib turish uchungina yana bir xillikka rozi bo`lgim kelmadi.
- Sizningcha, o`zbek kinosiga nima etishmayapti?
- Iste`dodli rejissyorlar, mahoratli dramaturglar, qobiliyatli aktyorlar juda qo`p. Faqat ijodkorlarimizga ozgina jasorat etishmayapti, xolos. Rejissyor va prodyuser biror filmni suratga olishdan avval doim “Bunday mavzudagi filmga tomoshabin kelarmikin?” degan savolda to`xtab qolishadi. Negadir ular tomshabinni faqat yig`loqi yo bachkana hazillar bilan to`ldirilgan filmlarnigina tomosha qiladi, degan fikrda. Aslida xalqimiz ulardan kengroq doiradagi kinokartinalarni kutishyapti.
- O`tgan yili qoraqalpog`istonlik kinoijodkorlarning filmida rol ijro etdingiz...
- Ha, o`tgan yili Nukus shahrida suratga tushurilgan ushbu film uchun “Eng yaxshi aktrisa” mukofotini qo`lga kiritdim. Filmda o`zbek va qoraqalpoq xalqlarining o`zaro do`stona munosabatlari ko`rsatilgan. Nukus shahrida tug`ilganim uchun aynan o`sha xalqning qizi rolini talqin etish men uchun juda yoqimli bo`ldi.
- Ijodga qaytgan ekansiz, qandaydir natijalarni kutishingiz tabiiy, to`g`rimi?
- “Yuk”i bor rollarni kutyapman! O`ylaymanki, rejissyorlar ham meni boshqa ampluada ochib berishdan cho`chishmaydi.
- O`tgan ikki yil ichida shaxsiy hayotingizda nimalar o`zgardi?
- Uzr, shaxsiy hayotim haqida gapirmayman!
- Sabab?!
- Chunki, u mening hayotim! Uni omma oldida muhokama qilishni istamayman. Nasib qilsa, turmushga chiqsam ham ommaga oshkor etmay, oilaviy tadbir sifatida o`tkazishni niyat qilganman. Shaxsiy hayotimni shou tarzida ko`z-ko`z qilish men uchun emas! Ko`pchilikning davrasida “Falonchining bo`yi etibdi, oila qurishi kerak”, kabi fikrlarni ko`p eshitaman. Ammo bu borada mening qarashlarim butunlay boshqacha. Odam qachonki o`zini oilaviy hayotga ruhan tayyor, deb bilsa, jiddiy qadamni qo`yishi kerak. Odamlarning gap-so`zi, deb umrni garovga qo`yib bo`lmaydi. O`zimga kelsak, hali oilaviy hayotga tayyor emasman. Shuning uchun ham turmushga chiqish borasida rejalarim yo`q.
Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi





